Oila mustahkamligi qonun nigohida.
Oila – avlodlar davomiyligi, qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni, qolaversa, xalqimiz ma’naviy merosining avloddan avlodga o’tishini ta’minlovchi omildir. Shu tufayli oilani qo’llab-quvvatlash masalasi davlatmizning doimiy diqqat e’tiborida bo’lib kelmoqda.
Oila qancha mustahkam bo’lsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam bo’ladi va rivojlanadi. Shuning uchun ham Birlashgan Millatlar Tashkilotninig Bosh Assambleyasi 1994 yildan e’tiboran har yili 15 may kunini Xalqaro oila kuni sifatida nishonlashga qaror qilgani bejiz emas. “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 16-moddasida shunday deyilgan: Balog’atga yetgan erkaklar va ayollar irqi, millati va diniga qarab biror bir cheklovlarsiz nikohdan o’tish va oila qurish huquqiga egadirlar. Ular nikohdan o’tayotganlarida ham, nikohda bo’lgan vaqtda ham va nikoh bekor qilinayotganda ham bir xil huquqlardan foydalanadilar.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabr` kungi 820 sonli qaroriga ko’ra Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash bo’limlari huzurida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarini- tashkil etish to’g’risidagi taklifi ma’qullangan, Quyidagilar markazlarni tashkil etishning asosiy maqsadi deb belgilangan:
- zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda «Oila — muqaddas», «Sog’lom oila — sog’lom jamiyat», «Oila — jamiyat va davlat himoyasida» va «Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi» kontseptual g’oyalarini nikohlanuvchilarning ongiga singdirib borish;
- nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo’yicha tizimli tayyorlash;
- oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish, oilalarda sog’lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo’lish ko’nikmalarini shakllantirish.
- Markazlarda fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlariga nikohni qayd etish uchun ariza bergan va o’quv mashg’ulotlarida qatnashish uchun roziligi olingan o’ttiz yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaxslar, o’quv yuklamasi hajmi o’n olti soatdan kam bo’lmagan dastur asosida bepul o’qitiladi deb belgilangan.
Oilani mustahkamlash maqsadida mehnat qonunchiligida ham ayollarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilgan. Jumladan, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga to’lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin, Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko’rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o’rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo’lgan ishga o’tkaziladi. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan holi bo’lgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o’rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim. Ikki yoshga to’lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo’lmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga to’lgunga qadar avvalgi ishidagi o’rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo’lgan ishga o’tkaziladi. Homilador ayollarni va o’n to’rt yoshga to’lmagan bolasi (o’n olti yoshga to’lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo’l qo’yilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog’lig’i uchun xavf tug’dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo’lgan taqdirdagina yo’l qo’yiladi. Uch yoshga to’lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga o’ttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan muddati chog’ida ushbu ayollar mehnatiga haq har kungi to’liq ish muddati chog’ida tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan miqdorda to’lanadi. Homilador ayolning, o’n to’rt yoshga to’lmagan bolasi (o’n olti yoshga to’lmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob a’zosini parvarish qilish bilan band bo’lgan shaxsning iltimosiga ko’ra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga to’liqsiz ish kuni yoki to’liqsiz ish haftasi belgilashga majburdir. Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola o’n olti yoshga to’lgunga qadar davlat ijtimoiy sug’urtasi mablag’lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq to’lagan holda oyiga qo’shimcha bir dam olish kuni beriladi. Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik ta’tillar, ularning xohishiga ko’ra, tegishlicha homiladorlik va tug’ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin yoxud bolani parvarishlash ta’tilidan keyin beriladi. O’n to’rt yoshga to’lmagan bitta va undan ortiq bolani (o’n olti yoshga to’lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolg’iz ota, yolg’iz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolg’iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o’tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik ta’tillar, ularning xohishiga ko’ra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay bo’lgan boshqa vaqtda beriladi. O’n ikki yoshga to’lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o’n olti yoshga to’lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam bo’lmagan muddat bilan haq to’lanadigan qo’shimcha ta’til beriladi. O’n ikki yoshga to’lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o’n olti yoshga to’lmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga ko’ra, har yili o’n to’rt kalendar` kundan kam bo’lmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi.
Bunday ta’til yillik ta’tilga qo’shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (to’liq yoxud qismlarga bo’lib) foydalanilishi mumkin. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar` kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar` kun (tug’ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug’ilgan hollarda — yetmish kalendar` kun) muddati bilan homiladorlik va tug’ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqa to’lanadi. Homiladorlik va tug’ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug’ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to’liq beriladi.
Homiladorlik va tug’ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko’ra, unga bolasi ikki yoshga to’lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to’lanadi. Ayolga, uning xohishiga ko’ra, bolasi uch yoshga to’lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo’shimcha ta’til ham beriladi. Bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to’liq yoki uni qismlarga bo’lib foydalanishlari mumkin. Ayollar o’z xohishlariga ko’ra, bolani parvarishlash ta’tili davrida to’liq bo’lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin. Bunda ularning nafaqa olish huquqlari saqlanib qoladi. Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko’pi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi bo’yicha ish stajiga ham qo’shiladi. Bolani parvarishlash ta’tillarining vaqti, basharti jamoa shartnomasida, korxonaning boshqa lokal hujjatida yoxud mehnat shartnomasida o’zgacha hol nazarda tutilmagan bo’lsa, keyingi haq to’lanadigan yillik ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga qo’shilmaydi. Yangi tug’ilgan bolalarni bevosita tug’uruqxonadan farzandlikka olgan yoki bolalarga vasiy qilib belgilangan shaxslarga bola farzandlikka olingan (vasiylik belgilangan) kundan boshlab, bola tug’ilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar` kun (ikki yoki undan ortiq bola asrab olingan (vasiylik belgilangan) taqdirda esa yetmish kalendar` kun) o’tgunga qadar bo’lgan davrda davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqa to’lagan holda ta’til beriladi va ularning xohishiga ko’ra, bola uch yoshga to’lgunga qadar bolani parvarishlash uchun qo’shimcha ta’tillar beriladi. Ikki yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo’shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri o’ttiz minutdan kam bo’lmagan muddat bilan beriladi. Ikki yoshga to’lmagan ikki va undan ortiq bolasi bo’lgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o’rtacha oylik ish haqi hisobi bo’yicha haq to’lanadi. Bolasi bor ayolning xohishiga ko’ra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo’shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga ko’chirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin. Bu tanaffuslarning aniq muddati va ularni berish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, — ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilab qo’yiladi.
Mehnat qonunchiligi mazkur imtiyoz va kafolatlar ayollar oilasiga ko’proq vaqt ajratishi uchun, bola tarbiyasiga e’tiborini kuchaytirish uchun va shu orqali oilani mustahkamlash maqsad qilib olingan.
Shuningdek davlatimiz tomonidan oiladagi muhitni sog’lomlashtirish, oiladagi tayziq va zo’rovonlikni yo’q qilish borasida chora tadbirlar ko’rilmoqda. Jumladan O’zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo’yicha komissiya tashkil etilgan bo’lib, uning asosiy maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
M.Po’latjonov
Farg’ona viloyat sudining sud`ya katta yordamchisi