“Qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan muhim eksperiment” mavzusida maqola.

⚖️ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-sonli Farmonida belgilangan vazifalarni mohiyatini yoritish yuzasidan Farg‘ona viloyati yiridik texnikumi pedagog-xodimlari tomonidan maqolalar tayyorlanmoqda.

🔸 Jumladan texnikumning “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Oxunova Zilolaxon Xasanovnaning “Qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan muhim eksperiment” mavzusidagi maqolasi e’lon qilinmoqda.


Qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan muhim eksperiment.

O‘zbekistonda Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish Prezident SHavkat Mirziyoev 2016-yilda hokimiyatga kelganidan keyin boshlangan muhim jarayondir. Islohotlar doirasida davlat boshqaruvining turli sohalarida, jumladan, ma’muriy islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, huquqiy tizimni modernizatsiya qilish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilgan.

Ma’muriy islohotlar davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va davlat hokimiyati organlari samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.12.2022-yildagi 269-sonli «Yangi O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Farmoni mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Mazkur Qaror bilan ixcham, professional boshqaruv tamoyillariga asoslangan va samaradorlikka yo‘naltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspektsiyalarni o‘z ichiga oladigan yaxlit tizimini shakllantirilgan bo‘lib, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilishga yo‘naltirilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25.01.2023 yildagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-14-sonli farmoni bilan belgilangan.

Bunday islohotlar tartib-taomillarni soddalashtirish, byurokratik jarayonlarni optimallashtirish, davlat hokimiyati organlarining shaffofligi va mas’uliyatini oshirish, shuningdek ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirishni o‘z maqsadi qilib qo‘ygan. Ushbu chora-tadbirlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, iqtisodiyotni rivojlantirish va fuqarolarning qoniqish darajasini oshirishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirildi.

Rejalashtirilgan isloxotlarning asosiy maqsadi qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash bo‘lgan. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga qaratilgan isloxotlarning huquqiy asoslarini shakllantirish davom etmoqda.

Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmaganligi bir necha bor yurtboshimiz tomonidan taqidlab o‘tilgan bo‘lib, yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish ishiga kompleks tarzda yondashilmaganligi e’tirof etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF‒80-son “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishga, yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan huquqiy asos hisoblanadi.

Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli farmoni bilan Adliya organlariga qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilangan, 6-ta yangi vazifa yuklatilgan hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan.

Bu Farmonda belgilangan va kiritilgan yangiliklardan biri davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi noqonuniy ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilishidir.

Farmonga ko‘ra vazirlik va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida apellyatsiya kengashlari tashkil qilinadi, ularga ma’muriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqib, qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjatlarni o‘zgartirish, qisman yoki to‘liq bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati berilishi nazarda tutilgan.

Bunday eksperiment o‘tkazilishi ma’muriy huquq va ma’muriy sud ish yuritish sohasida muxim axamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarish hisoblanadi.

Amaldagi ma’muriy huquq sohasiga oid qonunchilikda ma’muriy xujjatlarni ma’muriy shikoyat tartibida ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 231-moddasining 2024-yil 20-fevralgacha bo‘lgan tahririda mavjud bo‘lgan va unga ko‘ra soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin bo‘ladi, deb belgilangan edi.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksning 231-moddasi 1-qismiga muvofiq. soliq organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirililadi.

O‘zbekiston Resppublikasining Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, ma’muriy hujjat manfaatdor shaxsning arizasi yoki ma’muriy shikoyatiga ko‘ra ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ, yuqori turuvchi ma’muriy organ tomonidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan ham bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin, deb belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga muvofiq, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi deb belgilangan.

SHu sababli ham ma’muriy huquq sohasida ma’muriy xujjatlarni ustidan shikoyat berish uchun majburiy ma’muriy tartibni joriy etish fuqarolarni konstitsiyaviy huquqlarini buzadiga degan fikrlar ham mavjud bo‘lgan.

Biroq, Konstitutsiyamiz bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi Prezidentimizning Farmoni bilan eksperiment tariqasida joriy etilgan tartib bilan bunday huquq buzilmaydi.

CHunki, noqonuniy ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqishda qabul qilingan ma’muriy xujjatlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqi har bir shaxsda saqlanib qoladi va Kosntitutsiyamizning 55-moddasi bilan kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.05.2024-yildagi PF-80-sonli farmoni bilan o‘tkazilishi belgilangan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi noqonuniy ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish tartibi birinchi navbatda ma’muriy organlarning mas’uliyatini oshiradi.

Ikkinchidan, fuqarolarni ortiqcha sansalodirlikdan ozod qiladi. Fuqarolar sudga murojaat qilib uchun ortiqcha xujjat yig‘ish bilan ovora bo‘lmaydi.

Uchinchidan, ma’muriy xujjat ustidan shikoyat qilayotgan shaxslarni ortiqcha harajatdan ozod qiladi.

To‘rtinchidan, sudga noqonuniy ma’muriy xujjatga nisbatan murojaat qilayotgan shikoyat (ariza) lar soni qisqaradi.

Beshinchidan, vazirlik va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida apellyatsiya kengashlari tashkil qilinishi va ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqish joriy etilishi, apellyatsiya kengashlarini qarorlarini sudda ko‘rib chiqilishi davlat hizmatlarini ko‘rsatish sohasiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha yagona amaliyotni shakllantiriradi.

Eng asosiysi, bu eksperiment nafaqat ma’muriy organlarni mas’uliyatini va faolligini oshiradi, balki, noqonuniy ma’muriy xujjat bo‘yicha shikoyat qilgan shaxslarni huquqiy ongi oshiradi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaldiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.05.2024 yidagi PF-80-sonli farmoni bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi noqonuniy ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish bo‘ycha huquqiy eksperimenti natijalari bo‘yicha bu tartibni nafaqat davlat hizmatlarini ko‘rsatish sohasiga, balki ma’muriy organlarning barcha ma’muriy aktlariga nisbatan qo‘llash tartibini joriy etishga asos bo‘ladi.

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi

«Mutaxassislik fanlari”kafedrasi o‘qituvchisi

Z.X.Oxunova 2-darajali yurist


Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: