O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida rasman kuzatuvchi-davlat maqomini oldi
Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti, Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi raisi Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 11-dekabr kuni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ning videoanjuman shaklida o‘tadigan sammitida ishtirok etdi.
“Kuba va O‘zbekiston rahbarlarini ularning mamlakatlariga Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining kuzatuvchi maqomi berilgani bilan chin qalbimdan tabriklayman”, — deydi Lukashenko sammit doirasida.
Tadbirda YeOIIga a’zo davlatlar — Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Moldova va taklif etilgan mamlakat sifatida Kuba yetakchilari ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvarda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ushbu masala hukumat tomonidan parlament muhokamasiga kiritilishi va xalq vakillari bilan batafsil ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan edi. Mart oyining boshlarida esa O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shilishi ma’lum bo‘lgandi. May oyida Oliy Majlis O‘zbekistonning YeOII faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagandi. Ovoz berish jarayonida 100 nafar senatordan 91 nafari ishtirok etgan. Ulardan 71 nafari qarorni ma’qullab ovoz bergan, 16 senator qarshi chiqqan, to‘rt senator betaraf qolgan.