HUQUQSHUNOS KASBIY FAOLIYATIDA NUTQIY SAVODXONLIKNING AHAMIYATI» mavzusidagi maqolasi chop etildi.

♻️ Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda texnikumning 1- bosqich «Sud-huquqiy faoliyat» yoʻnalishi, 24-22 guruh oʻquvchisi Abdubannoyeva Qizlarxon Toxirjon qizi oʻzining iqtidori, serqirra faoliyati bilan turli sohalarda oʻtkazilgan konfirensiyalarda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

🔹 Jumladan, Rossiya Federasiyasi, Moskva. “Научный импульс, Международный современный научно-практический журнал” elektron-onlayn jurnalining 5-sonida «HUQUQSHUNOS KASBIY FAOLIYATIDA NUTQIY SAVODXONLIKNING AHAMIYATI» mavzusidagi maqolasi chop etildi.


HUQUQSHUNOS KASBIY FAOLIYATIDA NUTQIY SAVODXONLIKNING AHAMIYATI

Abdubannoyeva Qizlarxon Toxirjon qizi Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi o‘quvchisi

Annotatsiya: mazkur maqolada zamonaviy yuristlarning o‘z fikrini aniq va ravon ifodalashi uchun til uslublaridan xabardor bo‘lishi, oddiy so‘zlashuvdan tashqari rasmiy ish qogozlarini rasmiylashtirish qoidalarini ham bilishi, o‘z sohasining mohir ustasi bo‘lishi bilan birga, nutq savodxonligi va madaniyatini, xususan, og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarini puxta egallagan bo‘lishi lozimligi haqida fikr yuritilgan. Shuningdek, yuridik nutqdamantiqiy izchillik va aniqlikning mukammal bo‘lishiga ham e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlangan.

Kalit so‘zlar:til, nutq, og‘zaki nutq, yozma nutq, yuridik til, ish yuritish, hujjatchilik, ish yuritish, ish qog‘ozlari, mantiqiy izchillik, aniqlik, oddiy so‘zlashuv nutqi, sheva, adabiy so‘zlashuv nutqi.

Insoniyat hayotida til borliqni bilish va muloqot qilish vositasi vazifasini bajaradi. Til vositasida bashariyat tomonidan o‘zashtirilgan bilimlar nainki qayd etiladi va saqlanadi, balki avloddan avlodga ham yetkaziladi. Til millatning birinchi belgisi, uning ruhiy ko‘zgusidir. Tilda millatning bor-yo‘g‘i, o‘y-fikri, dunyoqarashi, orzu-umidlari, Vatani, his-tuyg‘ulari aks etadi. Tildagi har bir so‘z, uning har bir shakli inson tafakkuri va tuyg‘usining hosilasi bo‘lib, uning yordamida Vatan va xalq tarixi va kelajagi ifodalanadi.

O‘zbek tili milliy ma’naviyatimizning betakror ko‘zgusi sifatida, xalqimizning borligi va birligi belgisidir. Ona tilimizning davlat tili sifatida ijtimoiy turumushimizning barcha sohalarida qonuniy ravishda qo‘llanilayotganligi tilimizni yanada chuqurroq o‘rganishning naqadar ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.

O‘zbek tilida to‘g‘ri, ifodali so‘zlash va yozish, ona tilimizning sofligi va boyligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, uning iste’mol doirasini kengaytirib borish, tilimizdan oqilona foydalanish davlatimiz har bir fuqarosining burchi sanaladi. Respublikamiz ijtimoiy hayoti va xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida davlat tilida jahon o‘lchovlariga mos tarzda ish yurita olish, milliy-ma’naviy qadriyatlarni puxta egallash, o‘z fikrini og‘zaki va yozma shaklda to‘g‘ri ifodalay bilish kabi talablarga barkamol mutaxassislar tayyorlashning muhim sharti sifatida qaraladi. Har bir shaxs o‘z fikrini aniq va ravon ifodalashi uchun til uslublaridan xabardor bo‘lishi, oddiy so‘zlashuvdan tashqari rasmiy ish qogozlarini rasmiylashtirish qoidalarini ham bilishi kеrak. Chunki u kim bo‘lishidan qat‘iy nazar hayotda turli-tuman ish qog‘ozlari yozishga to‘g‘ri kеladi.

U yoki bu darajadagi korxona, muassasa, tashkilot faoliyatini ish yuritish qog‘ozlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ish yuritishning bеvosita asosini hujjatlar tashkil qiladi. Mazmunan, hajman va shaklan bir xil bo‘lgan hujjatlar katta-yu kichik mеhnat jamoalarining uzluksiz faoliyatini tartibga solib turadi. Xususan, har bir kamolotga yetgan shaxs ona tilidagi so‘z boyligini oshirish hamda til imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanishga doimo harakat qilishi foydalidir.

Ma’lumki, zamonaviy mutaxassis o‘z sohasining mohir ustasi bo‘lishi bilan birga, nutq savodxonligi va madaniyatini, xususan, og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarini puxta egallagan bo‘lishi lozim. Har bir kishi fikri va tuyg‘ularini og‘zaki ravon ifodalash barobarida to‘g‘ri va mantiqli yozishni ham uddalay olsagina xalq e’tiboriga tushadi. Yozish amaliy xatolarni bevosita ko‘rish, tuzatish, boyitish imkoniyatini beradi hamda bu jarayonda fikr charxlanadi, ijodiy fikrlash ko‘nikmalari shakllanadi. Shu maqsadda ona tilida nutqini o‘stirish, nutq maqsadi va sharoitiga mos ravishda mustaqil fikrlay olish, so‘z ustida ishlay bilish, xususan, tanlagan kasbga oid ijodiy matn yaratishga, ilmiy va badiiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor berish maqsadga muvofiqdir. Bo‘lg‘usi yuristlar nutqiy faoliyatida kishilarga tushunarli bo‘lgan til vositasida o‘zaro fikr almashishlari, nutqiy aloqaga kirishishlari muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon og‘zaki va yozma tarzda amalga oshadi. Og‘zaki nutqning ikki turi mavjud: oddiy so‘zlashuv nutqi va adabiy so‘zlashuv nutqi. Oddiy so‘zlashuv nutqi tabiiy nutq sifatida namoyon bo‘lib, sheva ta’sirida bo‘lgan kundalik so‘zlashuv nutqining turli ko‘rinishlaridan iborat. Adabiy so‘zlashuv nutqi esa adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda gapirishni taqozo etadi. Yuqori malakali huquqshunoslar ish jarayonida adabiy so‘zlashuv nutqidan foydalanadilar.

Yozma nutq og‘zaki nutqdan so‘ng yozuv ta’sirida paydo bo‘lgan bo‘lib, adabiy tilning imloviy, punktuatsion, uslubiy qonun-qoidalariga bo‘ysunuvchi grafik shakldagi nutqdir. Yozma nutqning mazmuniy bo‘laklari, gaplar, ularning qismlari turli xil tinish belgilari orqali ajratib ko‘rsatiladi. Zamonaviy yuristlarning yozma nutq ko‘nikmalari yuqori bo‘lishi, tilning grammatik va mantiq talablariga javob bera oladigan nutq tuzish qobiliyatiga ega bo‘lishlari muhim omildir. Chunki kishilik jamiyatidagi har qanday huquqiy munosabatlar til vositasida o‘z ifodasini topadi. Aytish mumkinki, til – huquqning yashash shakli. Huquqning targ‘ib va tashviqi, joriylanishi va tarqalishi hamda amal qilishi, albatta, tilsiz ro‘yobga chiqmaydi. Shu bois yaxshi huquqshunos ayni paytda til qoidalarini puxta o‘zlashtirmog‘i, bir so‘z bilan aytganda, til bilimdoni bo‘lmog‘i shart.

Zamonaviy yuristlar so‘z boyligi yuqori, badiiy did baland, o‘z fikrini og‘zaki va yozma ravishda yuqori darajada ifodalay oladigan bo‘lishi zarur. Yurist kadrlar, asosan, rasmiy doirada faoliyat ko‘rsatadilar va davlat nomidan ish olib boradilar. Shu bois ularning faoliyatini rasmiy hujjatlarsiz, muomala madaniyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu kasb egalari nutqida so‘zlar va gaplar o‘rtasidagi ma’noviy-mazmuniy aloqalarning ifodalayotgan fikrdagi mantiqiy mohiyat va uning rivojlanib borishiga mos kelishi, ya’ni mantiqiy talablarning bajarilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Fikr, tafakkur qilish sog‘lom bo‘lsa, nutq ham talab darajasida bo‘ladi. Fikr noto‘g‘ri bo‘lsa, nutq mantiqiy jihatdan tugal bo‘lmasligi aniq. Grammatik jihatdan shakllanmagan nutq ham, nutqda noo‘rin qo‘llanilgan lug‘aviy birliklar, grammatik shakllar ham mantiqqa putur yetkazadi.

Agar yurist tilning butun qoidalarini yaxshi bilsa-yu, o‘zi fikr yuritayotgan mavzuni yaxshi bilmas ekan, nutqning mantiqiyligi yuqori darajada bo‘lmaydi. Nutqda mantiqiylikka erishish uchun,avvalo, bir fikrni ikkinchi fikrga bog‘lay olish, mavzuning muqaddima, asosiy qism hamda xotima qismini to‘g‘ri joylashtira olish, fikr yuritilgan mavzu yuzasidan tegishli xulosalar chiqara olish mahoratini shakllantirish zarurdir. Har qanday voqelik yuzasidan aytilayotgan mulohazalar yuqorida sanab o‘tilgan zaruriy qismlarga ega bo‘ladi, agar bu qismlar tartibi o‘zgartirilsa, mantiq yo‘qolishi, maqsad amalga oshmasligi mumkin. Shuning uchun nutqiy mantiq talabiga muvofiq gaplar o‘rtasida ham izchillik bo‘lishi, ularning birida bayon etilgan fikr ikkinchisi orqali to‘ldirilishi zarur. Bu holat ma’lum bir fikrning tugashiga qadar davom ettirilishi lozim. Gaplar o‘rtasida fikriy izchillik yo‘qolishi bilan mantiqiylikka putur yetadi.

Shuningdek, yuridik nutqda aniqlikning mukammal bo‘lishiga ham e’tibor qaratish lozim. Yuridik nutqning aniqligi ifodalanayotgan fikrga, voqelikka so‘z va terminlarning muvofiq kelishidir. Ya’ni shakl bilan mazmun mutlaqo mos bo‘lmog‘i nutqning aniqligini ta’minlaydigan omildir. Nutqning aniq bo‘lishi uning shakllanishida ishtirok etuvchi nafaqat lingvistik, balki ekstralingvistik omillarga ham bog‘liq bo‘ladi. Bu esa til va tafakkurning o‘zaro aloqadorligi bilan o‘lchanadi. Tabiat va jamiyatdagi narsa-hodisalar hamda voqelik bilan ularning nutqdagi in’ikosi o‘rtasidagi aynan muvofiqlik yuridik nutqning aniqligini ta’minlaydi.

Demak, tushunchalar uchun muqobil bo‘la oladigan so‘zlar, terminlarni o‘z o‘rnida qo‘llay olish; ohang, so‘zlarning bog‘lanishi, so‘zlar tartibi, gap turlarining mazmunga muvofiqligini ta’minlay olish; so‘z va terminlarning ifodalanayotgan fikrga, voqelikka mos kelishi yuristning og‘zaki va yozma nutqining asosini tashkil etmog‘i zarur. Ya’ni voqelikka mos kelmagan, nutqning aniqligi va mantiqiy izchilligiga putur yetgan nutq mukammal bo‘lmaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O‘zbеkistоn Rеspublikаsining Kоnstitutsiyasi. T.:O‘zbеkistоn, 2012.

2. Usmonov S. Yuristning nutq madaniyati. T., 2007.

3. Usmonov S. O‘zbek tili. T., 2012

4.O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Tuzuvchilar: Sh.Raxmatullayev, A.Hojiyev.

5. Rafiyev A., Qo‘nishev J. Hozirgi o‘zbek adabiy tili., T.:2012.

6. Mahmudov N., Rafiyev A., Yo‘ldoshev I. Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish. T.:2014.

7. Sаidоv А., Sаrkisyans G. Yuridik til vа huquqshunоs nutqi. T.: 1994.


Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: