O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi Elchixonasi hamda Buyuk Britaniyaning Hukumatlararo hamkorlik xizmati o’rtasida anglashuv memorandumi imzolash marosimi bo’lib o’tdi

Joriy yilning 7 dekabr` kuni O’zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov, Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi T. Torlou va Buyuk Britaniyaning Hukumatlararo hamkorlik xizmati rahbari N. Smit tomonidan 2020 yil dekabr` oyidan 2021 yil mart oyiga qadar mo’ljallangan o’zaro hamkorlik to’g’risida anglashuv memorandumi imzolandi.

Adliya vaziri R. Davletov Buyuk Britaniya Elchisi T. Torlou hamda Hukumatlararo hamkorlik xizmati rahbari N. Smitga uzoq yillik o’zaro manfaatli hamkorliklari uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusi yillarda ham birgalikda samarali ishlashni davom ettirish istagini bildirdi.

Buyuk Britaniya Elchisi T. Torlou va Hukumatlararo hamkorlik xizmati rahbari N. Smit hamkorlik aloqalari o’rnatilgandan buyon maqsadli tadbirlar amalga oshirilib kelinayotganidan xursandligini aytib, ikki tashkilot o’rtasidagi aloqalar vaqt bilan sinalganini hamda uni yanada mustahkamlash uchun hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Anglashuv memorandumini samarali amalga oshirish uchun alohida tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan bo’lib, tadbirlar mazkur dasturga asosan o’tkaziladi. Memorandum doirasidagi barcha tadbirlar Britaniya tomonidan beg’araz moliyalashtiriladi.

Tadbirlar dasturi doirasida samarali boshqaruvni amalga oshirishda islohotlar o’tkazish va xalqaro tajribani tatbiq etish uchun amaliy qo’llanmalar, shu jumladan yetakchilik, strategik yondashuv, tahlillar, loyihalarni boshqarish, innovatsiyalar, aloqalar o’rnatish, kadrlarni boshqarish va boshqa mavzularda Adliya vazirligi xodimlari uchun markaziy, hududiy va tuman darajalarida ekspert seminarlari va o’quv mashg’ulotlarini uyushtirish, COVID-19 oqibatlariga nisbatan Adliya vazirligiga inqirozdan chiqish uchun yetakchilik, unga javoban ustuvor vazifa va yo’nalishlarni belgilashda ko’maklashish hamda adliya tizimida islohotlarni amalga oshirish hamda inson resurslarini murabbiylik va kouching (couching) orqali boshqarishda ko’maklashish uchun xalqaro ekspertlarni qisqa muddatlarga jalb qilish kabi tadbirlarni amalga oshirish ko’zda
tutilgan.

Imzolash marosimi do’stlik va hamjihatlik ruhida bo’lib o’tdi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi

Ulashing: