TDYU rektori texnikum o‘quvchilari bilan uchrashdi

Xabaringiz bor, mamlakatimiz rahbarining 2020-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan yuridik texnikumlarni o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va axborot-resurslari jihatdan ko‘maklashish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Xakimovning Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi o‘quvchilari bilan uchrashuvi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Uchrashuv avvalida, R.Xakimov so‘z olib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, uning mazmun-mohiy ati, uzluksiz ta’lim tizimi xususida to‘xtalib o‘tdi hamda yuridik kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma’lumot berdi.

✅Ta’kidlanganidek, barcha muvaffaqiyatlarning kaliti bu ilm bo‘lsa, zamonaviy jamiyatning eng muhim qadriyati va asosiy kapitali — yangi bilimlarni izlash, egallash va noan’anaviy qarorlarni qabul qilishga qodir bo‘lgan insondir. Ayni shu omillarni inobatga olgan holda, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning har tomonlama barkamol avlod sifatida voyaga yetkazish, o‘z vaqtida va sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish uchun samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 2021-yilning yurtimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinishi yuqoridagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi mustahkam qadam bo‘ldi.

✅Davlatimiz rahbarining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlari Ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos keluvchi va oliy ta’lim tizimi bilan integrasiyalashgan ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari tarmog‘iga kiritildi.

✅2020-2021 – o‘quv yilidan boshlab yuridik texnikumlarga qabul Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirildi, nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, o‘quv jarayoni Kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa tizimi (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) asosida ta’limning kredit-modul tizimi joriy etildi.

Uchrashuv davomida, yangi 2021-2022 – o‘quv yilidan boshlab yuridik texnikumlarda TDYUning xorijiy hamkorlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini (double degree) amalga oshirilishi alohida qayd etildi. Shuningdek, rektor tomonidan oliy ta’limga kirish uchun davlat tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar va aholimiz uchun huquqiy maslahatlar olishga keng imkoniyat yaratish maqsadida yuridik texnikum bitiruvchilari huquqiy konsalting xizmatlarini yo‘lga qo‘yishi borasida ham so‘z yuritildi.

Tadbir yakunida R.Xakimov texnikum o‘quvchilari va o‘qituvchilari tomonidan o‘rtaga tashlangan muammolarni hal etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirib, ularni qiziqtirayotgan savollarga javob berdi.

Ulashing: