«Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda taʼlim muassasalarining o‘rni» mavzusida maqola chop etildi.

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda taʼlim muassasalarining o‘rni

Maʼlumki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlashning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Biroq, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar sezilarli darajada saqlanib qolayotganligi sir emas.

Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, dastavval, huquqiy taʼlim va tarbiya borasidagi ishlarni amalga oshirishda suskashtlikka yo‘l qo‘ymaslik talab etilmoqda. Zero, ko‘p yillar davomida huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalasiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va baʼzi organlarining vazifasi sifatida qarab kelindi hamda bunda oila, mahalla va fuqarolik institutlarining ishtiroki yetarlicha taʼminlanmadi.

Yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish ishiga kompleks tarzda yondashilmadi. Huquqiy ong va huquqiy madaniyat saviyasi qabul qilingan qonunlar soni bilan emas, balki ushbu qonunlarning to‘liq ijro etilishi bilan belgilanadi. Ushbu muhim ishda odamlarda qonunlarga va normativ hujjatlarga nisbatan hurmat hissini tarbiyalash alohida ahamiyatga ega.

Aholining huquqiy bilimlarini oshirishga doir vazifalarning umumiy tusda belgilanganligi hamda ularni amalga oshirishning aniq taʼsirchan mexanizmi mavjud emasligi jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarning samarasiz olib borilayotganligini ko‘rsatdi.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-son Farmoniqabul qilindi va unda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, kuni kecha, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-mayda qabul qilingan “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF‒80-son Farmonini ham bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yangi sifat bosqichidagi ustuvor vazifalar uchun huquqiy asos bo‘ldi deyish o‘rinlidir.

Mazkur farmonga muvofiq, kelgusida “Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” g‘oyasi asosida yoshlarda turli salbiy omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida, yoshlarda qonunlarga hurmat, mamlakatga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissi kuchaytirish, yuridik taʼlim muassasalari talabalari tomonidan yoshlar o‘rtasida “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlari o‘tkazib borish, yoshlarning huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan onlayn huquqiy savodxonlik maktabi tashkil etish bilan vazifalar belgilab berildi.

Avvalo, huquqiy ong bu – ijtimoiy ong shakllaridan biridir, yaʼni bu kishilarning huquq, qonunga bo‘lgan munosabatlarini ifodalaydigan qarashlari, g‘oyalari yig‘indisidir.

Huquqiy madaniyat esa – shaxsning qonun, davlat tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya etishdagi xulqi, munosabatini bildiradi. Huquqiy madaniyat kishi umumiy madaniyatining tarkibiy qismi hisoblanib, huquqiy madaniyatli bo‘lish uchun qonunga rioya etish, qonun asosida ish tutish lozim. Huquqiy madaniyatlilik nafaqat o‘z haq-huquqlarini bilish, uni anglab yetish, balki el-yurtga fidoyilik, halollik, o‘zgalar huquqini hurmat qilish, Vatanga sadoqat va ezgu ishlarni hayotiy tamoyilga aylantirib olinganligini ham bildiradi. Huquqiy madaniyatga ega bo‘lishda huquqiy ongning o‘rni muhimdir.

Huquqiy taʼlim va tarbiya jarayonida muayyan shaxsning hayotiy barkamollik sifatlari shakllanadi, jamiyatda mavjud huquqiy ideallarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi shakllanadi. Shaxsni huquqiy tarbiyasi jarayonini tashkil etish unda maʼlum maʼnaviy, maʼrifiy, ijtimoiy, madaniy, axloqiy va irodaviy fazilatlarni, xislatlarni qaror toptiradi.

Albatta, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning turli uslub va vositalari ko‘p. Bunda eng muhim o‘rinni taʼlim muassasalarida olib boriladigan taʼlim jarayonlari tashkil etadi. Maktabgacha taʼlim muassasalarida, maktablar, professional taʼlim muassasalari hamda oliy taʼlim muassasalarida davlat taʼlim talablari va davlat taʼlim standartlaridan kelib chiqib huquqiy bilimlar beriladi, bu jarayonda ularga ularning dunyoqarashlarining shakllanish darajalari doirasida, avvalo, konstitutsiyamizda mustahkamlangan meʼyorlarning mazmun-mohiyatini barcha uchun tushunarli tilda mukammal o‘rgatish lozim deb o‘ylaymiz. Chunki huquqshunoslik taʼlim muassasalaridan tashqari taʼlim muasssasalarida Respublika qonunchiligi haqida batafsil taʼlim berilmasligini hisobga olsak, konstitutsiyadagi meʼyorlar barcha qonunchilik o‘zaklarini tashkil qiladi hamda oddiy fuqarolarda qonunchiligimiz haqida muayyan bilimlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona viloyat yuridik texnikumida o‘quvchi-yoshlarga mutaxassislik fanlarini o‘qitish jarayonida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish, amaliyot hodimlari ishtirokida binar dars mashg‘ulotlarini tashkillashtirish barobarida o‘quvchilarning olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda bilimlarini mustahkamlash uchun maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyat yuridik texnikumining bilimdon va faol o‘quvchilaridan tashkil topgan “Adliya qanotlari” volontyorlik guruhlari yoshlarning, o‘z tengdoshlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida targ‘ibot ishlari olib borishayotganligi, turli huquqiy mazmunda videoroliklar tayyorlashayotganligi, bevosita Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi rahbarligi va ko‘magi ostida viloyat miqyosida, yaʼni o‘zlari yashaydigan tumanlardagi umumiy o‘rta taʼlim maktablari, kasb-hunar maktablari hamda kollejlarda “Tengdoshdan tengdoshga” shiori ostida huquqiy bilimlarini oshirishlariga ko‘maklashib kelishayotganligi, bundan tashqari yuridik texnikumdagi “Yuridik klinika” rahbari boshchiligida hamda “Mehr ulashib” dasturi doirasida oddiy fuqarolarga, yoshlarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga turli masalalarda, ayniqsa, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar va sharoitlar borasida huquqiy tushuntirishlar berib kelayotganligi ham davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishga oz bo‘lsa-da, o‘z hissalarini qo‘shishga bo‘lgan intilishlaridan dalolatdir va bu eʼtiborga loyiq, albatta.

Ubaydullayev Ilxomjon Raxmatovich

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi

“Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi, 2-darajali yurist.


Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: