Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish-asosiy vazifamiz” mavzusidagi maqola

⚖️ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-sonli Farmonida belgilangan vazifalarni mohiyatini yoritish yuzasidan Farg‘ona viloyati yiridik texnikumi pedagog-xodimlari tomonidan maqolalar tayyorlanmoqda.

🔸 Jumladan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarining Toshmotova Mahbuba Yursunovnaning “Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish-asosiy vazifamiz” mavzusidagi maqolasi e’lon qilinmoqda.


Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish-asosiy vazifamiz

Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 24-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-son Farmoni qabul qilindi.

Ushbu hujjat mamlakatda tizimli ravishda olib borilayotgan islohotlarning uzviyligi va mantiqiyligini ta’minlashga, shuningdek avval belgilangan maqsadlarni yanada samaraliroq bo‘lishini ta’minlash va ularning ko‘lamini kengaytirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Farmonda adliya organlarining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari belgilanganligi bilan bir qatorda adliya muassasalariga ham qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Bugun O‘zbekistonda har tomonlama shakllangan, zamonaviy tafakkurli yosh avlodni kamolga yetkazish asosiy omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Ta’kidlash joizki, hech qachon ma’naviyat va ma’rifat bilan ta’lim-tarbiya bir-birini inkor etmaydi, aksincha, bir-birini quvvatlab, o‘rnini to‘ldirgan holda rivojlanadi.

Yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish har bir adliya muassasasi xodimining asosiy vazifalaridan biridir. Mazkur jabhadagi muhim vazifa esa yoshlarda huquqiy tarbiya tuyg‘usini shakllantirish va huquqiy tarbiyani huquqiy ta’limga uyg‘unlashtirishdan iboratdir.

Hozirgi globallashuv davrida huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiya masalasi nafaqat professor-o‘qituvchilar, olim va mutaxassislarni, balki keng jamoatchilikni, hatto har bir fuqaroni befarq qoldirmasligi kerak. Chunki huquqiy ongi va madaniyati yuksak yoshlar xalq farovonligi va yurt taqdirini o‘z taqdiri deb biladi.

Bu jihatdan mamlakatimizda 2024-yilni «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» deb nomlanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmonda belgilanganidek maktablarda huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish, o‘quvchilar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasining o‘tkazilishi, “Huquq sinfi” va huquqiy fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab-litsey-texnikum-universitet” tizimini joriy etilishi ham yoshlarni maktabdanoq huquqiy bilimlarini yuksaltirishga va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishlariga xizmat qiladi.

Eng zamonaviy huquqiy ilmlar bilan qurollangan, bilim va tafakkuri keng yoshlarsiz Yangi O‘zbekistonning kelajagini, jahon hamjamiyatidagi mustahkam o‘rnini tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham barkamol avlodni tayyorlashning asosiy vositasi huquqiy ta’lim tizimini isloh etish jarayonida huquqiy tarbiyaning mazmunini yoshlar ongiga singdirishdir.

Shu ma’noda, sifatli huquqiy ta’lim jamiyatdan, hozirgi davrda ro‘y berayotgan jarayonlardan tashqarida sodir bo‘ladigan oddiy hodisa emas. U o‘zida bugungi hayotimizning barcha jabhasida ro‘y berayotgan yangilanishlarning asosiy xususiyatlarini aks ettiradi. Demak, bu Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan va uni har tomonlama mustahkamlashga harakat qilayotgan mamlakatimiz uchun tarixiy zarurat xisoblanadi.

Huquqiy ta’lim va tarbiya — bobolarimiz orzu qilgan fozil odamlarning komil fazilatlarini shakllantiradigan va takomillashtiradigan jarayon desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muxtaram Prezidentimiz o‘zining har bir nutqida yoshlarni tarbiyasi odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyasi bilan bog‘liq masala doimo uni o‘ylantirib kelayotganligini alohida to‘xtalib, jumladan shunday dedi: “Meni doimo o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan yana bir dolzarb masala bu –yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyasi bilan bog‘liq”. Shunday ekan, huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiya jarayonida ishtirok etayotgan barcha shaxslar – ota-ona, mahalladan tortib tarbiyachilar, muallimlar va professor-o‘qituvchilar yoshlarimizning xilma-xil manbalar orqali yot g‘oyalarni aynan huquqiy immunitet orqali yengishlarida ko‘makchi bo‘lishi zarur.

Yoshlarda huquqiy ong va huquqiy tarbiyaning uyg‘unligi jamiyatda mustaqil fikrlovchi erkin shaxsning shakllanishiga olib keladi. O‘zining qadr-qimmatini anglaydigan, irodasi baquvvat, hayotda aniq maqsadga ega bo‘lgan, vatanparvar avlodlarni tarbiyalash imkonini beradi.

Ayrim yoshlarimizning giyohvandlik va jinoyatchilik yo‘liga kirib qolayotgani, oilaviy hayotga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani, ta’lim va tarbiya jarayonida nuqsonlar mavjudligi, o‘quv muassasasi, ota-onalar, keng jamoatchilik, yoshlar tarbiyasiga mas’ul tashkilotlar o‘rtasida izchil va samarali hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganidan darak beradi. Shuning uchun ham bugun huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiyani kuchaytirish, barkamol avlodni tarbiyalash barchaning — jamiyatning, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning burchidir.

Farmonning 6-bandida “Mamlakat kelajagi-qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” g‘oyasi ostida yuridik texnikumlarga ham bir qancha vazifalar yuklatildi. Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish va ularda qonunlarga hurmatni kuchaytirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari, “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlari, bepul huquqiy o‘quv kurslarini joriy etish hamda ta’lim muassasalarida “Huquqiy bilimlar oyligi” va turli seminar-trening va tanlovlarni o‘tkazish yuzasidan ham chora-tadbirlar belgilab olindi.

Hozirgi kunda bu borada Farg‘ona viloyati yuridik texnikumida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, o‘quv jarayonlarini amaliyot bilan birga olib borishga katta ahamiyat berilmoqda.

Viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili doirasida huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Bu esa o‘quvchilarimizning o‘z ustlarida ko‘proq ishlashiga va viloyatimizdagi maktab, litsey va texnikumlarda taxsil olayotgan tengdoshlarining huquqiy tarbiyasini, huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Mahbuba Toshmatova

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi

direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha

birinchi o‘rinbosari, 2-darajali yurist

Ulashing: