Shavkat Mirziyoyev avval qo‘yilgan vazifalar ijrosini ko‘rish, mahallalardagi sharoitni o‘rganish, aholini o‘ylantirayotgan muammolardan kelib chiqib, navbatdagi rejalarni belgilash maqsadida 18-fevral kuni Namangan viloyatiga jo‘nab ketgani haqida xabar berilgan edi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari tashrifni viloyatning Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Sura General Investments mas’uliyati cheklangan jamiyatining bog‘idan boshladi.
Ulardan biri Sura General Investments’ning bog‘i bo‘lib, bu yer ilgari sug‘orilmas, shu sababli undan unumli foydalanilmas edi. BAAning 3 million dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyasi hisobiga 103 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etildi.
Prezident bog‘ning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi. Bu yerdagi mevalarning hosildorligi oddiy usuldagisiga nisbatan 3 barobar yuqori. Navlari ham bozorbop. Tomchilatib sug‘orish tizimi natijasida har gektar yerdan 2 barobar ko‘p suv iqtisod qilish mumkin.
Daraxtlar kelgusi yili hosilga kiradi. Bog‘ning yillik quvvati 5 ming tonna bo‘ladi. 4 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Korxona yana ming gektarda bog‘ yaratishni maqsad qilgan.
Bog‘da 40 kishi ish bilan ta’minlangan. Qator oralarida sabzavot yetishtirish uchun ishsiz yoshlarga yer bo‘lib berilgan.
“Sizlarning ishli bo‘lganlaringni, kayfiyatlaringni ko‘rib xursandman. Yo‘llaringizni topib, ish bilan bo‘lib, biringizni ikki qilib, farzandlar kamolini ko‘rib yashasalaringiz — mening eng katta maqsadim shu. Buning uchun shu bilan chegaralanmay, ko‘proq bilim olishingiz, yangi marralarga intilishingiz kerak”, — degan ushbu yoshlar bilan suhbatlashgan Shavkat Mirziyoyev.
“Yoshlar yo‘lini tasavvur qilolsa, kuch paydo bo‘ladi. Qiyinchiliklardan, sinovlardan xafa bo‘lmaslik kerak. Hayot maktabini o‘tagan inson dunyoga boshqacha qaraydi. Yoshlarning yaxshisiyam, yomoniyam bizning farzandlarimiz. Sizlarga o‘xshagan intiluvchan, ertangi kuniga befarq bo‘lmagan, kasb-hunarli yoshlar boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishi kerak”, — degan Prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, intensiv bog‘ning investori bilan muloqotda bo‘lgan. Shu yerda Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan.