Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin muzokaralari yakunida 15 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolandi
15-sentabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklikning 10 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladilar.
Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni uning tashrif arafasida chop etilgan, xalqlar ko‘p arslik rishtalar bilan bog‘langanini tasdiqlovchi va dasturiy ahamiyatga ega “Xitoy—O‘zbekiston munosabatlarining yorqin kelajagini birgalikda barpo etish” sarlavhali mualliflik maqolasi uchun dildan minnatdorlik bildirdi. Xitoy xalqi Si Szinpin rahbarligida erishayotgan ulkan yutuqlarni qayd etib, Xitoy Kommunistik partiyasining bo‘lajak yigirmanchi yalpi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Xitoy rahbari, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan natijalar berayotganini ta’kidladi.
Yetakchilar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini atroflicha ko‘rib chiqdi.
Xususan, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkich – 8 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 30 foizdan ortiq o‘sdi. Oxirgi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha besh yillik dastur, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, eng avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilg‘or loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladilar. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif etildi.
Mintaqamiz taraqqiyoti va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligi uchun strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida tarixiy kelishuvga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Kelgusi yilda o‘zaro do‘stlik va anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yilini o‘tkazishga kelishib olindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarni, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, “Markaziy Osiyo – Xitoy” mexanizmi doirasida tizimli hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Xitoy yetakchisi O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.
Tadbir yakunida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi.
Muzokaralar yakunida Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Xitoyga borishga taklif etdi.