«Kelgusi yilda ma’muriy sudlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqiladi» mavzusidagi maqola

Kelgusi yilda ma’muriy sudlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqiladi.

 

Kutilganidek, 2022 yil 20 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti o’zining Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasini e’lon qildi.

Murojaatnomada ushbu yilda amalga oshirilgan islohotlar va ularni natijalari, kelgusi yildagi ustuvor yo’nalishlar to’g’risida batafsil taxlillar qayd etildi.

Jumladan, uchinchi yo’nalish sifatida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi ta’kidlandi.

Prezident tomonidan so’nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o’rnatish bo’yicha ko’p ish qilingani, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog’liq holatlar uchrayotgani afsus bilan tilga olindi.

Shu bois, qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o’rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilishi, bu masalada alohida Farmon imzolanishi ma’lum qilindi.

Natijada, eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo’lib yurishlariga barham berilishi, buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo’yicha viloyat sudlarining vakolati ham, mas’uliyati ham oshirilishi ta’kidlandi.

E’tiborlisi, ilg’or xorijiy tajribalar asosida ma’muriy sudlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, xususuan, ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo’lib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko’rish amaliyotini joriy qilish tashabbusi bildirildi.

Amaldagi O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to’g’risidagi kodeksi 32-moddasiga ko’ra, fuqaroning yoki yuridik shaxsning arizasi (shikoyati) qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan ma’muriy organ joylashgan yer yoxud mansabdor shaxsning ish joyi bo’yicha sudga taqdim etiladi.

Bu esa, o’z navbatida har qanday manfaatdor shaxsning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun javobgar joylashgan hududdagi ma’muriy sudga murojaat qilishiga, arizachi o’zi joylashgan joydagi sudga murojaat qila olmasligiga, sudlarda ovora bo’lishi, vaqtini yo’qotishi hamda yo’l uchun ortiqcha xarajatlar qilishiga olib kelmoqda.

Qonunchilikda bunday qoidaning belgilanganligi javobgarga o’zi joylashgan joydagi sudda ishi ko’rilishi unga muayyan ustunlikni tuxfa etadi. Chunki, boshqa joyda joylashgan sudga ovora bo’lib bormaydi, vaqt yo’qotmaydi hamda yo’l uchun ortiqcha xarajatlar qilmaydi.

Kelgusida, ma’muriy sudlarda ishlarni eksterritorial tartibda ko’rilishi, arizachilarning suddagi ovoragarchiligini oldini oladi.

 

Farg’ona tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi Matmusayev Iqrorjon.

Ulashing: