Referendum tushunchasi: tartibi, tarixi va istisnolar.

Referendum tushunchasi: tartibi, tarixi va istisnolar.

O’zbekiston Respublikasining referendumi respublika qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasi bo’lib, unda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo’ladi.

Aslida referendum tushunchasi qanday ma’noni anglatadi?

“Referendum” so’zining ma’nosi davlat ahamiyatiga ega bo’lgan muhim masalalar bo’yicha o’tkaziladigan va ba’zan qonunlar qabul qilish uchun asos bo’lib xizmat qiladigan umumxalq so’rovi, ovoz berish yo’li bilan xalq fikrini aniqlashdir.

Yurtimizda “O’zbekiston Respublikasining referendumi to’g’risida”gi qonun dastlab 1991 yil 18 noyabrь kuni qabul qilingan bo’lib, mazkur qonun yillar davomida xalqaro va O’zbekiston Respublikasida orttirilgan amaliy tajribalarni inobatga olgan holda 2001 yil 30 avgust kuni yangi tahrirda qabul qilingan.

Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, qarorlar faqat referendum yo’li bilan bekor qilinishi yoki o’zgartirilishi mumkin.  Referendum O’zbekiston Respublikasining butun hududida o’tkaziladi.

Referendumda kimlar ishtirok etadi?

Referendum o’tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o’n sakkiz yoshga to’lgan O’zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.  O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O’zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to’la haqlidir.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og’ir va o’ta og’ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emas.

Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg’ulotining turi va xususiyatiga qarab, fuqarolarning referendumda qatnashish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.

Referendumda ovoz berish tartibi qanday?

Referendumda ovoz berish byulleteni fuqaro tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to’ldiriladi. Ovoz berish byulletenini to’ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo’lishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda to’ldirish imkoniga ega bo’lmagan fuqaro o’z xohishiga ko’ra, referendum o’tkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.

Fuqarolar ovoz berish byulletenida referendumga qo’yilayotgan masala bo’yicha o’zi ovoz berayotgan variant ro’parasida, o’ng tomonda joylashgan bo’sh kvadratga ko’rsatilgan belgilardan birini qo’yadi.

To’ldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum o’tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolariga hamda kuzatuvchilarga ko’rinib turishi kerak.

Buzib qo’yilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga ko’ra, yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qo’yilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.

Ayrim fuqarolar sog’lig’ining holatiga yoki boshqa sabablar bilan ovoz berish binosiga kela olmasa, ularning iltimosiga ko’ra, referendum o’tkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berishni ana shu fuqaro turgan joy bo’yicha, ko’chma ovoz berish qutilaridan foydalanib tashkil etadi.

Fuqarolar muddatidan oldin ham ovoz berishi mumkinmi?

Referendum kuni o’z yashash joyida bo’lish imkoniyatiga ega bo’lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish referendumga o’n kun qolganida boshlanadi va referendumga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o’tkazish vaqti O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va fuqarolarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun referendum kunida bo’la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko’rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka komissiyasidan referendumda ovoz berish byulletenini oladi va  tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida ovoz beruvchi fuqarolar ro’yxatiga imzo qo’yadi.  Referendumda ovoz berish byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida ovoz beruvchi tomonidan to’ldiriladi.

Ovoz beruvchi qaror qabul qiladi va to’ldirilgan referendumda ovoz berish byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo’yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

 

I.Matmusaev,

Farg’ona viloyat ma’muriy sudining sudyasi

Ulashing: