Fargʻona viloyat yuridik texnikumi 2-bosqich oʻquvchisi Sarvarbek Foziljonov maqolasi chop etildi.

Fargʻona viloyat yuridik texnikumi 2-bosqich oʻquvchisi Sarvarbek Foziljonov maqolasi chop etildi.

Jamiyat barqarorligi taʼminlash har qanday rivojlanish uchun tayanch. Ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, tadbirkorlik, investitsiya, texnologiyalar… tinch jamiyatga ehtiyoj sezadi, uning ichidagina keng taraqqiy etadi. Bu isbot talab qilmaydigan aksioma.

Barqarorlik esa koʻp jihatdan jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish bilan aloqador. Bu jarayonda, umuman, jinoyatchilikni jilovlash va barqaror jamiyat qurishda ichki ishlar xodimlarining xizmati katta. Buni har birimiz yaxshi anglaymiz, anglashimiz ham zarur.

Mahallada unda-bunda kuzatilayotgan har bir oilaviy janjal, turli mojaro, umuman, barcha huquqbuzarliklarning oldini olishga profilaktika inspektorlari, xalq tilida aytganda “uchastkavoylar” masʼul ekanini bilamiz.

“Uchastkavoylar”ning vazifasi – oʻziga biriktirilgan hududda huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning kelib chiqish sabablari bilan kurashish va shu kabi masʼuliyatli ishlar.

Shunga qaramay, bugun “uchastkavoylar” tomonidan mahallalardagi turli huquqbuzarliklarni yashirish holatlari ham kuzatilmoqda. Nega bunday boʻlmoqda? Achinarlisi, mazkur holatlarga qonunchilikning oʻzi yoʻl qoʻyib bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 fevraldagi 137-son qarori bilan Biriktirilgan hududda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan.

Unga muvofiq, har chorakda “uchastkavoy”larning ishi tahlil qilib boriladi. Ishi qoniqarsiz deb topilganda lavozim maoshining 50 foizigacha miqdorda pul ushlanadi, ishlari samarali deb topilsa – 50 foizgacha pul mukofoti beriladi.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: qanday holatlarda “uchaskavoy”ning ishi qoniqarsiz boʻladi-yu, qay holatlarda samarali? Masalaning ildizi shu yerda.

Mahallada bitta qotillik yuz bersa “uchaskavoy”ning 10 % oyligi, bitta talonchilik boʻlsa – 5 %, uchta oʻgʻirlik boʻlsa – yana 10 % oyligi qirqiladi. Nizomda bu roʻyxat “turnaqator” boʻlib, xuddiki “uchaskavoy” oyligini qirqishga hozirlab qoʻyilgandek.

Ular faoliyati samarasi esa ana shu jinoyatlarning yoʻqligi bilan baholanadi.

Endi tasavvur qiling, oilasi, farzandlarining farovon yashashi uchun mehnat qilayotgan bu jonuyarlar shunday holatda qanday yoʻl tutadi? Ham mehnat qilib huquqbuzarlikni fosh etib, ham oyligidan mahrum boʻlish uchun tegishli organlarga xabar beradimi yoki oyligidan “qiyilmasligi” uchun huquqbuzarlikni yashiradimi?

Ikkinchi holat koʻproq haqiqatga mos va jarayonda koʻp kuzatilmoqda.

Mahalladagi kimningdir nojoʻya harakati, qingʻir ishlari, qotilligi, oʻgʻriligi profilaktika inspektori uchun “yemagan somsasiga pul toʻlash”dek gap.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2018 yilning oʻzida 503 ta qotillik, 860 ta talonchilik va bosqinchilik, 6 662 ta oʻgʻirlik sodir etilgan.

Mazkur jinoyatlar sodir etilgan hududlardagi inspektorlarning holatini endi xayolga keltiravering.

Shu oʻrinda yana bir gap: Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil qilingan matbuot anjumanida Oʻzbekistonda 2019 yilda jinoyatchilik koʻrsatkichi 2018 yilga nisbatan 3 mingtaga kamaygani haqida bong urilgan edi.

Bu kamayish sunʼiy yoʻllar bilan, jinoyatchilikni yashirish oqibatidagi raqamlar emasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Aslida, mazkur tartib huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga shart-sharoit yaratayotgan sabablarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan. Biroq aks taʼsir holati hisobga olinmagan.

Mazkur tartib natijasida fosh etilmay qolgan jinoyatlar, ulardan jabr koʻrganlarning taqdiri haqida bosh qotirish vaqti yetdi, nazarimizda. Eng achinarlisi, bu kabi salbiy holatlar fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchsizligini, huquqiy boʻysunmaslik holatlarini, jamiyatdagi barqarorlikning xavf ostida qolishiga sabab boʻladi.

Kimgadir yaxshi koʻrinish, quruq statistika uchun jamiyatni xatarga qoʻyish yaramaydi. Yuqoridagi salbiy oqibatlarni oʻz vaqtida anglab yetgan holda, “uchastkavoy”larning faoliyatiga baho berishda jinoyatchilikning sonini hisobga olish amaliyotiga barham berish zarur. Zero, tinchlik raqamlarda emas, hayotimizda boʻlsin.

Ulashing: