“Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning huquqiy asosi” mavzusidagi maqola

⚖️ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-sonli Farmonida belgilangan vazifalarni mohiyatini yoritish yuzasidan Farg‘ona viloyati yiridik texnikumi pedagog-xodimlari tomonidan maqolalar tayyorlanmoqda.

🔸 Jumladan texnikumning “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Xashimov Ravshan Rayimjonovichning “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning huquqiy asosi” mavzusidagi maqolasi e’lon qilinmoqda.


Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning huquqiy asosi

Zero, o‘z oldiga demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishni maqsad qilib qo‘ygan davlatimizda o‘z-o‘zidan xalqimizning munosib turmush kechirishini taʼminlashga xizmat qiluvchi qonunlarning qabul qilinishi hamda amalda so‘zsiz ishlashi talab etiladi. Ularning mazmun-mohiyatini bilish va qonunlarga rioya qilish mamlakat har bir fuqarosining fuqarolik burchi bo‘lib, albatta, u odamlarning huquqiy ongi, huquqiy bilimi hamda huquqiy madaniyatida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Republikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev: “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishi, avvalambor, tarbiya va muhit bilan bevosita bog‘liqdir”, – deya taʼkidlagan edi.

O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar uchun alohida huquqiy asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvarda qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5618-son farmonini yodga olish va unda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari sifatida “… fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish ‒ demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir” degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash” vazifasi belgilanganligini eʼtirof etish o‘rinlidir.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ularda yurtimizda huquqiy bilimlarni singdirishni hozirgi murakkab va globallashuv davrda yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi belgilab berilgan. Bu vazifa, yaʼni jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, taʼlim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga alohida eʼtibor qaratish, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirish lozimligini qamrab oladi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24-may kuni “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yana-da oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF‒80-son Farmoni qabul qilindi va bu voqelikni jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida tashlangan yana bir muhim qadam, huquqiy asos deb baholash mumkin. Ushbu farmonda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq bir qator vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, biz taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini rivojlantirish, ularning turli salbiy omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida, yoshlarda qonunlarga hurmat, mamlakatga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissi kuchaytirish, yuridik taʼlim muassasalari talabalari tomonidan huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy savodxonlik tadbirlarini tashkil etish hamda samaradorlikni taʼminlashga qaratilgan vazifalarning belgilanganligi quvonarli, albatta.

Ushbu farmon bilan bevosita ko‘rsatilgan vazifalar, yaʼni huquqshunoslik kasbining obro‘si va nufuzini oshirish, yoshlarda ushbu kasbga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘ularini shakllantirish, ularni huquqiy bilim olishga qiziqtirish bo‘yicha amaliy tadbirlarni, taʼlim muassasalarida “huquqiy bilimlar oyligi” o‘tkazib borish va yoshlarning huquqiy bilim olishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan turli huquqiy mavzulardagi seminar-trening va tanlovlarni tashkil qilish borasida ko‘rsatmalar Farg‘ona viloyat yuridik texnikumi pedagog xodimlari hamda o‘quvchilarining yoshlar, aholi hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida olib borayotgan ishlarida yana ham ko‘tarinki kayfiyat baxsh etishi, ilhomlantirishi shubhasiz.

Ayniqsa, bu jarayonlarda yuridik texnikum o‘quvchi-yoshlarining faol hayotiy pozitsiyada bo‘lishlari talab etiladi. Zero, ular mamlakatimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga daxldorlik munosabatida bo‘lishlari lozim. Ular nafaqat o‘zilarning, balki o‘rtoqlarining yurish-turishi, fikrlashiga beeʼtibor bo‘lmasligi kerak. Bugungi kunda Davlatimiz rahbarining bu borada olib borayotgan siyosatlarining negizida ham kelajak avlodning Xalqimizga, Vatanimizga munosib farzand bo‘lib kamol topishlariga umid hissi yotibdi, deyish mumkin.

Xashimov Ravshan Rayimjonovich

Farg‘ona viloyat yuridik texnikumi

“Mutaxassislik fanlari” kafedrasi yetakchi o‘qituvchisi,

3-darajali yurist.


Telegram | Facebook | Instagram | Youtube

Ulashing: