“Kredit – modul tizimi va uning amaliyotga joriy etish tamoyillari” mavzusidagi maqolasi chop etildi.

♻️ Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda texnikumning 1-bosqich «Davlat-huquqiy faoliyat» yoʻnalishi, 21-22 guruh oʻquvchisi Ne’matjonova Rayhona Nozimjon qizi oʻzining iqtidori, serqirra faoliyati bilan turli sohalarda oʻtkazilgan konfirensiyalarda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

🔹 Jumladan, Poland, Warsaw “SCIENTIFIC ASPECTS AND TRENDS IN THE FIELD OF SCIENTIFIC RESEARCH” xalqaro elektron-onlayn konferensiyalar jurnalining 30-mart 8-sonida “Kredit – modul tizimi va uning amaliyotga joriy etish tamoyillari” mavzusidagi maqolasi chop etildi.


Kredit – modul tizimi va uning amaliyotga joriy etish tamoyillari

Annotatsiya: Ushbu maqolada Kredit-modul tizimini O’zbekiston oliy ta’lim muassasalarida qo’llash jarayoni nazariyalari va ularning ahamiyati tahlil etilgan bo’lib, unda kredit- modul sistemasining mazmun va mohiyati, ustuvor tomonlari, va respublikamiz OTM larini bu tizimga o’tkazishda bajariladigan ishlar hamda bu xususda muallifning tavsiya va fikrlari ilmiy asoslab ko’rsatilgan. Bundan tashqari dunyo mamlakatlarining taʼlim tizimida kredit-modul tizimining o’ziga xos xususiyatlari, imkoniyatlari va afzalliklari haqida fikrlar bayon etilgan.

Kalit so’zlar: Kredit-modul, kredit-modul tizimi, kredit-modul tizimi ahamiyati, kredit-modul tizimi imkoniyati, kredit tarixi.

Kredit (credit) – talabaning alohida ta’lim yo’nalishi yoki dasturi (kurs) bo’yicha fanlarni o’qib o’rganishi va o’zlashtirishi uchun sarflangan vaqt yuklamasining (vaqtning) o’lchov birligidir. Kredit – talabaning me’yoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada mustaqil ravishda taʼlim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt o’lchovidir. Talabaga kredit ma’lum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o’tgandan so’ng beriladi.

Har bir talaba kelajakda tanlagan yo’nalishi va mutaxassisligi bo’yicha diplomga ega bo’lishi uchun kreditlarni yig’ib borishi lozim. To’plangan kredit talabaga butun umr davomida o’zining malakasini oshirib borish yoki qo’shimcha oliy maʼlumot olishiga xizmat qilib boraveradi. Iqtisodiy tilda aytganda, to’plangan kredit talabaning akademik, aktiviga aylanib boradi.

Modul – bu, bir nechta fan hamda kurslar o’rganiladigan o’quv rejasining bir qismi. U talabalarda ma’lum bir bilim va ko’nikma hosil qilish, tahliliy – mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega bo’lishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda o’qituvchi o’quv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio ma’ruzalar o’qiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil o’rganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.

Xorijiy tajribaga ko’ra, kredit-modul tizimida o’quv jarayoni har semestrda 2-4 tagacha moduldan iborat bo’ladi. Modulda jamlangan fanlar osondan murakkablik sari, nazariy-uslubiy fanlardan amaliy fanlarga qarab hamda mantiqiy jihatdan bir-birini o’zaro to’ldirish prinsipi asosida shakllantiriladi. Talaba mutaxassis bo’lib shakllanishi uchun nafaqat axborotlar, balki ularni qayta ishlash, amaliyotga joriy qila olish- malakasiga ega bo’lishi talab etiladi.

Modulga asoslangan o’quv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqiladi va quyidagilarni o’z ichiga qamrab oladi:

-o’quv maqsadi hamda vazifalarning to’liq ochib berilishi;

– talabaning fanni (kursni) boshlashi va tugatishidan keyingi orttirishi lozim bo’ladigan malakasiga qo’yiladigan talablar;

-modul tarkibiga kirgan har bir farning qisqacha mazmuni (sillabus), ya’ni ma’ruzalar mavzulari, seminar va amaliy mashg’ulotlarning rejasi, mustagil ta’limni baholash uchun moʻljallangan topshiriqlar;

-o’qitishning qisqacha bayoni: ta’lim berish usul hamda vositalari; bilimlarni baholashning usul va shakllaridan iborat.

Modul asosida o’qitish tizimida talabalar bilimi, malakasi hamda ko’nikmasini baholashda reyting baholash tizimidan foydalaniladi. Unda talabaning barcha o’quv faoliyati, ya’ni auditoriya va auditoriyadan tashqarida olgan, o’zlash-tirgan bilimlari ball berish orqali baholanadi.

