«Saylov byulleteni muhim hujjat» mavzusida maqola chop etildi

Saylov byulleteni muhim hujjat

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlar uchun start berilib, jadal surʼatlar tashkiliy va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Albatta saylovlar davlat va jamiyat hayotida muhim siyosiy voqelik hisoblanadi. Chunki deputatlikka nomzodlar hamda siyosiy partiyalar kelgusida jamiyat hayotining turli sohalarida yechimini kutib turgan masalalar yoki jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan ilg‘or dasturlarini ilgari suradilar.

Mamlakatimizda saylov jarayonlarini huquqiy tartibga solishga qaratilgan normativ asoslar, huquqiy mexanizmlar yaratilgan bo‘lib, takomillashtirib borilmoqda. Mazkur qonunchilik normalari ushbu saylov jarayonlarini shaffof hamda demokratik ruhda tashkil qilinib o‘tkazilishiga xizmat qiladi.

Saylov jarayonlarini shaffof va adolatli o‘tishida, xalq o‘zi munosib ko‘rgan nomzod hamda partiyalarga ovoz berishida saylov jarayonining muhim hujjatlaridan biri saylov byulletenlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Saylov kodeksida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash, saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilab berishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan Saylov kodeksining 5-bobi “Saylov byulleteni” deb nomlanib, mazkur bobda saylov byulletenining mazmuni, saylov byulletenlarini tayyorlash va yetkazib berish berish bilan bog‘liq normalar o‘z aksini topgan.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 31-moddasida saylov byulletenining mazmuniga doir qoidalar belgilangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni namunasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.

Saylov byulletenining o‘zida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.

Saylov kodeksiga muvofiq saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etilishi belgilangan . Shunga ko‘ra, saylov byulletenlari O‘zbekistondagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida chop etiladi.

Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 32-moddasi saylov byulletenlarini tayyorlash va yetkazib berish bilan bog‘liq qoidalarni ifodalaydi.

Ushbu modda talablaridan kelib chiqib aytish mumkinki, saylov byulletenlarini uchastka saylov komissiyalari ovoz berish kuniga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalaridan oladi. Saylov byulletenlarining topshirilganligi hamda qabul qilinganligini tuman, shahar va uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

Maʼlumki, saylov jarayonlari mamlakatimiz hududidan tashqarida ham o‘tkaziladi va bunda vaqtincha xorijda yashayotgan yoki ishlayotgan O‘zbekiston fuqarlari ham ishtirok etadilar. Mazkur vaziyatlarda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini taʼminlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni saylov uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan saylovchilar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas. Saylov byulleteni o‘ng tomonining yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki aʼzosi imzo qo‘yadi, imzolar uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.

Yuqorida bayon qilingan fikrlardan kelib chiqib saylov byulleteni saylov jarayonining muhim rasmiy hujjati ekanligi, uni soxtalashtirish yoki foydalanish tartibini buzish qonunbuzilish holatlarini keltirib chiqarishi mumkinligini taʼkidlash mumkin.

Meliboyeva Dilnoza Ergashevna

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi “Umumta’lim fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi, 3-darajali yurist.

Ulashing: