Prezident «Saxovat va ko‘mak» harakatida ishtirok etgan tadbirkorlar va fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati tufayli mavjud qiyinchiliklar mardona yengib o‘tilayotganini ta’kidladi.

«Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llanayotgan bu yilgi Murojaatnoma, o‘tgan yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.

Barchamiz yaxshi bilamizki, bugungi kunda butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o‘tkazmoqda. Bunday ulkan falokat jahon miqyosida so‘nggi yuz yilda ro‘y bermagan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda. Bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 million ish o‘rinlari yo‘qotilgan. Afsuski, bu ofat butun insoniyat qatori xalqimiz uchun ham kutilmagan tashvish va murakkab muammolarni keltirib chiqardi.

Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz», dedi prezident.

Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazilgani, qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilgani, ular zarur dori-darmon, himoya va eng zamonaviy diagnostika vositalari bilan ta’minlangani qayd etib o‘tildi.

«Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi.

Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga budjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti hamda qariyb 8 million fuqaroga jami 66 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.

«Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida fidoyi va olijanob vatandoshlarimizning faol ishtirokida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

O‘z paytida ko‘rilgan tezkor va tizimli choralarimiz natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etmoqda.

Karantin talablarini to‘g‘ri qabul qilib, ularga amal qilgan, sabr-toqatli, olijanob xalqimizga, o‘ta xatarli vaziyatda o‘zini ayamasdan mardona mehnat qilgan jonkuyar shifokorlarga, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatida munosib ishtirok etgan barcha tadbirkor va fuqarolarimizga yana bir bor o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman.

Pandemiyaga qarshi kurashda bizga amaliy ko‘mak bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, xalqaro moliya institutlari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlar rahbarlariga tashakkur bildiraman.

Mamlakatimiz bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan chet davlatlarning hurmatli elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga rahmat aytib, ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman», deydi davlat rahbari.

Ulashing: