Joriy yilning 17 iyul kuni texnikumda Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni mazmun-mohiyatini yetkazish yuzasidan seminar oʻtkazildi.
Tadbirda viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Fargʻona viloyat boshqarmasi va uning tuman (shahar)lardagi mutaxassislari, Musulmonlar idorasi vakillari, diniy tashkilotlar imom-xatiblari va rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida yangi tahrirda qabul qilingan Qonun bilan har bir insonning vijdon erkinligini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligi, huquqni qoʻllash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida eʼtibor qaratilganligi taʼkidlanib, Qonunga kiritilgan yangiliklarning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminarda asosiy eʼtibor mazkur Qonun diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga, dinning asl mohiyatini anglashga, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi immunitet hosil qilishga, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshishiga qaratildi.
Tadbirda diniy tashkilotlar imom-xatiblari va rahbarlari mazkur sohada oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Yakunda tadbir ishtirokchilariga Qonunga kiritilgan yangiliklar aks ettirilgan flayer va bukletlar tarqatildi.