Kredit-modul tizimi, bu – taʼlimni tashkil etish jarayoni bo’lib, o’qitishning modul texnologiyalari jamlamasi va kredit o’lchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayondir. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash; talabalar bilimini reyting asosida baholash

Kredit – modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar e’tirof etiladi:

-o’quv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;

-bitta fan, kurs (kredit) ning qiymatini aniqlash;

-talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;

-talabalarga o’zlarining o’quv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;

-taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim olishning usulini oshirish;

-taʼlim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qo’yilgan talabdan kelib chiqib o’zgartirish mumkinligi

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yilning 1-oktyabrida “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi Farmoni imzolandi. Ushbu muhim dasturilamal hujjatalda, respublikadagi hamda 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Ran kings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 to o’rindagi oliy ta’lim muassasalari royxatiga kiritish va oliy ta’lim muassasalarida o’quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit – modul tizimiga o’tkazish» belgilab berildi.

Shuningdek, 2030-yilga qadar respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasasi (DTM) ning 85 foizi, jumladan, 2020/2021 o’quv yilining oxida 33 ta oliy taʼlim dargohini kredit- modul tizimiga o’tkazish ko’rsatib o’tildi.

Kredit-modul tizimi avvalambor mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga taʼlimning amaldagidan ko’ra ancha mukammal o’lchov birligini olib kiradi.

Unga ko’ra, universitetda o’tiladigan har bir fan endilikda undagi o’qish yuklamasi miqdoriga qarab, kreditlarda aks etadi. Masalan, har bir fan o’rtacha 5,6 yoki 7,5 kreditlarda aks etishi mumkin. Talaba esa har semestr, o’quv yilida muayyan miqdorda kreditlar to’plab borishi mumkin, va bu miqdorga qarab, unga bakalavr yoki magistr darajasi beriladi.

Tarix va sabab

Kredit ilk marotaba XVIII-XIX asrlarda AQSh universitetlarida joriy etilgan bo’lib, o’quv jarayonlarini liberalizatsiya qilish, talabaning haftalik akademik yuklamasini belgilab berish maqsadida yaratilgan.

1869-yilda Garvard universiteti prezidenti, Amerika ta’limining taniqli arbobi Charls Uilyam Eliot, “Kredit soati” tushunchasini iste’molga kiritadi.

Shunday qilib, 1870-1880-yillarda kredit soatlari bilan o’lchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan o’qish va o’quv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, taʼlim texnologiyalarini takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi.

Kredit to’plash o’lchovining kiritilishi talabaga katta erkinlik berish bilan bir qatorda, kelajakda tanlagan sohasining raqobatbardosh mutaxassisi bo’lib yetishishi uchun akademik jarayonni mustaqil rejalashtirish imkonini ham taqdim etdi. Ayni chog’da, baholash tizimi va taʼlim texnologiyalarning takomillashishiga ham olib keldi.

Yangi tizimga o’tilsa, qanday o’rgarishlar sodir bo’ladi? Mazkur tizimning oliy ta’limga joriy qilinishi o’qitihk sifatini oshirish, shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga barham berish, ta’lim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil o’qib-o’rganib, o’zi ustida ishlashiga zamin yaratadi. Bugungi kunda Yevropa kredit tizimi ko’hna qit’aning deyarli barcha oliy o’quv yurtida amaliyotga joriy etilgan. Kredit-modul tizimining joriy etilishi o’qituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi. Modulli ta’limda pedagog tinglovchisining o’zlashtirish jarayonini tashkil etadi, boshqaradi, maslahat beradi, tekshiradi. Talaba esa yo’naltirilgan obyekt tomon mustaqil harakat qiladi. Eng katta urg’u ham talabalarning mustaqil taʼlim olishiga qaratiladi.

Mening fikrimcha, bu juda ham yaxshi va samarali usuldir. Xulosa qilib aytganda, kredit-modul tizimi talabalarga ko’plab imkoniyatlar yaratadi. Kreditmodul tizimining ahamiyati ham talabalarning ta’lim olishlarida yuqori bo’ladi. Shaxsan men bu Kredit-modul tizimiga O’zbekistondagi barcha Oliy o’quv yurtlari o’tishini taklif qilaman. Bu tizim oliy o’quv yurtlari uchun foyda tomoniga ishlaydi. Meni taklifim va tavsiyam ham shudir.

So’zim yakunida esa mumtoz adabiyotimizning zabardast vakili Zahiriddin Muhammad Boburning ilm o’z-o’zidan bunyod bo’lmasligi, kishi faqat katta havas va kuchli ishtiyoq bilangina unga ega bo’lishi taʼkidlangan quyidagi misralarni yodga olish o’rinli:

Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,

O’rgangani ilm tolibi ilm kerak.

Men tolibi ilmu tolibi ilmi yo’q,

Men borman ilm tolibi, ilm kerak.

Kelajak biz yoshlarning qo’lidadir. Har birimiz yurtimizning kelajagi uchun astoydil harakat qilamiz. Ilm olishdan, o’rganishdan hech qachon charchamaylik! Alloh ilmimizni bundanda ziyoda qilsin!

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati

1.  O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8-oktabrdagi “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi PF-5847- son Farmoni

2.  Usmonov B.Sh. Xabibullayev R.A Oliy o’quv yurtlarida o’quv jarayonini kredit-modul tizimida tashkil qilish. O’quv qo’llanma. –Toshkent, TKTI, 2020. – 120 bet

3.  O’rinov. O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ECTS kredit-modul tizimi: asosiy tushunchalar va qoidalar. O’quv qo’llanma. Nyu Bransvik Universiteti, 2020 y.



Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: