Farg’ona viloyati yuridik texnikumiga Farg’ona shahridagi 4-son umumta’lim maktabi 11-sinf bitiruvchilari tashrif buyurib, texnikumda yaratilgan shart-sharoitlar hamda texnikumga qabul qilish tartibi bilan atroflicha tanishish imkoniyatiga ega bo’lishdi.
Xususan, davlat huquqiy faoliyat, yuridik xizmat va sud huquqiy faoliyat kabi yo’nalishlar o’quvchilarda katta qiziqish uyg’otdi.
Darhaqiqat, texnikumda o’quvchilarning zarur bilim olishlari uchun o’quv va moddiy-texnik baza yaratilgan. Ayni chog’da innovatsion xona, sud zali, axborot resurs markazi, konferentsiya zali, zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimi bilan jihozlangan faollar zallari samarali faoliyat ko’rsatmoqda.
“Ochiq eshiklar kuni” texnikum hamda umumta’lim maktablari o’rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda o’quvchilarga texnikum faoliyati bo’yicha bukletlar taqdim etildi.