O’zbekiston Respublikasi Qonuni Pedagog xodimning maqomi to’g’risida
QL-1037/20-3
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi pedagog xodimning maqomiga oid munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning qo’llanilish sohasi
Ushbu Qonun O’zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek nodavlat ta’lim tashkilotlari (bundan buyon matnda ta’lim tashkilotlari deb yuritiladi) pedagog xodimiga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
asosiy ish faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shug’ullanuvchi shaxslarga;
harbiy ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug’ullanuvchi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3-modda. Pedagog xodimning maqomi to’g’risidagi qonun hujjatlari
Pedagog xodimning maqomi to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining pedagog xodim maqomi to’g’risidagi hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:
- o’qituvchi-murabbiylik – umumiy o’rta ta’lim tashkilotida ilk bor faoliyat boshlayotgan shaxslarni kasbiy moslashtirish bo’yicha amaliy yordam ko’rsatuvchi pedagog xodim faoliyati;
- pedagogik faoliyat – pedagog xodim va ta’lim oluvchining o’zaro hamkorligiga asoslangan ta’lim oluvchini o’qitish va tarbiyalashga yo’naltirilgan ta’lim jarayoni;
- pedagog xodim – tegishli hujjat bilan tasdiqlangan malakasiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxs;
- pedagog xodim maqomi – O’zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida pedagog xodim uchun belgilangan huquqlar va majburiyatlar, shu jumladan mehnat huquqlari, ijtimoiy kafolatlar, imtiyozlar, cheklovlar va javobgarliklar tizimi;
- ta’lim oluvchi – ta’lim tashkilotlarida muayyan davlat ta’lim standartlari yoki davlat ta’lim talablari (o’quv dasturlari) asosida pedagog xodim yordamida bilim, uquv va ko’nikmalarni o’zlashtirayotgan, tarbiyalanuvchi, o’quvchi, talaba, doktorant, tinglovchi yoki boshqa maqomga ega bo’lgan jismoniy shaxs.
5-modda. Pedagog xodim maqomi bo’yicha davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari
Quyidagilar pedagog xodim maqomini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari hisoblanadi:
- zamonaviy bilim, qobiliyat, mahorat va ko’nikmalarga ega bo’lgan pedagog kadrlarni tayyorlash;
- pedagog xodimning ijtimoiy va kasbiy mavqeini oshirish;
- jamiyatda ta’lim va tarbiyani hamda shaxsni rivojlantirishda pedagog xodimning hal qiluvchi rolini tan olish;
- pedagog xodimni davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ta’minotini, huquqlari hamda sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishini kafolatlash;
- pedagog xodimning ijodiy va samarali mehnat qilishi, kasbiy rivojlanishi, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun yetarli sharoitlar yaratish.
6-modda. Pedagogik faoliyatning asosiy printsiplari
Quyidagilar pedagogik faoliyatning asosiy printsiplari hisoblanadi:
- pedagogik faoliyatda shaxsga yo’naltirilgan ta’lim va tarbiya berishni ta’minlash;
- ta’lim va tarbiyaning insonparvarlik xususiyati;
- professional va oliy ta’limda ta’lim oluvchilarda zarur malakalar va kasbiy kompetentsiyalar shakllantirishning ustuvorligi;
- ta’lim oluvchining huquq va erkinliklariga, milliy madaniy an’analarga hurmat bilan qarash;
- professionallik va layoqatlilik;
- ochiqlik va shaffoflik;
- ta’lim oluvchilarni Vatanga muhabbat, xalqlar va millatlar o’rtasidagi do’stona munosabatlar ruhida o’qitish va tarbiyalash;
- umuminsoniy va axloqiy qadriyatlarga rioya qilinishi;
- pedagog xodim tomonidan fan, texnika va texnologiyaning so’nggi yutuqlari asosida o’z bilim, malaka va ko’nikmalarini oshirib borishi;
- mustaqil ta’limni tashkil etish hamda ta’lim oluvchilarda ijodkorlikni rivojlantirish.
2-bob. Pedagog xodim maqomining huquqiy asoslari
7-modda. Pedagog xodim maqomiga ega bo’lish va uni yo’qotish
Pedagog kadr u bilan ta’lim tashkiloti o’rtasida mehnat shartnomasi tuzilgan paytdan boshlab pedagog xodim maqomiga ega bo’ladi va mehnat shartnomasi bekor qilinganda ushbu maqomni yo’qotadi.
Quyidagi shaxslar uzluksiz ta’lim tizimida (maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi bundan mustasno) pedagogik faoliyat bilan shug’ullanishi mumkin emas:
- sud tomonidan muayyan muddatga pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish huquqidan mahrum qilingan shaxslar;
- muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
- qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
- pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to’sqinlik qiladigan kasalliklari bo’lgan shaxslar;
- tegishli ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo’lmagan shaxslar.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
8-modda. Pedagogik faoliyatga oid lavozimlar
Uzluksiz ta’lim tizimida quyidagi lavozimda mehnat faoliyatini olib borayotgan shaxslar pedagog xodim maqomiga ega bo’ladilar:
- maktabgacha ta’lim va tarbiyada – tarbiyachi, tarbiyachi yordamchisi (enaga), psixolog, logoped-o’qituvchi, o’qituvchi-defektolog, til o’qituvchisi, musiqa rahbari, musiqa xodimi, xoreograf, jismoniy tarbiya yo’riqchisi, metodist, defektolog, logoped, maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari;
- umumiy o’rta va o’rta maxsus ta’limda – o’qituvchi, ta’lim tashkiloti rahbari va uning o’rinbosarlari, psixolog, tarbiyachi, yetakchi, to’garak rahbari, metodist, uslubchi, mutaxassislar, bo’lim boshliqlari, sho»ba mudirlari, xarbiy chaqiriqgacha tayyorgarlik rahbari;
- professional ta’limda – o’qituvchi (katta, yetakchi, bosh), oliy ma’lumotli o’qituvchi, o’rta maxsus ma’lumotli o’qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustasi, kafedra mudiri, harbiy chaqiriqgacha tayyorgarlik rahbari, jismoniy tarbiya rahbari, psixolog, uslubchi, bo’lim boshlig’i, katta usta, professional ta’lim tashkiloti rahbari va uning o’rinbosarlari;
- oliy ta’limda – professor, dotsent, katta o’qituvchi, o’qituvchi, assistent, kafedra mudiri, fakul`tet dekani va uning o’rinbosarlari, o’quv, ilmiy va ma’naviyat bo’limi rahbari va uning o’rinbosarlari, bo’lim uslubchilari, tarbiyachi-pedagoglar, oliy ta’lim tashkiloti rektori (filial direktori) va prorektorlari (filial direktori o’rinbosarlari);
- oliy ta’limdan keyingi ta’limda – dissertantlarning ilmiy rahbarlari va maslahatchilari (murabbiylari);
- kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalarida – professor, dotsent, katta o’qituvchi, o’qituvchi, kafedra mudiri, fakul`tet dekani va uning o’rinbosarlari, o’quv, ilmiy va ma’naviyat bo’limi rahbari va uning o’rinbosarlari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasasi rahbari va uning o’rinbosarlari;
- maktabdan tashqari ta’limda – o’qituvchi, murabbiy, trener murabbiy, trener-o’qituvchi, o’qituvchi-defektolog, t`yutor, metodist, to’garak rahbari, tarbiyachi, maktabdan tashqari ta’lim muassasasi rahbari va uning o’rinbosarlari, bo’lim boshliqlari va sho»ba mudirlari, uslubchi, madaniy-ommaviy tadbirlar tashkilotchisi, mutaxassislar, tashkilotchilar, ekskursovod.
Qonun hujjatlarida uzluksiz ta’lim tizimiga kiritilgan yangi lavozimlar pedagog xodim maqomiga egaligi qayd etilishi mumkin.
Pedagog xodim maqomiga ega shaxslarga ko’krak nishoni va guvohnoma beriladi. Pedagog xodim maqomi yo’qotilganda ko’krak nishoni va guvohnoma ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlariga qaytarilishi lozim.
Pedagog xodimning ko’krak nishoni va guvohnomasini berish tartibi va uning namunaviy shakli O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
9-modda. Pedagog xodimning kasbiy faoliyati
Tegishli ma’lumoti, kasbiy tayyorgarligi bo’lgan va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish huquqiga ega.
Uzluksiz ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimning ta’lim yo’nalishi (mutaxassisligi) va darajasiga qo’yiladigan talablar Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida belgilanadi.
Agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, pedagogik oliy ma’lumotga ega bo’lmagan shaxslarga qayta tayyorlash kurslaridan o’tganidan keyin ta’lim tashkilotlarida (bundan oliy ta’lim tashkilotlari mustasno) pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish huquqi beriladi.
Ishlab chiqarish ta’limi ustalari qayta tayyorlash kurslaridan o’tmasdan professional ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug’ullanishga haqli.
Zarurat bo’lganda professional ta’lim tashkilotlari ishlab chiqarish ta’limi ustalarini, shuningdek tegishli bilim hamda amaliy ko’nikmalarga ega bo’lgan, oliy ma’lumoti bo’lmagan boshqa mutaxassislarni amaliy va qo’shimcha mashg’ulotlarni olib borish uchun jalb etishi mumkin.
- 10-modda. Pedagog xodim faoliyatining kafolatlari
Pedagog xodimning maqomi jamiyat va davlat tomonidan tan olinadi. Pedagog xodimlar ijtimoiy qo’llab-quvvatlanadi, o’z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi, ularning ijtimoiy maqomi va obro’sini oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek o’z huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun kafolatlar beriladi.
Pedagog xodimning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’si davlat himoyasi ostida bo’ladi.
Pedagog xodim bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuziladi. Bunda, ta’lim tashkilotining rahbari va uning o’rinbosarlari bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Muddatli mehnat shartnomasi tuzilishiga faqat pedagog xodimning tashabbusiga ko’ra yo’l qo’yiladi.
Pedagog xodim faoliyati yuzasidan akademik erkinlik kafolatlanadi.
Pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga aralashishga, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to’g’ri va xolis baholashga ta’sir ko’rsatishga, shuningdek ushbu pedagog xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to’sqinlik qilishga yo’l qo’yilmaydi.
Ilmiy-pedagogik adabiyotlar, darsliklar va o’quv-uslubiy qo’llanmalar yozish uchun pedagog xodimga ijodiy ta’til berish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Davlat ta’lim tashkilotlari tugatilganda davlat tomonidan pedagog xodimga avvalgi ishiga (lavozimiga) teng boshqa ish (lavozim) berilishi kafolatlanadi.
11-modda. Pedagog xodimning lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog’liq bo’lmagan boshqa ishlarga jalb etishga yo’l qo’ymaslik
Pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga, yig’ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Pedagog xodimni majburiy mehnatga jalb qilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida o’rnatilgan tartibda javobgarlikka tortiladi.
12-modda. O’qituvchi-murabbiylik
Umumiy o’rta ta’lim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o’quv yili davriga o’qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodim biriktiriladi.
O’qituvchi-murabbiylikni amalga oshirganligi uchun pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida har oylik qo’shimcha haq to’lanadi.
O’qituvchi-murabbiylik faoliyatini amalga oshiruvchi pedagog xodimga qo’yiladigan talablar va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
3-bob. Pedagog xodimning huquq va majburiyatlari, ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlariga nisbatan qo’yiladigan talablar
13-modda. Pedagog xodimning huquqlari
Pedagog xodim quyidagi huquqlarga ega:
- o’z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’sini himoya qilish;
- o’quv dasturlari doirasida mualliflik dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, o’qitish uslubiyotini ishlab chiqish, shuningdek tegishli o’quv fanlari, kurslari, modullaridan foydalanish, ijodiy faollik ko’rsatish;
- zamonaviy pedagogik shakllarni, o’qitish va tarbiya vositalarini, usullarini erkin tanlash hamda ulardan foydalanish;
- kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;
- o’quv, ilmiy va uslubiy yo’nalishlardagi axborot-resurs markazlarining xizmatlaridan bepul foydalanish;
- davlat ta’lim standartlarini, davlat ta’lim talablarini, malaka talablarini, o’quv rejalari va o’quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
- ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyatni amalga oshirish, eksperimental faoliyatda ishtirok etish, innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish;
- ta’lim tashkilotini boshqarishda, shuningdek ta’lim tashkilotining faoliyati bilan bog’liq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
- kasaba uyushmalari va nodavlat notijorat tashkilotlari a’zosi bo’lish, xodimlarining vakillari bo’lish, fuqarolik jamiyati boshqa institutlari faoliyatida qatnashish;
- o’z kasbiy huquqlarini va umumiy manfaatlarni ifoda etish hamda himoya qilish uchun pedagog xodimlarning jamoat birlashmalariga birlashish;
- o’z kasbiy faoliyatiga aralashuvdan himoyalanish;
- davlat sog’liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko’rikdan o’tish (davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlari uchun);
- ta’lim oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etish.
- Pedagog xodim o’z kasbiy faoliyatini amalga oshirishda kelib chiqishi mumkin bo’lgan quyidagi holatlar bo’yicha sudga murojaat qilganda davlat bojini to’lashdan ozod qilinadi:
- pedagog xodimning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’sini himoya qilish yuzasidan;
- pedagog xodimning huquqlarini buzayotgan davlat organlarining g’ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda.
Pedagog xodimlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
14-modda. Pedagog xodimning majburiyatlari
Pedagog xodim:
- ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’sini hurmat qilishi;
- o’quv mashg’ulotlarini sifatli o’tkazishi;
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, o’qitish va tarbiyaning ilg’or hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanishi;
- ta’lim oluvchilarning psixologik va o’ziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olishi, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo’lgan shaxslarni o’qitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga e’tibor qaratishi;
- voyaga yetmagan ta’lim oluvchilar bilan ta’lim-tarbiya ishlarini ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari bilan hamkorlikda olib borishi;
- ta’lim tashkilotining ustaviga va (yoki) boshqa ta’sis hujjatlariga, ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etishi;
- o’z malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan o’tishi;
- tibbiy ko’rikdan o’z vaqtida o’tishi shart.
Pedagog xodimning zimmasida qonunchilik hujjatlariga, shuningdek ta’lim oluvchi va ta’lim tashkiloti o’rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.
Pedagog xodimga pedagogik faoliyatni amalga oshirishda axloq va etika normalariga zid harakatlar sodir etish taqiqlanadi.
15-modda. Pedagog xodimning axloq va etika normalari
Pedagog xodimning axloq va etika normalari pedagog xodimning shaxsiga va o’z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog’ida uning xulq-atvoriga qo’yiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir.
Pedagog xodimning kasbga oid axloq va etika normalari ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tegishli kasaba uyushmalarining birlashmasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Pedagog xodimning kiyim-boshiga doir talablar ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanadi.
16-modda. Pedagog xodim faoliyatiga nisbatan cheklovlar
Pedagog xodim:
- jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar ta’lim oluvchilarni kamsitish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo’zg’atuvchi axborot tarqatishga qaratilgan faoliyat olib borish;
- ta’lim tashkilotlarida siyosiy guruhlar tuzish va siyosiy partiyalarning tashkiliy tuzilmalarini tashkil etish;
- ta’lim tashkilotlari ta’lim oluvchilarini siyosiy harakatlarga jalb qilish;
- qonunga muvofiq jinoiy va o’zga javobgarlikka sabab bo’ladigan boshqa harakatlarni sodir etish taqiqlanadi.
17-modda. Ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlariga nisbatan qo’yiladigan talablar va ularning asosiy vazifalari
Maktabgacha, o’rta maxsus, professional, oliy, oliy ta’limdan keyingi va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo’yicha davlat ta’lim muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ta’lim sohasida kamida besh yil pedagogik ish staji va umumiy o’rta ta’lim muassasasi ko’rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo’yicha o’z dasturiga ega oliy ma’lumotli nomzod umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga tanlov xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan o’tkaziladi va tanlov natijalariga ko’ra g’olib deb topilgan nomzod tegishincha Qoraqalpog’iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga tayinlanadi.
Quyidagilar umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktorining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- ta’lim tashkilotlari vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha qarorlar qabul qiladi hamda unga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning samarali bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
- maktab o’quv-tarbiya jarayonini innovatsion va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish orqali tashkil etish va rivojlantirish, ta’lim sifatini yaxshilashning asosiy yo’nalishlarini belgilash;
- o’z o’rinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular o’rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning javobgarligi darajasini belgilaydi;
- pedagog xodimlar salohiyatini oshirish va rag’batlantirish choralarini ko’rish;
- o’z vakolatlari doirasida ta’lim tashkilotlarining barcha xodimlari uchun majburiy bo’lgan buyruqlar chiqaradi va ko’rsatmalar beradi;
- ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari ko’rib chiqishi uchun moddiy-texnika bazani mustahkamlash, o’quv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va ta’lim tashkilotlari faoliyatining boshqa masalalari bo’yicha takliflar kiritadi;
- pedagog xodimlar va boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi.
Umumiy o’rta ta’lim ta’lim tashkilotlari rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
Umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktorining umumiy o’rta ta’lim muassasasi ko’rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo’yicha o’z dasturida ko’rsatilgan maqsadli vazifalarning bajarilishi to’g’risidagi yil yakunlari bo’yicha hisoboti xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida eshitiladi.
Umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktoriga intizomiy jazo qo’llash va uni ish beruvchining tashabbusiga ko’ra lavozimidan ozod etish masalalari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Umumiy o’rta ta’lim muassasasining direktori lavozimiga nomzodlarni xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlov asosida tayinlash va nomzod tomonidan umumiy o’rta ta’lim muassasasi ko’rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo’yicha o’z dasturini taqdim etish tartibi va ularning faoliyatini baholash mezonlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat ta’lim tashkilotlari rahbarlariga qo’yiladigan malaka talablari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi, shuningdek ularning asosiy vazifalari qonunchilik hujjatlariga, o’z ustaviga va (yoki) boshqa ta’sis hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Pedagog xodimning ijtimoiy ximoyasi
18-modda. Pedagog xodimning mehnatiga haq to’lash
Pedagog xodimning mehnatiga haq to’lash mehnat shartnomasida nazarda tutilgan funktsional majburiyatlarni bajarganligi uchun amalga oshiriladi.
Pedagog xodimni kasbiy faoliyati bilan bog’liq boshqa qo’shimcha ishlar va majburiyatlarni bajarganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qo’shimcha haq to’lanadi.
Davlat ta’lim tashkiloti pedagog xodimining bazaviy lavozim maoshi bazaviy hisoblash miqdorining o’n baravaridan kam bo’lishi mumkin emas.
Pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshi ta’lim sohasi bo’yicha mutaxassisligi, malaka toifasi hamda ilmiy darajasi, davlat mukofotlari va unvonlari inobatga olingan holda hisoblanadi.
Pedagog xodimdan qo’shimcha pedagogik malakani talab etadigan mehnatning alohida sharoitlarida ishlaganlik uchun bazaviy lavozim maoshiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Respublikaning olis hududlarida ishlaydigan pedagog xodimlarga ustamalar va imtiyozlar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Davlat ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga byudjet va byudjetdan tashqari mablag’lar doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustamalar, moddiy rag’batlantirish va kompensatsiyaning boshqa turlari belgilanishi mumkin.
Nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog xodimning mehnatiga haq to’lash qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu tashkilotlarning muassislari yoki vakolatli shaxslari tomonidan belgilanadi.
19-modda. Malakali pedagog xodimni rag’batlantirish
Chet tili va fanlarni bilish bo’yicha imtiyoz beriladigan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo’lgan tegishli chet tili va fan bo’yicha ta’lim beruvchi pedagog xodimlarga, sertifikatning amal qilish muddati davomida bazaviy lavozim maoshining 50 foizi miqdorida har oylik ustamalar to’lanadi.
Ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug’ullanuvchi pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshiga quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to’lanadi:
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki xorijiy mamlakatlarda ularga tenglashtirilgan darajalar) ilmiy darajasiga va (yoki) dotsent ilmiy unvoniga (lavozimga) ega shaxslar uchun – kamida bazaviy lavozim maoshining 30 foizi;
fan doktori (Doctor of Science) (yoki xorijiy mamlakatlarda unga tenglashtirilgan daraja) ilmiy darajasiga va (yoki) professor ilmiy unvoniga (lavozimga) ega shaxslar uchun – kamida bazaviy lavozim maoshining 60 foizi.
Malaka toifasi (lavozim)ga ega pedagog xodimlarga quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to’lanadi:
ikkinchi malaka toifasi (katta o’qituvchi lavozimi) uchun – bazaviy lavozim maoshining kamida 20 foizi;
birinchi malaka toifasi (yetakchi o’qituvchi lavozimi) uchun – bazaviy lavozim maoshining kamida 30 foizi;
oliy malaka toifasi (bosh o’qituvchi lavozimi) uchun – bazaviy lavozim maoshining kamida 50 foizi.
Umumiy o’rta, o’rta maxsus, professional va maktabdan tashqari davlat ta’lim tashkilotlarining quyidagi pedagog xodimlariga malaka toifasi (lavozim) to’g’ridan-to’g’ri (attestatsiyadan o’tkazilmasdan) beriladi:
xalqaro fan olimpiadalarida g’oliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qo’lga kiritgan o’quvchilarni tayyorlagan umumta’lim muassasasining pedagog xodimiga – oliy, akademik litsey va kasb-hunar maktabining pedagog xodimiga – bosh o’qituvchi malaka toifasi beriladi;
respublika fan olimpiadalarida va ko’rik-tanlovlarning respublika bosqichida g’oliblikni qo’lga kiritgan o’quvchilarni tayyorlagan o’qituvchilarning malaka toifasi bir pog’onaga oshiriladi.
20-modda. Davlat ta’lim tashkilotlari rahbarlarini rag’batlantirish.
Davlat ta’lim tashkiloti rahbarlarini moddiy rag’batlantirish va qo’llab-quvvatlash uchun quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to’lanadi:
rahbarga – bazaviy lavozim maoshining 30 foizi miqdorida, rahbar o’rinbosarlariga – bazaviy lavozim maoshining 20 foizi miqdorida.
Mazkur Qonunning 19-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan rag’batlantirish davlat ta’lim tashkiloti rahbariga 20 foiz, rahbari o’rinbosarlariga 10 foiz oshirilgan miqdorda qo’llaniladi.
Xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalari, fan olimpiadalarining birinchi, ikkinchi va uchinchi o’rin sovrindorlarini tayyorlagan ta’lim tashkilotlarining rahbarlari va pedagog xodimiga qonunchilik hujjatlari bilan ustamalar to’lanishi mumkin.
21-modda. Pedagog xodimlarni ijtimoiy himoya qilish
Ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini ijtimoiy himoya qilish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.
Davlat ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga quyidagilar kafolatlanadi:
- ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to’lanadigan uzaytirilgan ta’til;
- bayram (ishlanmaydigan) kunlari munosabati bilan bir bazaviy lavozim maoshi miqdorida mukofotlar;
- uzaytirilgan ta’til berilganida, kalendar yilda bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog’lig’ini tiklash uchun moddiy yordam.
Tabiiy iqlim sharoiti noqulay bo’lgan hamda respublikaning tog’li va olis hududlarida, qishloq joylarida ishlaydigan pedagog xodimlarga byudjet mablag’lari hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda kommunal to’lovlarni to’lash uchun kompensatsiya to’lanadi.
Mazkur qonundagiga nisbatan qo’shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yo’sinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.
Pedagog xodimlar umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.
22-modda. Pedagog xodimning ko’p yillik xizmati uchun ustama to’lash
Pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko’p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar ish stajiga mutanosib ravishda quyidagi miqdorlarda to’lanadi:
5 yildan 10 yilgacha – bazaviy lavozim maoshining 15 foizi;
10 yildan 20 yilgacha – bazaviy lavozim maoshining 30 foizi;
20 yil va undan ortig’iga – bazaviy lavozim maoshining 40 foizi.
23-modda. Pedagog xodimlarning sog’lig’ini himoya qilish
Ta’lim tashkilotlarining pedagog va boshqa xodimlariga sanitariya-gigienaga oid, epidemiyaga qarshi hamda profilaktika choralari bilan amalga oshiriladigan sog’liqni saqlash kafolatlanadi.
Pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanadi.
Davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar davlat sog’liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi.
Davlat ta’lim tashkilotlarida kamida 15 yil ish stajiga ega pedagog xodimga yilda bir marta tibbiy xulosaga asosan davlat sog’lomlashtirish muassasalarida sog’lig’ini tiklash uchun bepul yo’llanma berish kafolatlanadi. Sog’lig’ini tiklash xarajatlari O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan qoplanadi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlarida tibbiy ko’rikdan o’tkazish va davolanish bilan bog’liq imtiyozlar ish beruvchining tashabbusiga binoan belgilanadi.
24-modda. Qo’shimcha imtiyozlar va rag’batlantirishlar
Kasbiy faoliyatda yuqori natijalarga erishganligi uchun pedagog xodimlar davlat mukofotlari, faxriy unvonlari va ko’krak nishonlari bilan taqdirlashga tavsiya etilishi mumkin.
Respublika va xalqaro tanlovlarda g’oliblikni qo’lga kiritgan pedagog xodimlar xorijiy davlatlarda malaka oshirish va malakaviy amaliyotga yuborilishida imtiyozli huquqqa ega.
Oliy ma’lumotga ega bo’lmagan ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodim kirish test sinovlarisiz, to’lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari oliy ta’lim muassasasining pedagogika yo’nalishi bo’yicha sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakliga suhbat asosida o’qishga qabul qilinadi.
Tijorat banklari va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan pedagog xodimlarga imtiyozli kreditlar ajratilishi mumkin.
Tabiiy iqlim sharoiti noqulay bo’lgan hamda respublikaning tog’li va olis hududlarida joylashgan davlat ta’lim tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan pedagog xodimga ushbu hududda yangi turar-joy qurish yoki sotib olish uchun davlat tomonidan imtiyozli ipoteka krediti mazkur hududda uzluksiz o’n yil ishlab berish sharti bilan O’zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ajratiladi.
Pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun tuzilgan shartnomalar bo’yicha uning oylik ish haqidan yo’naltiriladigan mablag’lar summasi pedagog xodimning daromadi sifatida qaralmaydi.
5-bob. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish
25-modda. Pedagog kadrlarni tayyorlash
Pedagog kadrlarni tayyorlash oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan pedagog kadrlar tayyorlanishi mumkin.
Pedagogika mutaxassisligi bo’yicha talabalarni professional pedagogik ta’lim muassasalariga qabul qilish davlat buyurtmasi bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash rejasiga ko’ra tanlov asosida davlat granti hisobidan va to’lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.
26-modda. Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va attestatsiyadan o’tkazish
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo’lgan yo’nalishlar bo’yicha faoliyatni amalga oshirish uchun qo’shimcha kasbiy bilim, malaka va ko’nikmalarning zarur hajmi egallanishini ta’minlaydi.
Pedagog kadrlarni malakasini oshirish kasbiy bilim, malaka va ko’nikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini ta’minlaydi, kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qiladi.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari va muddatlari tegishli davlat ta’lim talablari bilan belgilanadi.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonida pedagog xodim o’zining kasbiy fanlaridan tashqari qo’shimcha fanlarni (chet tili, axborot texnologiyalar, ijtimoiy-gumanitar fanlar va boshqalar) ixtiyoriy ravishda o’zlashtirishi mumkin. Qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan o’tayotgan pedagog xodimni mazkur fanlarni o’zlashtirish va bulardan
imtihonlar topshirishga majburlash taqiqlanadi.
O’quv rejasi va o’quv dasturining o’zgarishi (fanni kiritilishi yoki chiqarib tashlanishi) sababli davlat ta’lim tashkilotining pedagog xodimini yangi turdosh fanni o’qitishga qayta tayyorlash O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat ta’lim tashkilotlari pedagog xodimining belgilangan muddat va hajmdagi malaka oshirish xarajatlari O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining malaka oshirishi ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etiladi va moliyalashtiriladi.
Pedagog xodimlarni attestatsiyadan o’tkazish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
27-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar va tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o’rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
28-modda. O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo’shimchalar kiritish
1) O’zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi 938-XII-sonli Qonuni (O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 9, 338-modda; O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 12, 269-modda; 1997 yil, № 4-5, 126-modda; 1998 yil, № 9, 181-modda; 1999 yil, № 5, 112-modda; 2001 yil, № 5, 89-modda; 2002 yil, № 4-5, 74-modda; O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, № 5, 152-modda; 2007 yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008 yil, № 12, 640-modda; 2010 yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012 yil, № 1, 4-modda; 2013 yil, № 10, 263-modda; 2014 yil, № 12, 341-modda; 2016 yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018 yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019 yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda) 12-moddasi birinchi qismining “k” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“k) pedagog xodimlar, harbiy akademik litseylar, tarbiya koloniyalari o’qituvchilari – maxsus ish staji kamida 25 yil bo’lgan taqdirda (3-sonli ro’yxat, VII qism)”;
2) O’zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan 161-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, 1-songa ilova; 1997 yil, № 2, 65-modda; 1998 yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999 yil, № 1, 20-modda, № 5, 112, 124-moddalar, № 9, 229-modda; 2001 yil, № 5, 89-modda, № 9-10, 182-modda; 2002 yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, № 9, 312-modda; 2009 yil, № 12, 470, 471-moddalar; 2010 yil, № 12, 472-modda; 2012 yil, № 9/1, 238-modda; 2013 yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014 yil, № 1, 2-modda; 2015 yil, № 8, 312-modda; 2016 yil, № 4, 125-modda, № 12, 383-modda; 2017 yil, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018 yil, № 1, 1, 4-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda, № 10, 677-modda; 2019 yil, № 1, 3-modda, № 2, 47-modda, № 5, 261, 267-moddalar, № 12, 880-modda)
140-moddasi ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonun hujjatlari bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati qirq sakkiz ish kunidan oshib ketishi mumkin emas, pedagog xodimlarga beriladigan uzaytirilgan ta’tillar bundan mustasno.”.
3) O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi O’RQ–599-son Qonuni bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2019 y., 02/19/SK/4256-son, 11.03.2020 y., 03/20/607/0279-son, 05.10.2020 y., 03/20/640/1348-son) 369-moddasi ikkinchi qismi quyidagi quyidagi mazmundagi 121-band bilan to’ldirilsin:
“121) pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun tuzilgan shartnomalar bo’yicha uning oylik ish haqidan yo’naltiriladigan to’lovlar”;
4) O’zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to’g’risida”gi O’RQ–600-sonli Qonuniga (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.01.2020 y., 03/20/600/0023-son, 14.03.2020 y., 03/20/610/0299-son, 21.05.2020 y., 03/20/619/0622-son; 05.10.2020 y., 03/20/640/1348-son) quyidagi qo’shimchalar kiritilsin:
8-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 52-band bilan to’ldirilsin:
“52) da’vogarlar – pedagog xodim o’zining kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’siga putur yetkazilgan taqdirda ularni himoya qilish to’g’risidagi da’volar yuzasidan”;
10-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 16-band bilan to’ldirilsin:
“16) Pedagog xodimlar – kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida o’zining huquqlarini buzayotgan davlat organlarining g’ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga berilgan shikoyatlar yuzasidan.”.
29-modda. Nizolarni hal etish
Pedagog xodim maqomi va uning kasbiy faoliyati bilan bog’liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30-modda. Pedagog xodimning maqomi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Pedagog xodimning maqomi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.
31-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo’lgan o’z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko’rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
32-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O’zbekiston Respublikasi
Prezidenti SH. Mirziyoyev