“Gender tengligi va ayollarning huquqlari” nomli maqola chop etildi.

“Oʻzbekistonda ilmiy tadqiqotlar” mavzusidagi davriy anjuman materiallari” Respublika ilmiy-uslubiy elektron-onlayn jurnalining 43-sonida texnikumning 1-bosqich “Davlat-huquqiy faoliyati” yo‘nalishi 12-21 guruh o‘quvchilari Muhammad Ayub Farangiz Bori Shoh qizi va Odilova Mohira Raxmonali qizining “Gender tengligi va ayollarning huquqlari” nomli maqolasi chop etildi.

Gender tengligi va ayollarning huquqlari

Kalit so`zlar: Ushbu maqolada bugungi kunning dolzarb mavzusi bo’lgan gender tenglik masalasi, olib borilayotgan islohotlar va qonunchilikdagi yangiliklar keltirib o’tilgan.

Annotatsiya: Gender tenglik, qonun, nizo, Oliy majlis, Senat,Konstitutsiya, normativ-huquqiy hujjatlar, .

Hayot shiddat bilan o’zgarayotgan davrda jamiyat ham taraqqiy etar ekan, insonlar ham zamon bilan hamnafas bo’lishga harakat qilashadi. Bu ayollarga ham tegishlidir. Endilikda ayollar faqat uy-ishlari, bola tarbiyasi bilan shug’ullanib, “ yo oila, yo ish” ,- degan fikrlar gender tengligiga to’sqinlik qiladi. Ko’rib turibmizki, rivojlanishning eng o’tkir muammolaridan biri tenglikka erishish, ayniqsa, jamiyatda ham, oilada ham erkak va ayolning gender tengiligiga erishish eng og’ir masalalardan biridir. Ming afsuski, xotin-qizlar ko’pincha rivojlanish jarayonidan chetda qoladi va hatto unda ishtirok etgan taqdirda ham juda katta qiyinchiliklar, yo’qotishlar (bunda ko’pgina hollarda oilaviy nizolar, ajrimlar) evaziga erishadi. Mazkur holatlarningni oldini olishda 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan  “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasining qonuni xotin-qizlarning jamiyatdagi o’rniga qaratilgan huquqiy himoya, huquqiy kafolat siaftida ma’qullangandi. Bundan tashqari  O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi mustahkamlab qo’yilgan. Ayollar haqida koʻp ulugʻ soʻzlar aytilgan va aytiladi. Ammo hayotda opa-singillarimiz shu ulugʻ soʻzlardagi kabi eʼzoz koʻrmoqdami? Konstitutsiyamizni sinchiklab oʻqisangiz, ayollar qadr-qimmati, huquqlari himoyasi boʻyicha juda insoniy meʼyorlar belgilangan. Bugun turmushda ular roʻyobga chiqmoqdami?..

Gender tengligi nafaqat insonning asosiy huquqi, balki tinch, farovon va barqaror dunyo uchun zarur poydevordir.

So’nggi o’n yilliklarda gender tenglik masalalarida rivojlanish kuzatilmoqda : ko’proq qizlar maktabga boryapti, kamroq qizlar erta turmushga chiqishga majbur qilinmoqda, ko’proq ayollar parlamentda va rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda, gender tengligini oshirish uchun qonunlar isloh qilinmoqda. 2030-yilgacha gender tengligi xususiy va davlat sohalarida ayollar huquqlarini cheklab qo’yayotgan kamsitishning ko’plab asosiy sabablarini bartaraf etish bo’yicha shoshilinch choralar ko’rishni talab qiladi. Masalan, kamsituvchi qonunlarni o’zgartirish va tenglikni faol rivojlantirish uchun qonunlarni qabul qilish kerak. Shunga qaramay, 49 mamlakatda ayollarni oiladagi zo’ravonlikdan himoya qiluvchi qonunlar hali ham mavjud emas, 39 ta davlatda esa qizlar va o’g’illar uchun teng meros huquqi mavjud. Gender asosidagi zo’ravonlikka barham berish bugungi kunda dunyodagi eng dolzarb masaladir. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan oʻlchab, qiyoslab boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanliklari mustahkamlab qoʻyilgan, davlatimiz Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi, xotin-qizlarning siyosiy huquqlari toʻgʻrisidagi, bir xil qiymatga ega boʻlgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi konvensiyalarga qoʻshilgan.

Oʻtgan toʻrt yilda yurtimizda ayollar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirishga doir 15 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan va ijroga qaratilgan. Xususan, oʻtgan yili ikkita muhim hujjat – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.

Prezidentimiz qabul qilgan bir qator farmon va qarorlar davlat tashkilotlariga ayollar huquqlari bilan bogʻliq vazifalarni belgilab, ularning masʼuliyatini oshirdi. “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ana shunday muhim hujjatlardan biri.

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Alohida Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etilib, u xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi ishlarning holati toʻgʻrisida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etishi belgilab qoʻyildi.

Endilikda davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining oʻrinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.

Qonun ijodkorligiga “normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi”, degan yangi institut kirib keldi.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chogʻida teng huquqlilikni, jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni kafolatlashi mustahkamlab qoʻyildi.

Respublika boʻyicha turli korxonalarda ishlayotgan rahbar ayollar 2017-yili 44,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 45,3 foizga yetgan.

Vazirlar Mahkamasining “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Oʻzbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadi gender tenglikni taʼminlash, barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan. Unga koʻra, 2030-yilga borib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtirokini, yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash zarur.

Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Konstitutsiyamizda belgilangan ayollarning haq-huquqlarini roʻyobga chiqarish, ularning qadr-qimmatini oshirish boʻyicha yuqoridan quyigacha amaliy tizim yaratildi. Mana shu yangi tizim samarali ishlashi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur.

Adabiyotlar ro’yxati:

1)    O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi

2)    Xalq so’zi [20 Noyabr 2020 ]

3)    “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”

4)    “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida” gi Qonun

5)    “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida” gi Qonun



Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: