«Saylov jarayoni bilan bog‘liq umumiy masalalar» mavzusida maqola

Saylov jarayoni bilan bog‘liq umumiy masalalar

Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.

Tabiiyki, jamiyat va davlatning taraqqiyoti hamda yorqin kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro o‘zining fuqarolik pozitsiyasi masʼuliyatidan kelib chiqib, bu jarayonlarda faol ishtirok etishi, mamlakatimiz va fuqarolarning, yosh avlodning istiqboli uchun deputatlikka munosib nomzodlar hamda partiyalar uchun ovoz berishi muhimdir.

So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi davlat qurilishi va boshqaruvi sohasida xalqaro standartlar hamda bugungi kun talablariga javob beradigan demokratik mexanizmlarni takomillashtirishni taʼminlashgan qaratilgan juda salmoqli islohotlar amalga oshirildi.

Avvalo, O‘zbekiston Respublikasida saylov jarayonlarini tartibga soladigan bir qator qonun hujjatlari takomillashtirilib, yagona kodeks holatiga keltirildi va 2019-yil 25-iyunda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi.

Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXII-bobi saylov tizimi deb nomlanib, o‘zida saylov tizimi bilan bog‘liq konstitutsion normalarni aks ettirgan 128-129-moddalarni o‘z ichiga oladi. Yangi O‘zbekistonda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari boshqa har qanday qonun normalardan ustun bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga asosan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zida bevosita saylov tizimiga oid tartib-qoidalarni aks ettirgan O‘zbekiston Respublikasi saylov kodeksining 3-moddasida yuqorida aytib o‘tilgan O‘zbekiston Respublikasida saylov o‘tkazishning asosiy prinsiplari eʼtirof etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi. Mazkur prinsiplarning mazmun-mohiyatini quyidagi qonun normalari orqali izohlash yoki tushunib olish mumkin: yaʼni umumiylik – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiy bo‘lib, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. O‘z navbatida, fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Teng saylov huquqi prinsipi mohiyatini saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘lishida, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylanishi mumkin emasligida hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligida, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasliga ko‘rishimiz mumkin.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi prinsipining mohiyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari fuqarolar tomonidan bevosita saylanishini nazarda tutuvchi norma yoritib beradi.

Yashirin ovoz berish prinsipining mazmuni saylovda erkin va yashirin ovoz berilishi, saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanishini eʼtirof etuvchi normalarda eʼtirof etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 129-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuzilishi belgilangan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning yangi taraqqiyot bosqichida saylov qonunchiligi va amaliyotiga joriy etilishi nazarda tutilib, Markaziy saylov komissiyasi boshchilik qiladigan markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimini tashkil etishning ahamiyati va zarurati haqida fikr bildirildi.

Demak, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, bundan buyon mamlakatimizda saylov komissiyalari tizimini – Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman (shahar) saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari, shuningdek uchastka saylov komissiyalari tashkil etishi hamda ushbu vertikal tizimga Markaziy saylov komissiyasi bevosita boshchilik qilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.

Saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti to‘g‘risida xabardor etadi, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar to‘g‘risidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib borilishi demokratik muhitning yaratilganligi hamda amal qilishining muhim belgisidir.

Aytib o‘tish o‘rinli bo‘lgan muhim jihatlardan yana biri, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 18-dekabrdagi O‘RQ-883-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni bilan Saylov kodeksiga bir qator o‘zgartishlar kiritildi.

Albatta ushbu o‘zgartirishlarni kiritish jarayonida xorijiy davlatlar saylov qonunchiligi va amaliyotining ijobiy jihatlari o‘rganib chiqildi, jumladan, aralash saylov tizimi (majoritar, proporsional) xususida gap ketganda Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Meksika, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlar parlamentlari aralash saylov tizimi bo‘yicha shakllanishini ko‘rish mumkin. Yaʼni bunda mamlakatimiz saylov tizimiga aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimini joriy etish va shu orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini yangi tizim asosida o‘tkazish, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining (mutlaq ko‘pchilik) emas, balki boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq (nisbiy ko‘pchilik) ovozini olgan nomzod deputat etib saylangan deb hisoblanishini nazarda tutuvchi muhim va dolzarb yangiliklar taklif etildi.

So‘zimiz yakunida kelgusida yurtimizning har tomonlama taraqqiy etib rivojlangan davlat qatoridan o‘rin olishi bugungi kun saylovlarida fuqarolarning faol va sobitqadamlik bilan yondashishiga, saylov qonunchiligining yaxshi bilib amal qilishlariga qanchalik bog‘liq ekanligini taʼkidlash o‘rinlidir.

Ubaydullayev Ilxomjon Raxmatovich
                                                        Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi
«Mutaxassislik fanlari» kafedrasi o‘qituvchisi, 2-darajali yurist.  

Ulashing: