«YURIDIK MATNDA TERMIN QO‘LLASH ME’YORLARI» mavzusidagi maqolasi chop etildi.

♻️ Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda texnikumning 1- bosqich «Sud-huquqiy faoliyat» yoʻnalishi, 24-22 guruh oʻquvchisi Sobirova Gulhayo Mo‘minjon qizi oʻzining iqtidori, serqirra faoliyati bilan turli sohalarda oʻtkazilgan konfirensiyalarda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

🔹 Jumladan, Rossiya Federasiyasi, Moskva. “Научный импульс, Международный современный научно-практический журнал” elektron-onlayn jurnalining 5-sonida «YURIDIK MATNDA TERMIN QO‘LLASH ME’YORLARI» mavzusidagi maqolasi chop etildi.


YURIDIK MATNDA TERMIN QO‘LLASH ME’YORLARI

Sobirova Gulhayo Mo‘minjon qizi. Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi o‘quvchisi.

Annotatsiya: Mazkur maqolada yuridik matn tuzishda so‘z tanlash, zarur so‘zni boshqa ma’nodagi so‘zlar qatoridan ajratib olish, so‘zlarni nutqning turiga, nutqning kimga atalganiga va maqsadiga ko‘ra tanlash lozimligi haqida so‘z yuritilgan. Terminlar umumiste’moldagi so‘zlardan o‘zigaxos ayrim xususiyatlari bilan farqlanishi, terminlarning o‘ziga xos belgilari, bir tarmoq terminlari tizimida sinonimiyayoki dubletning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yibbo‘lmasligi yuzasidan fikr bayon qilingan.

Kalit so‘zlar: Til, nutq, yuridik til, termin, terminshunoslik, yuridik matn, so‘z tanlash, ta’sirchan nutq, yuridik fikr, umumiste’moldagi so‘zlar, umumxalq tili, obrazlilik, ijtimoiy aloqa, muomalamadaniyati, terminologik ma’no.

Yuridik matn tuzishda so‘z tanlash, zarur so‘zni boshqa ma’nodagi so‘zlar qatoridan ajratib olish muhim ahamiyatga ega. So‘zlarni nutqning turiga, nutqning kimga atalganiga va maqsadiga ko‘ra tanlash lozim: huquqshunos-publitsist nutq uchun siyosiy-falsafiy ruhdagi o‘tkir, ta’sirchan so‘zlar, ilmiy nutq uchun termin xarakteridagi atama so‘zlar, badiiy nutq uchun esa badiiylik bo‘yog‘iga ega bo‘lgan, obrazlilikka xizmat qiladigan so‘zlardan foydalanadi. Rasmiy nutqning turli hujjatlar ko‘rinishlaridagi til xususiyatlari ham bir-biridan birmuncha farq qiladi. Tanlangan so‘z adabiy nutqqa xos, nutq madaniyati me’yorlari doirasida bo‘lishi lozim, chunki har qanday nutq – tarbiyalovchi omil, u eshituvchi va o‘quvchilarda to‘g‘ri so‘zlash va to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini, savodxonlikni tarbiyalaydi.

Huquqqa oid har qanday fikr, tushuncha, belgi, harakat-hodisa va munosabat so‘zlarda o‘z ifodasini topadi, ya’ni so‘zlardan, iboralardan, atama va terminlardan tarkib topgan ifoda qolipiga, ifoda shakliga tushmaguncha munosabat, ijtimoiy aloqa, muomala (fikrlashuv) yuzaga chiqmaydi. Yuridik fikrning voqe bo‘lishi ham, mavjudligi ham tilda namoyon bo‘ladi. Tilsiz, so‘zsiz hech qanday aniq va tayyor holdagi yuridik fikr bo‘lmaydi. Yuridik tilda fikr so‘zlar, sohaga oid terminlar va bular ishtirokida tuzilgan gaplar orqali shakllanadi va nutqda o‘z ifodasini topadi: til huquqning “tiriklik” shartidir. Shuning uchun ham til va huquq jamiyatga xizmat qiluvchi ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va ruhiy hodisalar hisoblanadi, til huquqqa ruh baxsh etuvchi vosita hisoblanadi.

Darhaqiqat, til yuristning tafakkur yuritish quroli bo‘libgina qolmasdan, balki huquqqa oid o‘tmish bilimlarni hozirgi avlodga yetkazish, huquqiy me’yorlar bilan fuqarolarni tanishtirish quroli hamdir. Bugungi boy ma’naviy merosimiz bo‘lgan huquqqa oid barcha bilim va ta’limotlarning mavjudligi va “tirikligi” ham til tufaylidir.

Davlatimizda bugungi kunda islohotlar eng qamrovda olib borilayotgan sharoitda qonunlar tili va uslubi, huquq terminologiyasi muammolari hamda zamonaviy yuristning nutq madaniyati masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har qanday turdagi islohotlar qonunlarni o‘zgartirmasdan amalga oshirilmaydi, bu esa o‘z-o‘zidan, yangi-yangi til birliklarining rivoj topishi uchun zamin hozirlaydi.

Terminlar umumiste’moldagi so‘zlardan o‘ziga xos ayrim xususiyatlari bilan farqlanadi. Birinchidan, so‘zlar fan-texnikaning ma’lum tarmog‘ida qo‘llanilib, iste’mol doirasi chegaralansa, terminlarga aylanadi. Masalan, guvoh, zarar, tuhmat, qo‘rqitish kabi umumiste’moldagi so‘zlar yurisprudensiya sohalarida ilmiy-rasmiy ma’nolarni ifodalab, hozirgi kunda terminlar tizimiga kirgan.

Guvoh so‘zi umumxalq tilida biror voqea-hodisa ro‘y bergan paytda shaxsan bo‘lgan, uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishi ma’nosini anglatsa, yuridik terminlar tizimida jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar haqida qonunda belgilangan tartibda so‘roq qilinadigan shaxs ma’nosiga ega atama hisoblanadi. Tuhmat so‘zi umumiste’molda birovni nohaq ayblash yoki qoralash, nomini yomonga chiqarish maqsadida o‘ylab chiqarilgan asossiz da’vo; bo‘hton. Masalan, Tuhmat tosh yoradi, tosh yormasa, bosh yoradi (Maqol). Bu so‘z yurisprudensiyada yuridik termin sifatida shaxsning qadr-qimmati va or-nomusiga qilinadigan tajovuz ma’nosini anglatadigan jinoyatning nomini anglatuvchi termindirdir (JK, 139-modda).

Bundan tashqari jazo, jarima, ko‘zdan kechirish, mulk, omonat, topshiriq, qarzdor, hadya, shikoyat, da’vo kabi umumiste’moldagi so‘zlar ham yurisprudensiya sohasida yuridik tushunchalarni bildiradi. Bunday so‘zlar chegaralangan ma’noda qo‘llanilib, terminologik ma’no hosil qiladi.

Ikkinchidan, termin nominativ (nomlash) vazifani bajaradi. Terminning ma’nosi adabiy til me’yorlari doirasida tushunchaga teng bo‘ladi. Chunki bir terminologik tizimda termin bir ma’noli bo‘lgani uchun uning ma’nosi tushunchaga teng keladi. Ya’ni terminlar bir ma’noni ifodalovchi maxsus rasmiy so‘zlardir. Ko‘p ma’noli birgina so‘z esa bir necha tushunchani ifodalaydi.

Uchinchidan, termin aniq, konkret tushunchalarni bildirib, his-hayajon ma’nolaridan xoli bo‘ladi. So‘zning ma’nosi murakkab bo‘lganligi bois unda tushuncha qo‘shimcha ma’no va uslubiy belgilarga ega bo‘ladi. Shunga ko‘ra tilda bir tushunchani anglatadigan sinonimlar turli ma’no qirralari yoki uslubiy qo‘llanilishi bilan bir-birlaridan farq qiladi. Ayniqsa, yuridik sohada sinonimik qator hosil qilgan so‘zlarni ma’no nozikliklariga ko‘ra farqlab ishlatish maqsadga muvofiqdir. Masalan, inson, odam, kishi, shaxs, bashar, fuqaroso‘zlari bir umumiy tushunchani bildirib, sinonimlar hisoblansa-da, biroq turli ma’no qirralariga ko‘ra bir-biridan farqlanadi: davlatfuqarosideyish o‘rinli, biroq davlatinsoniyoki davlatshaxsideb matnga kiritish mumkin emas.

To‘rtinchidan, terminlarning yana bir o‘ziga xos belgisi shundaki, terminlar rasmiylashgan so‘zlar bo‘lganligi sababli respublika miqyosida, hatto dunyo miqyosida bir tushunchani anglatadi. Bunga xalqaro terminlarni misol sifatida keltirishimiz mumkin: impichment, demokratiya, respublika, prezident, parlament, amnistiya, deputat, konstitutsiya, kriminologiya va h.k. Bunday terminlar yer yuzining barcha qit’alarida bir xil ma’noda qo‘llaniladi.

Shuningdek, terminlar muayyan bir sohaga oid bo‘lib, muayyan mutaxassislar tomonidan maxsus qabul qilingan, rasmiylashgan leksik birliklar sanaladi. Shuning uchun bir tushunchani ifodalovchi terminni boshqa bir so‘z bilan almashtirish mumkin emas. Ya’ni bir tarmoq terminlari tizimida sinonimiya yoki dubletning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Masalan, huquq, burch, shaxs, subyekt, yuridik shaxs, kriminalistika, demokrat, tergovchi, modda, jinoyatkabi terminlar o‘rniga muqobil variantlar izlash nojoizdir.

Xulosa qilib aytganda, yuridik til o‘ziga xos lug‘aviy birliklari, gap qurilishi, uslubiy jihatlari hamda huquqqa oid tushunchalarni ifodalovchi terminlari bilan ajralib turadi. Huquqshunoslikka doir barcha manbalar yuridik tilda yoziladi. Tergov jarayoni, sud, advokat faoliyati, qonunlar ifodasi ham yuridik til asosida yuzaga chiqadi. Shunday ekan, yuridik sohaga oid matnlarni tuzishda har xil noo‘rin qaytariqlar, so‘z takrorlari, tushunilishi qiyin ifodalar hamda ortiqcha sifatlashlar, ko‘chma ma’noli so‘zlarni ishlatishdan tiyilish, sohaga xos bo‘lgan terminlarni o‘z o‘rnida qo‘llay bilish mutaxassisdan yuksak mahorat va bilim talab qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. O‘zbеkistоn Rеspublikаsining Kоnstitutsiyasi. T.:O‘zbеkistоn, 2012.

2. Usmonov S. Yuristning nutq madaniyati. T., 2007.

3. Usmonov S. O‘zbek tili. T., 2012

4. Bеgmаtоv E., Mаmаtоv А. Аdаbiy nоrmа nаzаriyasi. T.: 2003.

5.O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Tuzuvchilar: Sh.Raxmatullayev, A.Hojiyev.

6. Mirtоjiyеv M., Mаhmudоv N. Til vа mаdаniyat. T.:O‘zbеkistоn, 1992.

7. Nе’mаtоv H., Bоzоrоv О. Til vа nutq. T.: 1993.

8. Mahmudov N., Rafiyev A., Yo‘ldoshev I. Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish. T.:2014.



Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: