«Intellektual mulk himoyasi rivojlangan mamlakatlar tajribasida» mavzusidagi maqola

 Intellektual mulk himoyasi rivojlangan mamlakatlar tajribasida

Intellektual mulk inson tomonidan yaratiladigan ijodiy aqliy faoliyat mahsuli hisoblanib, oʻz navbatida iqtisodiyot rivojlanishining tarkibiy qismlaridan biridir.
Misol uchun, hozirda butun dunyoda iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning barchasida intellektual mulk rivojlangan boʻlib, ushbu davlatlarda intellektual mulkning ichki yalpi mahsulotdagi ulushi yuqoridir. Xususan, koʻrsatkichlarga eʼtibor bersak, intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada esa 7 foizni tashkil etishini koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, Intellektual mulkning iqtisodiyotga keltiradigan foydasi juda katta boʻlib, quyidagi misol orqali buni koʻrish mumkin. Jumladan, 1837-yilda tashkil etilgan “Procter&Gamble” kompaniyasi brend boshqaruvi tizimini yaratuvchisi hisoblanib, kompaniya bugungi kunda 43 ta brendga egalik qiladi. Ulardan 23 tasi 1 mlrd. AQSH dollardan ortiq tovar aylanmasiga ega, qolgan 20 ta brend esa 500 mln. AQSH dollari sotuvga ega. Aynan mazkur brendlar kompaniya rivojlanishi lokomotivi hisoblanadi va yiliga mahsulot sotuvi oʻsishini 10 foizga taʼminlaydi.
Statistik koʻrsatkichlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, jahonda jami 8.000.000 ta patent roʻyxatga olingan boʻlib shundan 4.000.000 tasi AQSHga tegishlidir. Har yili esa yana 600 – 700 ming patent qoʻshilib boradi. Ixtirochilik daromadli biznes boʻlib, patentlar va nou-xaular boʻyicha litsenzion ajratmalarning umumiy summasi yiliga 250 mlrd dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, jahonning rivojlangan mamlakatlarida aholi ixtirochilik faolligining eng yuqori koeffitsiyenti 2011-2015-yillarda Yaponiyada 10 ming aholiga 28,5–30,5 talabnomani, Koreya Respublikasida 15,5–25,1 talabnomani, AQSH da 6,2–7,0 talabnomani, Germaniyada 5,9–6,4 talabnomani, Finlyandiyada 3,5–4,6 talabnomani, Daniyada 3,1–3,4 talabnomani, Buyuk Britaniyada 2,9–3,4 talabnomani, Rossiyada 1,65-2,5 talabnomani tashkil etishi kuzatilgan boʻlib, Oʻzbekistonda esa 2011-2015-yillarda 0,09-0,21 talabnomani tashkil etishini koʻrish mumkin.
Hozirgik kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4168-sonli “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4380 -sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 609 -sonli qaroriga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4965-sonli Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq hozirgi kunda intellektual mulkni rivojlantirish va uni huquqiy himoya qilish borasida mamlakatimizda ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2019-yilda Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligining tizimiga oʻtkazildi hamda vazirlik tomonidan aynan mazkur sohada keng koʻlamli islohotlar oʻtkazib kelinmoqda hamda mazkur tizimli islohotlarni amalga oshirilishi natijasida intellektual mulk muhofazasi va rivojiga eʼtibor kuchaytirildi.
Jumladan, intellektual mulk sohasiga korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari joriy etilib, Agentlik amaliy tajribaga ega boʻlgan kadrlar bilan toʻldirildi va ularni moddiy ragʻbatlantirish choralari kuchaytirildi. Intellektual mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda talabnomalarni qabul qilish jarayoni toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi, bu esa oʻz navbatida mamlakatimizda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Adliya vazirligi tomonidan qisqa muddat ichida qilingan ushbu ishlar intellektual mulk sohasini har tomonlama rivojlantirish va obyektlarining ishonchli huquqiy himoya qilishga xizmat qilib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 12-oktyabrda oʻtkazilgan yigʻilish davomida intellektual mulk sohasini rivojlantirish sohasida soha mutaxassislariga bir qator ustuvor vazifalar yuklandi. Bunda Intellektual mulk agentligi, barcha tarmoq va sohalar hamda hududlarga intellektual mulk muhitini tubdan yaxshilash, bunda har bir idora, tarmoq va sohaga intellektual mulk obyektlarini kiritish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish, barcha vazirlik va idoralar, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va hududlar bilan birga, keng muhokamalar asosida intellektual mulk sohasini rivojlantirishning aniq vazifalarini qamrab olgan uch yillik dasturni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish hamda ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga boʻlgan huquqlarning buzilishi yuzasidan yangi normalar kiritildi, shuningdek, intellektual mulk sohasida sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarga belgilangan maʼmuriy jarimalar miqdori oshirildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2021-yilda 298 ta ixtiro, 199 ta foydali model va 148 ta sanoat namunasi, 66 ta seleksiya yutuqlari, 4849 ta tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilganligi yurtimizda tovar belgilariga ega boʻlish talabining oshishini kuzatish mumkin.
Agar 1980-yillarda Oʻzbekistonlik talabnoma beruvchilardan ixtirolarga yiliga oʻrtacha 2170 tadan talabnoma topshirilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 298 tani tashkil etmoqda.
Shuningdek, Agentlik tomonidan 2021-yilda 120 ta taqdimnoma, 600 ta ogoxnoma va 130 ta holat boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirilgan hamda Agentlik koʻmagida shoirlar Y.Ruziyev va U.Azimlarning mualliflik huquqlarini fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda himoya qilindi.
Bundan tashqari Mualliflik va turdosh huquqlar yoʻnalishida Oʻzbekiston Kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi arizasiga muvofiq “Ozod yurt toʻlqinlari” MCHJ (MY5 telekanali) direktori D. Mamaturdiyev maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi, K. Matyoqubovning arizasi asosida “Fan” nashriyoti tomonidan uning “Sulton Jaloliddin Manguberdi” asarini tegishli shartnoma qilmasdan chop etilganligi yuzasidan nashriyotga taqdimnoma kiritish orqali K. Matyoqubovga 25 mln. soʻm miqdorida mualliflik haqi toʻlanishi taʼminlanganligi, B.Mirkomilovning arizasi asosida uning mualliflik obyektidan qonunga xilof ravishda foydalangan “Maktabgacha taʼlim metodikasi” MCHJdan 3,5 mln. soʻmlik mualliflik haqi toʻlanishi taʼminlanganligi va boshqalarni misol qilish mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, jahonda hamda mamlakatimizda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida ham aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda, bu esa oʻz navbatida intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga barham beradi hamda mazkur sohada iqtisodiyot, innovatsiyalar, madaniyat, adabiyot va sanʼatni rivojlantirish, fan-texnika yutuqlarini amaliyotga samarali tatbiq etish natijasida mamlakatning iqtisodiy va intellektual salohiyatini yanada oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xuzuridagi Intellektual mulk agentligi

Fargʻona viloyat intellektual mulk himoyasi markazi yetakchi mutaxassisi A.Mamadaliyev

Ulashing: