Putinning Samarqandga tashrifi davomida 4,6 mlrd dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanadi
Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-sentabr kuni muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Vladimir Putin, o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik barcha darajalarda jadal va samarali rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
Tomonlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston–Rossiya sherikligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. E’tiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.
Sanoat kooperatsiyasi jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar boshlandi.
Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldi. Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.
Hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida 50 ga yaqin tashriflar bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, oktabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini o‘tkazishga kelishib oldi.
Shuningdek, prezidentlar tadbirlarga boy va keng ko‘lamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadi. Rossiya oliy ta’lim muassasalarining xorijdagi filiallari soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turadi. So‘nggi to‘rt yilda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.
Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. 2022-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshdi. Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.