O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA UZLUKSIZ BOSHLANG‘ICH, O‘RTA VA O‘RTA MAXSUS PROFESSIONAL TA’LIM TIZIMINI TARTIBGA SOLUVCHI NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5812-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar maktablarining namunaviy ustavi 2-ilovaga muvofiq;
O‘rta professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kollejlarning namunaviy ustavi 3-ilovaga muvofiq;
O‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlarning namunaviy ustavi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Tizimida o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kollejlar va texnikumlar bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tasdiqlangan namunaviy ustav asosida ta’lim muassasalarining ustavlarini ishlab chiqsinlar hamda ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasinlar.
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovagamuvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- Vazirlar Mahkamasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 16-apreldagi 232-son qarorigamuvofiq kasb-hunar maktablarida boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida ta’lim oladigan o‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlash tartibi 2021/2022 o‘quv yilidan joriy etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-avgust,
466-son
4-bob. O‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish
- O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash qoidaga ko‘ra, yozgi ta’til davrida, tegishli kurs (semestr)da o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.
- O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash o‘quvchining (o‘quvchi voyaga yetmagan bo‘lsa uning ota-onasidan birining yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) arizasi va professional ta’lim muassasasi tomonidan berilgan akademik ma’lumotnoma, o‘quvchining kursdan kursga o‘tganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma, o‘quvchi pasporti nusxasi, voyaga yetmagani sababli pasporti bo‘lmaganda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ota-onasi (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning doimiy yashash joyi ko‘rsatilgan pasporti nusxasidan iborat hujjatlar yig‘ma jildi asosida ko‘rib chiqiladi.
- O‘quvchilarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashda professional ta’lim muassasasi direktori tomonidan ta’lim dasturlaridagi farqlarni yoki qarzlarni topshirish tartibi va muddatlari (ikki oydan ortiq bo‘lmagan), shuningdek, o‘quvchilarni o‘qitish kursi belgilanadi.
- Professional ta’lim muassasasi miqyosida bir darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish yoki ta’lim shaklini o‘zgartirish masalasi mazkur professional ta’lim muassasasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
- Boshlang‘ich professional ta’lim dasturida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishini umumiy o‘rta ta’limning 10 yoki 11 sinflarida yoki boshqa boshlang‘ich professional ta’lim dasturlarida ta’limni davom ettirishi uchun o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha murojaat etishlari mumkin.
Umumta’lim maktablarida o‘qishni davom ettirish istagidagi o‘quvchilarning arizalari tegishli Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan o‘quvchining umumta’lim maktablarida o‘qishni davom ettirishini hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalariga yuboriladi.
O‘qishni ko‘chirish hudud miqyosida tegishli Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi, bir mintaqadagi professional ta’lim muassasasidan boshqa mintaqaning (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) professional ta’lim muassasasiga ko‘chirish Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqiladi.
- Davlat granti asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashda ularga davlat granti asosida ta’limni davom ettirish imkoniyati beriladi.
- O‘rta professional ta’lim dasturlari doirasida o‘qishni boshqa ta’lim muassasalariga ko‘chirish qabul qiluvchi ta’lim muassasasi bo‘ysunuvchi tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
- O‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish qabul qiluvchi ta’lim muassasasi tegishli bo‘lgan oliy ta’lim muassasasining xulosasiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
- O‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘quvchilar o‘qishi bir ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirilishi mumkin.
- O‘qishni qayta tiklash o‘quvchi ta’lim olgan tegishli professional ta’lim muassasasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va hal etiladi.
O‘quvchi oldin o‘qigan kasb yoki mutaxassislik to‘xtatilgan bo‘lsa, uning xohishiga ko‘ra turdosh kasb yoki mutaxassislikka yoki mazkur ta’lim muassasasida tegishli kasb yoki mutaxassislik bo‘lmasa, uning o‘qishi Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan boshqa ta’lim muassasasiga tiklanishi mumkin.
- O‘quv kursini tamomlash yakunlari bo‘yicha o‘quvchini navbatdagi kursga o‘tkazish, takroriy yilga qoldirish yoki o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
- O‘quvchini kursdan-kursga o‘tkazish, kursda qoldirish yoki o‘quvchilar safidan chiqarish professional ta’lim muassasasining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Kursdan-kursga shartli ravishda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Professional ta’lim dasturlari bo‘yicha akademik qarzdorlikka (o‘zlashtirmaslikka) ega bo‘lgan yoki o‘quv rejasi talablarini bajarmagan (ishlab chiqarish yoki diplom oldi amaliyotidan o‘tmagan, kurs ishini topshirmagan, 3 va undan ortiq fan bo‘yicha “qoniqarsiz” yakuniy yillik baho olgan) o‘quvchilari Pedagogik kengashning qarori bo‘yicha tegishli ta’lim dasturida takroran o‘qish uchun kursda qoldirilishi mumkin.
O‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilarga o‘zlashtirilmagan fanlarni qayta topshirishga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish orqali ruxsat beriladi.
O‘quvchi takroran o‘qish uchun kursda qoldirilganda uning o‘qigan o‘quv yili uchun to‘lagan kontrakt puli qaytarilmaydi va takroran o‘qiyotgan kursi uchun yangidan to‘lov amalga oshiriladi.
- Professional ta’lim muassasasi o‘quvchilari quyidagi hollarda o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin:
- salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida) akademik ta’til olganda;
- o‘qishi boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
- doimiy yashash uchun boshqa davlatga chiqib ketganda;
- sudning qarori bilan ozodlikdan mahrum etilganda;
- o‘rta yoki o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar safidan o‘z xohishiga ko‘ra chiqarishni so‘rab ariza bilan murojaat qilganda;
- professional ta’lim muassasasining ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
- vafot etganligi sababli;
- uzrsiz sabablarga ko‘ra 74 soatdan ortiq dars qoldirganda.
- O‘rta yoki o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar quyidagi sabablarga ko‘ra o‘quvchilar safidan chetlashtirilganda professional ta’lim muassasasi tomonidan uning o‘qigan muddati uchun haqiqatda sarflangan xarajatlar chegirilgan holda tegishli o‘quv yili yoki semestri uchun oldindan amalga oshirilgan to‘lovning qolgan qismi kontraktning tegishli tarafi yozma murojaatiga ko‘ra qaytarib beriladi:
- o‘z xohishiga binoan;
- o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
- salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
- o‘quvchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
- vafot etganligi sababli.
- Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilariga akademik ta’til berish tartibi Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Professional ta’lim muassasasi tashabbusi bilan o‘quvchilarni kasallik, ta’til, akademik ta’til yoki tug‘ruq ta’tillari paytida ta’lim muassasasi o‘quvchilari safidan chiqarib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.