«Rahbarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odob qoidalariga rioya etishi» mavzusidagi maqola chop etildi

RAHBARNING XIZMATDAN TASHQARI VAQTDAGI

ODOB QOIDALARIGA RIOYA ETISHI

“Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo’lishi kerak”.

                                               Shvkat Mirziyoyev

Har qanday davlatning xalqaro maydondagi mavqei ushbu davlatda qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligi qay darajada taьminlanganligiga qarab belgilanadi. Shu sababli mamlakatimizda ushbu sohani xalqaro standartlarga muvofiq tarzda rivojlantirishga strategik ahamiyatga ega vazifa sifatida qaralmoqda. Sudyaning mustaqilligi, daxlsizligi, ular faoliyatiga aralashishga yo’l qo’yilmasligi davlat tomonidan kafolatlangan, shu bilan birga moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasining yuqoriligi odil sudlovga erishish – qonuniy, asoslangan  va adolatli sud qarorlarini chiqarilishining asosiy omillaridan biridir.

Mamlakatimizda sud-huquq sohasida bosqichma-bochqich olib borilayotgan islohotlardan ko’zlangan bosh maqsad sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ko’rilayotgan ishlarning sifatini oshirish, tizimda xolis, adolatli, qonuniy qarorlar qabul qilinishiga erishish orqali xalqimizning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirishga qaratilganligi barchamizga yaxshi ma’lum. Zotan, odamlarning davlatga nisbatan ishonchi eng avvalo sudlarga ishonchi ortishi bilan shakllanadi.

Endi bevosita odil sudlov, ya’ni suddagi adolat tushunchasi haqida so’z yuritsak. Bilamizki, sud qarori faqat va faqat qonunga asoslangan holda, hech qanday hissiyotga berilmasdan, beg’araz va xolislik bilan qabul qilingandagina adolatli qaror hisoblanadi. Shu bilan birga, yana bir jihat borki, sud qarorining adolatli bo’lishi bevosita sudyaning ma’naviyatiga ham chambarchas bog’liq. Chunki adolat va ma’naviyat tushunchalari hamisha yonma-yon yuradi.

Shu bois ham keyingi yillarda sudyalarni lavozimga tayinlashda ulardan nainki bilim va hayotiy tajriba, balki yuksak ma’naviyat, jumladan, jamiyatda tutgan o’rni, odob-axloq, vatanparvarlik, fidoyilik, halollik, benuqson obro’-e’tibor, dunyoqarashi kengligi kabi jihatlar ham bo’lishi ham talab etilayotir.

Shunday qilib, bugungi kunda sud idoralariga rahbarlik qilayotgan shaxslarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odob qoidalariga og’ishmay rioya etishi muhim masalaga aylangan. Aslida ham, nafaqat sudlarda, balki boshqa sohalarda ham rahbarlarda ko’plab ma’naviy fazilatlar bo’lishi zarurligini bugun hayotning o’zi ham taqozo etmoqda.

Har qaysi makonda, har qaysi zamonda sudyalik kasbi doimo jamiyat e’tiborida bo’lib kelgan va uning ma’naviy-axloqiy sifatiga nisbatan qat’iy talablar qo’yilib kelingan. Sudyaning kasbiy odob-axloqi yuridik odob-axloqning bir qismi bo’lib, u sudya va protsess ishtirokchilarining ish jarayonida va ishdan tashqari vaqtlaridagi ma’naviy-axloqiy, kasbiy munosabatlariga doir masalalarni o’rganish va rivojlantirish bilan shug’ullanadi. Sudya o’z faoliyatini sudyalar odob-axloqi talablarini bajarmasdan amalga oshira olmaydi, chunki ushbu faoliyat asosini jamiyatda tarixan shakllangan ma’naviy va huquqiy talablar tashkil etadi. SHu bilan birga sudyalar odob-axloqining o’ziga xos tomoni shundaki, unga ixtisoslashuvidan qat’i nazar tuman(shahar) sudyalari, viloyat sudi sudyalari, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud sudyalari rioya qilishlari shart va majburiydir.

Keyingi yillarda sudyalarni lavozimga tayinlashda ulardan nainki bilim va hayotiy tajriba, balki yuksak ma’naviyat, jumladan, jamiyatda tutgan o’rni, odob-axloq, vatanparvarlik, fidoyilik, halollik, benuqson obro’-e’tibor, dunyoqarashi kengligi kabi jihatlar ham bo’lishi ham talab etilayotir.

Bugungi kunda sud idoralariga rahbarlik qilayotgan shaxslarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odob qoidalariga og’ishmay rioya etishi muhim masalaga aylangan.

Aslida ham, nafaqat sudlarda, balki boshqa sohalarda ham rahbarlarda ko’plab ma’naviy fazilatlar bo’lishi zarurligini bugun hayotning o’zi ham taqozo etayotir.

Sudyaning odil sudlovni amalga oshirish davomida o’z fikrini erkin ifodalash huquqidan foydalanishi ham muhim ahamiyatga ega. Ammo shu o’rinda ta’kidlash kerakki, sudyaning fikr erkinligi huquqi cheksiz emas, ya’ni har bir rahbar sudya bu borada sud hokimiyatining mustaqilligi va xolisligiga putur yetkazib qo’yishdan ehtiyotkor bo’lishi shart.

Sir emas, mentalitetimizda qarindosh-urug’chilik, oshna-og’aynigarchilik, tanish-bilishchilik kabi jihatlar chuqur ildizlarga ega.

Xususan, yaqin qarindosh, qadrdon, do’st yoki tanish-bilishlarga mehr-oqibat ko’rsatish, turli noqulay vaziyatlarda yordam qo’lini cho’zish, odamgarchilik qilish jamiyatimizda ajoyib fazilat hisoblanadi. Albatta, nainki yaqin qarindosh yoki do’stlarga, balki o’zgalarga ham yaxshilik ulashish, oqibat ko’rsatish yaxshi xislat.

Biroq har qanday ish faoliyatida tanish-bilishchilikka yo’l qo’yilishi yaxshilikka xizmat qilmaydi. Qaysi bir rahbar faoliyati davomida qarindoshi, do’sti yoki tanishiga yon bosdimi, o’sha idorada o’rnatilgan adolat tamoyillariga putur yetadi.

Bu masalani nega alohida qayta tilga olmoqdaman? Umuman, qarindoshchilik, tanish-bilishchilik kabi tushunchalar rahbarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odob qoidalariga og’ishmay rioya etishi bilan bog’liq masalaga qay darajada daxldor?

Aytaylik, sud raisi o’zi boshqarayotgan idoradagi tashkiliy masalalarni hal etish bilan birga taqsimot asosida sud ishlarini ham olib boradi. Uning qo’liga muayyan nizo yuzasidan bir da’vo ariza kelib tushdi. Ish protsessual tartiblar asosida ma’lum kunga sud majlisi tayinlandi. Shunday deylik, da’vogar yoki javobgarning bevosita o’zi, biror yaqin qarindoshi yoki do’sti sudyaga aloqador shaxs bo’lsa, o’rtadagi “muloqot zanjiri” yaratilib, sudda ko’rilayotgan ishning natijasini u yoki bu tarafga hal etish yuzasidan iltimoslar qilinishi mumkin. Bunday iltimos o’tinch, yalinish shaklida
yoki sudyaning yaqin qarindoshi tomonidan bosim, aralashuv ko’rinishida bo’lishi mumkin.

Deylik, sud raisining qo’liga o’zining turmush o’rtog’ining xolasi, ammasi, boringki, yaqin dugonasiga oid nizo kelib tushsa, o’rtadagi do’stlik hurmatidan ayol turmush o’rtog’iga “SHu ishni falon shaklda hal etib bersangiz, asakangiz ketarmidi?” qabilida qovoq-tumshuq qilinishi mumkinmi? Bo’lishi mumkin, ayniqsa, bizning jamiyatda.

Ana shunday vaziyatlar o’zini hurmat qilgan, sudyalik qasamyodini bir daqiqa bo’lsin, unutmaydigan rahbar uchun haqiqiy “qilko’prikdan o’tishdek” sinovdir. Albatta, bilim va tajribali, ma’naviyatli, kasbiga sadoqatli, jamiyatga obro’-e’tibori baland bo’lgan rahbarning oila a’zolari ongiga ham “oila boshlig’ining suddagi ishlariga aralashmaslik” tushunchasiga avval boshdan singdirib boriladi.

Qolaversa, turmush o’rtog’ining ishi murakkab ekanligini, kasbining nozik jihatlarini anglagan ma’naviyatli ayol sudyalik lavozimida o’tirgan turmush o’rtog’ini hech qachon bunday vaziyatda qoldirmaydi. Biroq besh barmoq barobar bo’lmaganidek, yuqoridagi kabi holatlar yuzaga kelishi ham mumkin. Axir inson xatolardan holi emas. SHuning uchun ham sudya yuqoridagi kabi vaziyatlar yuzaga kelishiga yo’l qo’ymasligi, mabodo bu holat paydo bo’lgan taqdirda ham shaxsiy munosabatlarni, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug’chilikni ish faoliyatiga, ayniqsa, sud ishlariga aralashtirmasligi kerak.

Ayrim rahbarlarda uchraydigan yuqoridagidek kamchilik, illat va qusurlar qachon paydo bo’ladi? Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bunday holatlarga ko’pincha uning atrofidagi doimiy muloqotda bo’ladigan odamlar, do’st va ulfatlar davralari ta’sir qilishi mumkin.

Xalqning “Do’stingni ayt, senga kimligingni aytib beraman” degan naqli bejiz emas. Shundan kelib chiqilsa, yaxshi o’qib, bir kasbning boshini tutib, xalqqa qayishaman, el xizmatiga kamarbasta bo’laman, nasib bo’lsa, ertaga biror yuqoriroq rahbarlik pog’onasini egallayman, degan odam avvalo tevarak-atrofidagi o’zi gaplashib yuradigan odamlar, xususan, do’stlarining fe’lu atvorini o’rganib qo’ymog’i zarur.

Zotan, odamiylik fazilatlari, xususan, mehnatsevarlik, kamtarlik, fidoyilik, halollik kabi xislatlardan mosuvo bo’lgan odam u bilan doimo birga yurgan do’stini ham kuni kelib jarlik sari yetaklay boshlaydi. Bunday “do’stlar” esa sud tizimi vakillari, sudyalar, xususan, sud raislari uchun g’oyat xatarli holatdir.

Sudya xizmatdan tashqari, ya’ni kundalik turmushi davomida ham doimiy ravishda jamoatchilik diqqat- e’tiborida bo’ladi. Ya’ni jamoatchilik boshqa odamlarga nisbatan sudyaning yurish-turishini, xulq-atvorini sinchkovlik bilan kuzatadi va unga baho beradi.

Agarda sudyaning xatti-harakatida uning obro’- e’tiboriga putur yetkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg’arazligiga shubha tug’diradigan holatlar kuzatilsa, o’z-o’zidan ayonki jamoatchilikda sud hokimiyatiga bo’lgan ishonch yo’qoladi.

Bir muayyan ish misolida tanish-bilishchilikka moyillik qilib, xolislik printsipiga amal qilmagan holda, ishning natijasini u yoki bu shaklda hal etish nafaqat sudyaning adolatlilik va halollik mezonlaridan chetga chiqishiga olib keladi, balki adolatsizlikka guvoh  bo’lgan sud majlisi ishtirokchisi – ishdagi taraflardan birining chin ma’noda sudga bo’lgan ishonchiga putur yetkazadi. Xalqning “birniki mingga, mingniki tumanga” degan naqlidan kelib chiqilsa, bunday holatlar bora-bora jamiyatda, jamoatchilikda tizimga nisbatan ommaviy ishonch sinishiga olib keladi.

SHu bois ham tizimda o’z o’rniga ega, halolligi va fidoyiligi bilan sudyalik maqomiga har tomonlama munosib bo’lgan ustozlar bu masalada har qachon o’zining printsipial pozitsiyasini mustahkam ushlab turadi.

Sudning asosiy vazifasi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to’g’risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iboratligini har bir sud raisi va sudya unutmasligi lozim, shuningdek, har bir sud raisi va sudya O’zbekiston Respublikasi Sudyalar odobi kodeksida belgilangan odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishlari va bundan tashqari qarama-qarshi bo’lgan vaziyatlarni vujudga keltirmasligi kerak.

Odob qoidalarining buzilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan salbiy omillarni kamaytirilishi birinchi navbatda sudning asosiy vazifasi bo’lmish O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to’g’risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilinishiga, fuqarolarning sudga nisbatan ishonchi va hurmatini oshishiga, odil sudlovga erishishga katta xizmat qiladi.

Farg’ona viloyat sudi sudyasi

Ubaydullaev Dilshodjon Muxiddinovich

Ulashing: