Eʼtirofga munosib ayol
Mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish boʻyicha olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida yurtimizda barcha sohalarda mehnat qilayotgan ilgʻor xotin-qizlarimiz, faol va tashabbuskor opa-singillarimiz talaygina.
Ana shunday masʼul lavozimlarda mehnat qilib kelayotgan rahbar ayollardan biri fargʻonalik Mahbubaxon opa Toshmatova hisoblanadi. Ayni paytda u Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari hamda Fargʻona viloyati yuridik texnikumi direktori boʻlib samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Mahbubaxon opa Toshmatova bilan suhbat qilgan inson uning samimiy va falsafaga boy gap soʻzlarini tinglab, koʻp yillik tajribalari va hayotiy xulosalari inson kamolotida tarbiyaviy ahamiyatga molik ekanligini his etadi.
Uning ibratli hayot yoʻli, namunali mehnat faoliyati ham bunga yaqqol misoldir. 1973 yili xizmatchilar oilasida tugʻilib, kamolga yetgan Mahbubaxon opa yetuk huquqshunos boʻlish maqsadida astoydil harakat qildi, oʻqidi, izlandi, bilimini oshirdi. Oʻz oʻrnida uning bu saʼy-harakatlari besamar ketmadi. 1991 yilda talabalik baxti nasib etib, Fargʻona davlat unversitetining huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kirdi. Oliygohda oʻz kasbining ustasi boʻlgan mohir pedagog ustoz va murabbiylardan huquqshunoslik kasbining hayotiy ahamiyatini mukammal oʻrgandi. Doimo faol va bilimdon talabalar qatorida boʻldi.
1996 yilda unversitetni tamomlab, ish faoliyatini Fargʻona shahridagi respublika huquq litseyida (hozirgi Fargʻona viloyati yuridik texnikumi) “Huquq asoslari” fani oʻqituvchisi sifatida boshladi. Mehnat faoliyatining dastlabki yillaridanoq ustoz sifatida oʻquvchilar qalbiga yoʻl topdi. Yosh avlodni ilm-maʼrifatga oshno etdi. Murgʻak qalb bolalar ongu shuurida chin insoniylik hislatlarini shakllantirishga hissa qoʻshdi.
Mehnat jamoasida mehnatsevarligi, faol va tashabbuskorligi bilan boshqalardan ajralib turdi. Aynan shunday hislatlari bilan Mahbuba opa rahbarlar eʼtiboriga tushdi. 2006 yilda yosh pedagog oʻzi oʻqituvchi boʻlib ishlayotgan mazkur Fargʻona shahar respublika huquq litseyiga oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari etib tayinlandi. Shu tariqa yillar davomida qator maʼsuliyatli lavozimlarda ishladi.
Xususan, u Fargʻona shahar Respublika huquq litseyi oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, Fargʻona shahar huquqshunoslik kolleji direktorining kasbiy taʼlim buyicha oʻrinbosari, Fargʻona viloyati yuridik kolleji direktori vazifasini bajaruvchisi, mazkur kollej direktorining oʻquv ishlab chiqarish ishlari boʻyicha oʻrinbosari, kollej direktorining oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, Fargʻona viloyati yuridik texnikumi direktorining oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari va 2021 yildan boshlab hozirgacha Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari- yuridik texnikumi direktori sifatida namunali faoliyat yuritmoqda.
-Halol mehnat maʼnaviy yuksalish garovi, – deydi Fargʻona viloyati Yuridik texnikumi direktori Mahbuba opa Toshmatova. -Buni men taʼlim tizimida ishlab, oʻz mehnatlarim misolida koʻproq anglab borayabman. Bilim dargohimiz mehnat jamoasida fidoyi oʻqituvchilarimiz koʻp. Ular oʻquvchilarimizning ertangi taqdiriga befarq emaslar.
Darhaqiqat, bugun kattagina mehnat jamoaning rahbari sifatida Mahbuba opaning zimmasidagi masʼuliyat zalvori yanada ortgan. Shunday boʻlsada u jamoaga rahbar boʻlibgina emas, sirdosh, hamdard doʻstday tutadi oʻzini. Hamkasblari bilan munosabatda biriga opa, biriga singil, dugonadek munosabatda boʻladi. Oʻquvchilar bilan esa sirdosh, yaqin doʻst, meribon onadek muomila qiladi. Mehnat jamoasi va taʼlim-tarbiya olayotgan oʻquvchiilarning ishlash, oʻqish, izlanish imkoniyatlari bilan yaqindan qiziqib boradi. Ularni ham maʼnan, ham ruhan qoʻllab-quvvatlaydi.
Oʻqituvchilarga talabalarning pedagogik va psixologik imkoniyatlariga qarab dars jarayonlarini olib borishlari, bu esa taʼlim-tarbiya olayotgan talabalarni dars mashgʻulotlarida faolligini yanada oshirishga sabab boʻlishini taʼkidlaydi.
Har bir inson kishilik jamiyatida yashab mukammal shaxs sifatida shakllanib borarkan, uning davlat oldidagi oʻz huquqlari va majburiyatlarini anglab borishlarida sud-huquq tizimida faoliyat yuritayotgan soha xodimlarining mehnatlari eʼtirofga molik.
Yuridik texnikumi talabalari boʻlgʻusi huquqshunoslar, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu bois bugun ustoz Mahbubaxon opa Toshmatova boshliq texnikumda taʼlim olayotgan yosh shogirdlari yuridik sohalarda allaqachon oʻz oʻrinlarini topib ulguryabdilar. Ular nafaqat notarius yordamchisi, balki fuqarolik xolatlari boʻyicha dalolatnomalarni yozish boʻlimi inspektorlari, davlat xizmatlari markazlarida mutaxassislari, qolaversa sudya, sudya yordamchilari va davlat ijrochisi kabi yuridik tizimida faoliyat yuritayotgan el-yurt nazariga tushgan yosh kadrlardir.
Oʻz oʻrnida Mahbuba opaning kelajagimiz egalari ertasi yoʻlidagi bu kabi mehnatlari eʼtirofga, eʼtiborga munosib. Uning mehnat faoliyati bir necha bor respublika hamda viloyat miqyosida eʼtirof etilib, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. 2021 yilda esa mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi koʻkrak nishoni bilan munosib mukofotlangani unutilmas quvonchli kun boʻldi.
Shu oʻrinda alohida aytib oʻtish kerakki Mahbuba opa faqat ish bilan andarmon boʻlib qolmadi. Turmush oʻrtogʻi Sadir aka bilan yaxshi hayot kechirdi. Yillar bilan yonma-yon ulgʻaygan farzandlari komil inson boʻlib, kamolga yetdilar. Ular xalq xoʻjaligining turli sohalarida oʻz oʻrinlarini topib bormoqdalar.
Muxtasar qilib aytganda maqolamiz qahramoni bir vaqtning oʻzida ham oilasi, ham kasbiga yetarli vaqt ajrata oldi va jamiyatda oʻz oʻrnini topa bilgan ayol boʻlib, oʻta masʼuliyatli va mashaqqatli yuridika sohasida ish olib bormoqda. Bu esa chinakam matonatdir.
Bugun Fargʻona viloyatining Fargʻona shahrida ayni shu damda zahmatkash inson, fidoyi ayol, deya Mahbubaxon opa Toshmatovani koʻrsatishadi. Havas qilishadi. Zero, bunday eʼtirofga yetishishning oʻzi oson emas.
Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari,
Fargʻona viloyati yuridik texnikumi direktori Mahbubaxon opa Toshmatova
Telegram | Facebook | Instagram | Youtube