«Sudlarda qatnashayotgan shaxslarga yanada qulayliklar yaratilmoqda» nomli maqola chop etildi

Sudlarda qatnashayotgan shaxslarga yanada qulayliklar yaratilmoqda

 

Soʻnggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash imkonini bermoqda.

Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4818-sonli qarori qabul qilinib, unga  koʻra 2020 ― 2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi qabul qilingan.

Dasturga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish boʻyicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish, 2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish tartiblari joriy etildi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab maʼmuriy sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi «Adolat» axborot tizimlari kompleksi joriy etildi.

Jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish, manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan maʼlumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish, sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish amalga oshirilmoqda.

Kegusida, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.

Xulosa oʻrnida, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan yuqorida qayd etilgan islohotlarni natijasida inson qadri ulugʻlanadi, sudda ishi koʻrilayotgan fuqarolar va yuridik shaxslar vakillariga yanada qulaylik va sharoitlar yaratiladi.

  Fargʻona viloyat maʼmuriy sudining sudyasi                                    Matmusayev Iqrorjon

Ulashing: