Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni SHHT sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qirg‘iziston rahbari mamlakat yetakchisiga har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqandda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini qayd etdi.
Prezidentlar strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan sermahsul ikki tomonlama hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zaro savdo jadal o‘sib bormoqda, yil boshidan uning hajmi 30 foizga oshdi.
Sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Butun Markaziy Osiyo mintaqasining rivojiga xizmat qiladigan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li va Qambarota-1 GES qurilishini tez fursatda boshlash muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.