Shavkat Mirziyoyev: “Har bir yosh haqida ota-onasi qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman”

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, to‘qimachilik, charm-poyabzal tarmoqlaridagi korxonalar faoliyati bilan tanishish, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida 4-fevral kuni Farg‘ona viloyatiga jo‘nab ketgandi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari ko‘zdan kechirgan birinchi manzil Oltiariqdagi uzumchilik kooperatsiyasi bo‘ldi.
Xabarda aytilishicha, ushbu kooperatsiyaning 6 gektarlik tokzori o‘rnida ilgari paxtadan 20, g‘alladan 25 sentner hosil olinar edi. 2020-yili bu yerda bog‘ yaratilib, “xusayni”, “kelin barmoq”, “rizamat” navli uzum ko‘chatlari ekilgan. Qator oralarida pomidor, bodring, ko‘katlar, qalampir va boshqa sabzavotlar yetishtirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.

Eng muhimi, bu maydon 51 nafar yoshga, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlariga ajratib berilgan. Ular plyonka ostiga sabzavotlar ekib, to‘rt martagacha hosil olishi mumkinligini aytishdi.
“Har bir yosh haqida ota-onasi qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman. Yoshlarni tezroq ish bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlarimizdan biri hozircha shu. Hayotda o‘rnini topgan insonda o‘ziga ishonch, intilish paydo bo‘ladi. Bugun yoshlarga daromad manbayi yaratib, ish o‘rgatib, tetapoya qilsak, 2—3 yildan keyin hech kimga qaram bo‘lmaydi — bankda hisob-raqami bo‘ladi, uy oladi, yaxshi yashaydi, bolalarini yaxshi tarbiyalaydi”, — degan Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatda.
Prezident yoshlarga o‘qib-o‘rganib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar berdi. Shuningdek, yerlarni ajratib berish orqali Farg‘ona viloyatida 200 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Qayd etilishicha, “Fayzli bog‘lar sari” uzumchilik kooperatsiyasining umumiy yer maydoni qariyb 130 gektar. Shundan 40 gektar maydonda tokzor, 90 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etilgan. Ikki ming tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, yuk mashinalari bor. Yetishtirilgan mahsulotlarning katta qismini eksport qilish rejalashtirilgan.
Shu yerda Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Ulashing: