Barchamizga maʼlumki, onalarni eʼzozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat boʻlib kelgan. Biz mehr-muhabbat va odamiylikning ilk saboqlarini aziz onalarimizdan, ularning beshigimiz uzra parvona boʻlib aytgan alla ohanglaridan olamiz. Darxaqiqat, biz hayotimiz mazmuni boʻlgan sevgi va sadoqat , mehr-muhabbat, nazokat va latofat kabi eng nozik, sirli tuygʻularni beqiyos moʻjizasi boʻlmish ayol zotisiz aslo tasavvur eta olmaymiz.

Onalarga qancha eʼtibor, gʻamxoʻrlik qilsak, quvontirishga urunsak baribir ozdir.

Baxorning ilk kuni Fargʻona viloyati yuridik texnikumida 1-bosqich oʻquvchilarining onalari uchun “Onalarga ehtirom” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Oʻquvchilar onalarini baxorning ilk kuni bilan tabriklab kutib oldilar va onalariga bagʻishlangan bayram dasturini namoyish etdilar.

Badiiy qismdan soʻng texnikum direktori, direktor oʻrinbosarlari tomonidan onalarga farzandlarining 2022-2023 oʻquv yili 1-yarim yilligidagi oʻzlashtirishlari, texnikum hayotidagi faoliyati va qiziqishlari haqida maʼlumot berildi va oʻzlashtirish koʻrsatkichlari tanishtirildi.

Onalarga yuridik texnikumda farzandlariga yaratilgan sharoitlar, texnikum bitiruvchilari uchun hukumatimiz va Adliya vazirligi tomonidan berilayotgan imtiyozlar haqida toʻxtalib, 2022-yilda mazkur texnikumni tamomlab, imtiyozli ravishda suhbat asosida oʻqishga kirib, hozirda TDYUUning 2-bosqichida taxsil olayotgan bitiruvchilar bilan onlayn muloqot oʻtkazildi.

Ushbu onalar yigʻilishi barcha qatnashchilarga manzur boʻldi va kelajakdagi rejalar, oʻzaro hamkorlik boʻyicha kelishib olindi.




Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: