“KONSTITUTSIYADA QONUNCHILIK TASHABBUSI YANGI MAZMUN BILAN BOYITILDI” mavzusidagi maqolasi chop etildi.

♻️ Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda texnikumning 1-bosqich “Davlat-huquqiy faoliyati” yoʻnalishi, 30-23 guruh oʻquvchisi Nurillayeva Shaxnoza Nurillo qizi oʻzining iqtidori, serqirra faoliyati bilan turli sohalarda oʻtkazilgan konfirensiyalarda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

🔹 Jumladan, « ОБРАЗОВАНИЕ НАУКА И ИННОВАЦИОННЫЕ ИДЕИ В МИРЕ» xalqoro ilmiy elektron jurnalining 2024 –yil yanvar oyi 4-tom 37-sonida “KONSTITUTSIYADA QONUNCHILIK TASHABBUSI YANGI MAZMUN BILAN BOYITILDI” mavzusidagi maqolasi chop etildi.


KONSTITUTSIYADA QONUNCHILIK TASHABBUSI YANGI MAZMUN BILAN BOYITILDI

Annotatsiya: ushbu maqolada qonunchilik tashabbusi va qonunchilik taklifi tushunchalari, bu borada yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar hamda ularning ahamiyati kabi masalalar haqida so‘z yuritilgan.

Kalit so‘zlar:qonunchilik tashabbusi, qonunchilik taklifi, qonun loyihalari, Qonunchilik palatasi, qonunning g‘oyasi yoki konsepsiyasi.

Аннотация: в данной статье рассматриваются такие вопросы, как понятия законодательная инициатива и законодательное предложение, изменения, внесенные в Конституцию, принятые в новой редакции, а также их значение.

Ключевые понятия: законодательная инициатива, законодательное предложение, законопроекты, Законодательное собрание, идея или концепция закона.

Abstract: this article discusses the concepts of legislative initiative and legislative proposal, the changes made to the Constitution adopted in the new revision in this regard, and issues such as their importance.

Key concepts: legislative initiative, legislative proposal, bills, legislature, idea or concept of law.

Davlat qurilishi va boshqaruvi sohasida qonunchilik tashabbusi instituti muhim institutlardan biri hisoblanadi. Demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish jarayonida ushbu institutning ahamiyati juda kattadir. Ayniqsa, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi qabul qilinishi ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi istiqbollari uchun muhim qadam bo‘ldi deb aytish mumkin.

Qonunchilik tashabbusi tushunchasini turli manbalardan bilamizki, qonunchilik tashabbusi– bu muayyan davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonun chiqarish masalasini qo‘yish va uning loyihasini ko‘rib chiqish uchun qonun chiqaruvchi organga taqdim etish huquqidir.[1] Yana bir manbada Qonunchilik tashabbusi – qonun loyihalarini qonun chiqaruvchi organlar muhokamasiga taqdim etish huquqi[2] va hakozo. Umuman ushbu manbalardan bir xil mazmun kelib chiqadi, yaʼni qonunchilik tashabbusiga vakolatli organlarning qonun loyihalarini qonun chiqaruvchi organlarga taqdim etish huquqidir.

Qonun chiqarish tashabbusi esa – bu qonun chiqarish jarayonining dastlabki bosqichi bo‘lib, mazkur jarayon qizg‘in saʼy-harakatlarga asoslanadi, ular natijasida qonun chiqaruvchi organga qonunchilik yuzasidan tegishli takliflar kiritiladi, qonun chiqaruvchi esa mazkur takliflar asosida yangi qonun chiqarish, amaldagisini o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqishga qabul qiladi.

Albatta qonunchilik tashabbusiga vakolatli bo‘lgan subyektlar konstitutsiyada ko‘rsatib qo‘yiladi. Aynan mana shu masalalar yangi tahrirdagi Konstitutsiya ning 98moddasida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra qonunchilik tashabbusihuquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy MajlisiningQonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ega. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori ham o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir.

Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.

Yurtboshimizning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda ilgari surgan qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilish bo‘yicha taklifidan kelib chiqqan holda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 98-moddasida “qonunchilik takliflarini kiritish” instituti joriy etildi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqliligi belgilandi.

Yuqoridagi fikrlardan anglash mumkinki, qonunchilik taklifi instituti – bu qonunchilik tashabbusining bir turi bo‘lib, keyinchalik Qonunchilik palatasida qonun loyihasiga aylanadigan bo‘lajak qonunning asosiy g‘oyasi yoki konsepsiyasini vakolatli subyektlar tomonidan taklif etish huquqidir.[4]

Amaldagi konstitutsiyamizning 98-moddasida qonun loyihasini tashabbus qila oladigan subyektlar ro‘yxati keltiriladi. Mazkur subyektlarni shartli ravishga ikki guruhga ajratib tushunishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yaʼni masalan, birinchi guruhga to‘la qonun loyihasini tashabbus qila oladigan subyektlarni kiritish mumkin. Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir. Bulardan Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror hamma soha bo‘yicha emas, o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonun loyihasini qonunchilik palatasiga kiritishi mumkin.

Ikkinchi guruhga O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Oliy Majlisining Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish vakolati belgilandi.

Albatta o‘z-o‘zidan qonunchilik tashabbusi huquqi va qonunchilik takliflarini kiritish huquqi o‘rtasida o‘ziga xos farqlanishlar bor. Jumladan, qonunchilik tashabbusi huquqida aniq qonun loyihasi – yaʼni barcha tarkibiy qismlarni o‘z ichiga olgan hamda tuzilishga doir talablarga mos bo‘lgan kelgusida qabul qilinadigan qonunning matni kiritiladi.

Qonunchilik tashabbusi huquqida vakolatli organlar va shaxslar tomonidan qonun loyihasini qabul qilish to‘g‘risida taklifni parlamentga taqdim etiladi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqib tegishli qaror qabul qiladi. Bunda Qonunchilik palatasiga Konstitutsiyada ko‘rsatilgan subyektlar tomonidan qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar ham taqdim etiladi.

Qonunchilik taklifi esa qabul qilinadigan qonunning barcha tartib-taomillari emas, balki faqat g‘oyasi ifodalanadigan konsepsiyalari bo‘lib, bunda qonun loyihasi emas, balki qonunning asosiy konsepsiyasi taklif etiladi.

Yuqorida so‘z yuritilgan o‘zgarishlardan ko‘rinib turibdiki, qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy qilish hamda qonunchilik tashabbusi subyektlari doirasini kengaytirish orqali normativ-huquqiy hujjatlar tizimida qonunlarning ulushi ortishiga, qonun osti hujjatlarini kamaytirishga, qonun loyihalarini o‘z vaqtida ishlab chiqish orqali jamiyatdagi va qonunchilikdagi muammolarni o‘z vaqtida hal etishga, xalqni qonun ijodkorligida bevosita ishtirok etishiga sharoit yaratadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1.  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. –T.: “O‘zbekiston”, 2023 y.

2.  Davlat va huquq nazariyasi / Masʼul muharrir M.Axmedshayeva. Darslik. – Toshkent: TDYUU, 2019. 133-bet.

3.  https://uz.wikipedia.org/wiki/Qonunchilik_tashabbusi

4. Yangilanayotgan Konstitutsiya. 100 savolga 100 javob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti. – Toshkent. “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023 yil. 138-b.


Ulashing: