O‘zbekistonda aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkaziladi

O‘zbekistonda aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlandi, deya xabar qilmoqda Norma.

Qayd etilishicha, dastur bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

I bosqich – 2020–2021-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

II bosqich – 2022–2023-yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash;

III bosqich – 2024–2025-yillarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini jadal rivojlantirish, ularning intellektual salohiyati o‘sishi hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilash.

Quyidagilar dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash;
  • milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, respublikaning olis hududlarida va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
  • kitob savdosini tashkil etish tartiblarini soddalashtirish, yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish va axborot manbalarini tarqatish tizimini takomillashtirish;
  • kitob yetkazib beruvchilarni zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlarga moslashtirish, infratuzilmani yaxshilash, axborot-kutubxona markazlarini chop etiladigan bosma nashrlar va ularning elektron nusxalari bilan to‘ldirib borish, elektron kitoblar yaratish, kitoblarni raqamlashtirish va elektron kataloglarni tuzish hamda tizimli ravishda yangilab borish;
  • aholining kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini tizimli o‘rganib borish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish, kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish;
  • xorijiy asarlarga onlayn buyurtma berish, ularni respublika hududiga olib kelish va tarqatish tizimini hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish.

Qabul qilingan hujjatda har yili aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi”ni o‘tkazish hamda dasturni 2020–2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha quyidagilar nazarda tutilgan “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash belgilangan:

  • nashriyotlar tomonidan yozuvchilarga ajratiladigan gonorar masalasini takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
  • rassom, dizayner va badiiy muharrirlarga mualliflik haqini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqish;
  • kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash tizimini ishlab chiqish, “Eng yaxshi kitobxon hudud”, “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon ta’lim muassasasi” reytingini joriy etish va boshqalar.

Hujjat 2020-yil 14-dekabr kuni kuchga kirdi.

Ulashing: