Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari do‘st Pokiston bosh vazirini O‘zbekistonga tashrifi bilan samimiy qutlab, Samarqanddagi SHHT sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Shahboz Sharif samimiy qabul hamda Pokistondagi suv toshqinlaridan jabrlanganlarga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekistonga tashakkur izhor etdi. Pokiston O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yetakchilar ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini batafsil ko‘rib chiqdi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilda ular 47 foizga, 2022-yil boshidan yana 10 foizga oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 200 taga yetdi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Transafg‘on temiryo‘li loyihasini tezlashtirish, savdo uchun to‘siqlarni bartaraf etish, tovarlarni o‘zaro yetkazib berish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ulashing: