Fargʻonada “Konstitutsiya bilimdoni” aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston “Adolat” SDPning “Vatan kelajagi yoshlar qoʻlida” loyihasi doirasida “Konstitutsiya bilimdoni” koʻrik-tanlovining Fargʻona viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.
Unda tanlov ishtirokchilarini holis va adolatli baholash maqsadida Oʻzbekiston “Adolat” SDP Fargʻona viloyat Kengashi raisi oʻrinbosari A.Umarov, Fargʻona viloyati Adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi E.Olimov, II darajali yurist B.Mavlonov, mahalliy Kengash deputati, partiya faoli Gʻ.Yuldashev hamda Fargʻona shahar 10-sonli umumtaʼlim maktabining Davlat huquq nazariyasi fani oʻqituvchisi J.Xomidovalar tarkibidan iborat hakamlar hayʼati tuzildi.
Tanlovning birinchi shartida ishtirokchilar taʼlim olayotgan muassasasi, tuman (shahar) partiya tashkilotlarining siyosiy-huquqiy va tashkiliy tuzilmasi haqida badiiy koʻrinish, taqdimot, videorolik tarzida oʻzlarini tanishtirib oʻtdilar.
Tanlovning ikkinchi shartida ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda amaldagi qonun hujjatlari, Oʻzbekiston “Adolat” SDP Ustavi va Saylovoldi dasturiga oid savollarga zukkolik va topqirlik bilan javob berdilar.
Ishtirokchilar uchinchi shart boʻyicha “Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mening tasavvurimda” mavzusida oʻzlarining erkin ijodiy ishlarini hakamlar hayʼati va tomoshabinlarga taqdim etdilar. Ishtirokchilarning sheʼr, rasm, esse, fotoalbom, taqdimot va videorolik tarzidagi ijodiy ishlari tanlovga koʻtarinki ruh bagʻishladi.
Tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, uchinchi oʻrinni Qoʻqon shahridan Qoʻqon tibbiyot kolleji oʻquvchisi O.Roʻzimatova, ikkinchi oʻrinni Uchkoʻprik tumanidan Uchkoʻprik tumani 2-sonli kasb-hunar maktabi oʻquvchisi E.Qurbonov hamda faxrli birinchi oʻrinni egallab, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini Fargʻona viloyati Yuridik texnikumi oʻquvchisi A.Anvarjonov qoʻlga kiritdi.
Gʻoliblar tashkilotchilarning “Diplom” va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
“Konstitutsiya bilimdoni” koʻrik-tanlovining Fargʻona viloyati bosqichida faxrli birinchi oʻrinni egallab, koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini Fargʻona viloyati Yuridik texnikumi oʻquvchisi A.Anvarjonov qoʻlga kiritdi.