“Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasi” mavzusidagi maqolasi

⚖️ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-sonli Farmonida belgilangan vazifalarni mohiyatini yoritish yuzasidan Farg‘ona viloyati yiridik texnikumi pedagog-xodimlari tomonidan maqolalar tayyorlanmoqda.

🔸 Jumladan texnikumning “Umumta’lim fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Meliboyeva Dilnozaxon Ergashevnaning “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasi” mavzusidagi maqolasi e’lon qilinmoqda.


Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasi

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hozirgi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Bu jarayon bir necha asosiy yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish va onlayn platformalar orqali taqdim etish fuqarolar va tadbirkorlar uchun xizmatlarni tezkor, qulay va shaffof qiladi. Bu turli ruxsatnomalar, sertifikatlar va boshqa hujjatlarni olish jarayonlarini sezilarli darajada soddalashtiradi. Keraksiz ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish orqali xizmatlarning samaradorligi oshiriladi. Bu orqali tadbirkorlik muhiti yaxshilanadi va davlat xizmatlariga ishonch oshadi.

Bu yo‘nalishlar orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish fuqarolar va tadbirkorlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratadi hamda mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

2024- yil 24- mayda qabul qilingan Prezident farmoni Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalarining faoliyatini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ushbu farmonning aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish, huquqiy tizimni takomillashtirish, va yoshlar orasida huquqiy madaniyatni oshirishga oid qator chora-tadbirlari davlat va jamiyat taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʻshadi.

Farmonga muvofiq aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha qulayliklar yaratish belgilandi. Jumladan:

1. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini raqamlashtirish. Farmonning ushbu bandiga muvofiq 13 ta davlat xizmatlarini DXX va Yagona portal orqali koʻrsatish belgilangan bo‘lib, bu qulayliklar davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtiradi va samaradorligini oshiradi. Bu orqali aholining vaqt va mablagʻ tejashi taʼminlanadi. Shuningdek, 11 ta davlat xizmatlarini proaktiv va 7 tasini kompozit shaklga oʻtkazish ko‘rsatildi, bunga ko‘ra proaktiv xizmatlar aholiga oldindan ehtiyojga asoslangan xizmat koʻrsatishni anglatadi, bu esa vaqt va resurslarni samarali boshqarishga yordam beradi. Kompozit xizmatlar esa bir nechta xizmatlarni birlashtirgan holda taqdim etiladi, bu esa jarayonlarni soddalashtiradi va vaqtni tejaydi.

2. Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish. Ushbu bandda 15 turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish huquqini berish orqali raqobat muhitini yaratish, xizmatlarning sifatini oshirish va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish koʻzda tutilgan. Bu esa davlat xizmatlarining sifati va samaradorligini oshiradi.

3. Face-ID tizimini joriy etish. Shaxsni identifikatsiyalashda Face-ID usulini qoʻllash innovatsiyasi xavfsizlikni taʼminlash bilan birga, xizmatlardan foydalanish jarayonini soddalashtiradi va vaqtni tejaydi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar talabining bekor qilinishi esa byurokratik toʻsiqlarni kamaytiradi.

4. Davlat xizmatlarini eksperiment tarzida joriy etish. Bu 6 oylik eksperiment bo‘lib, usbu yondashuv yangi xizmatlarni joriy etishdan oldin ularni sinovdan oʻtkazish imkonini beradi. Natijalar asosida xizmatlarni takomillashtirish yoki bekor qilish mumkin, bu esa xizmatlar sifatini oshiradi va xatolarni minimallashtiradi.

5. Noqonuniy maʼmuriy hujjatlarni sudga qadar koʻrib chiqish. Huquqiy eksperiment (2024- yil 1- iyuldan 2026- yil 1- iyulgacha). Bu tashabbus davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi adolatni taʼminlash va noxush holatlarning oldini olish imkonini beradi. Apellyatsiya kengashlari esa maʼmuriy hujjatlarni nazorat qilib, qonunchilikka zid boʻlgan hujjatlarni bekor qilish vakolatiga ega boʻladi.

Farmonga ko‘ra qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti tashkil etiladi. Bu institut qonunchilik va tartibga solish sohasidagi muammolarni chuqur tahlil qilish va ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun muhim ahamiyatga ega. Bu orqali davlat xizmatlarining sifati va samaradorligi oshadi.

Ushbu farmonning amalga oshirilishi aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, huquqiy tizimni takomillashtiradi va mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi. Raqamlashtirish, innovatsiyalarni joriy etish va huquqiy bilimlarni oshirish orqali jamiyatning huquqiy madaniyatini yuksaltirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishiga va aholi farovonligining oshishiga sezilarli hissa qoʻshadi.

Mazkur farmon ijrosi yuzasidan quyidagi takliflarni bildirish mumkin:

1. Farmon ijrosini ta’minlashda fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarining muhofazasi va himoyasi boʻyicha qoidalarni kuchaytirishga e’tibor qaratish zarur. Bu, fuqarolarning maʼlumotlarini himoya qilish va xavfsizliklarini taʼminlashga yordam berishadi.

2. Farmonda belgilangan vazifalarga ko‘ra adliya tizimining maʼlumotlar bazasini kengaytirish va integratsiyani takomillashtirish taklif qilinishi mumkin. Bu, adliya organlarining operativ va samarali ishlashini taʼminlash va huquqni qoʻllashdagi muammolarni bartaraf etishga yordam berishi mumkin.

3. Davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi xodimlarning malakasini oshirish va ularni zamonaviy texnologiyalar va xizmat ko‘rsatish usullari bilan tanishtirish muhim ahamiyatga ega. Bu xodimlar faoliyatining samaradorligi va xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga olib keladi.

4. Aholi va tadbirkorlar tomonidan berilgan fikr-mulohazalar asosida xizmat ko‘rsatish tizimini doimiy ravishda yaxshilab borish. Bu orqali xizmatlar sifatini nazorat qilish va muammolarni tezda aniqlash mumkin bo‘ladi.

5. Yuridik texnikumlar va litseylar o‘quvchilarini davlat xizmatlari faoliyatida olib borilayotgan yangiliklar bilan muntazam tanishtirib borish va ular yordamida davlat xizmatlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish hamda ularni davlat xizmatlaridan foydalanishga rag‘batlantirish uchun samarali axborot kampaniyalarini o‘tkazish lozim. Bu orqali davlat xizmatlarining foydali tomonlari va ular qanday qilib olinishi mumkinligi haqida tushuncha hosil qilish mumkin.

6. Yuridik texnikumlar va litseylar o‘quvchilarini bo‘lajak davlat xizmatchilarlari sifatida kasbiy malakalarini rivojlantirish, xususan, ularning nutq madaniyati hamda hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yanada e’tibor qaratish. Bu davlat xizmatlari sohasiga kadrlar yetkazib berish sifatini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Bu takliflar farmon ijrosini yanada samaraliroq amalga oshirish va fuqarolar uchun qulaylashtirish maqsadida qoʻllanilishi mumkin.

Meliboyeva Dilnoza Ergashevna

Farg‘ona yuridik texnikumi o‘qituvchisi,

3-darajali yurist

Ulashing: