«YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI-MUHIM STRATEGIK KUCH SIFATIDA» MAVZUSIDAGI MAQOLA CHOP ETILDI

⚖️ TexnikumI dekan uslubchisi Isroilova Sayyora Bohodirovna hamda 1-bosqich o’quvchisi Toʻxtamatova Shoxsanam Xayrullojon qizining «YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI-MUHIM STRATEGIK KUCH SIFATIDA» mavzusidagi maqolasi O’zbekiston olimlari va yoshlari innovatsion ilmiy-amaliy tadqiqotlari materiallari jurnalining 26-sonida e’lon qilindi.

📖 Maqolada hozirgi kunda yurtimiz yoshlariga berilayotgan imkoniyatlar hamda ularni qoʻllab-quvvatlashda yoshlarga oid davlat siyosatining keng koʻlamli islohotlariga oid fikr- mulohazalar berilgan.


YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI-MUHIM STRATEGIK KUCH SIFATIDA

 Isroilova Sayyora Bohodirovna Fargʻona Yuridik texnikum dekan uslubchisi

Toʻxtamatova Shoxsanam Xayrullojon qizi Fargʻona Yuridik texnikum oʻquvchisi

Annotatsiya: Maqolada hozirgi kunda yurtimiz yoshlariga berilayotgan imkoniyatlar hamda ularni qoʻllab-quvvatlashda yoshlarga oid davlat siyosatining keng koʻlamli islohotlariga oid fikr- mulohazalar berilgan.

Kalit soʻzlari: yoshlarga oid davlat siyosati, harakatlar strategiyasi, Besh muhim tashabbus.

Mamlakatimizda yoshlar masalasi har doim davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarga oid davlat siyosati – bu davlatning demokratik taraqqiyot yo‘lida rivojlanishida yoshlarni muhim strategik kuch sifatida tan olishi, zamonaviy dunyoda yoshlarning ehtiyojlari, ularning mavjud demokratik muhitga to‘g‘ri moslashuviga yo‘naltirilgan qonunchilik va ijro etish xususiyatining yig‘indisi hamda o‘zining yoshlarga nisbatan boshqaruv va ijtimoiy funksiyalarini demokratik siyosiy tizim, xalqaro yoxud milliy huquq normalari talabi darajasida to‘liq bajarishidir. Yosh avlod vakillarining manfaatini, boshqa ko‘pchilik qatlamlar vakillarining manfaatiga qarshi qo‘ymasdan, umummilliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish – yoshlar siyosatining asosiy vazifasidir. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari uchun zamonaviy bilim olish, erkin kasb tanlash hamda oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati tubdan isloh etilib, ularning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilib, qator maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu soha muayyan darajada rivojlantirildi, jumladan, yoshlar huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirishning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish, yoshlarning ijtimoiy- siyosiy tadbirlardagi ishtiroki orqali huquqiy-siyosiy madaniyatining shakllanishi, ularning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligiga zamin yaratuvchi huquqiy baza yaratildi.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan vaqt ichida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil qilindi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi.

Yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Besh muhim tashabbus”ni joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtimizda tashkil etilayotgan yangi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlari, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari, zamonaviy IT-parklar, madaniyat muassasalari va sport inshootlari, mutlaqo yangi namunadagi ta’lim maskanlari — “Prezident maktablari”, “Temurbeklar maktabi”, “Ijod maktablari” bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir bo‘lgan yetuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda olib borilayotgan Yoshlarga oid davlat siyosati davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu yo‘lda ulkan ishlarni amalga oshirilmoqda.

Eng yorqin namuna misolida shuni koʻrsatishimiz mumkinki, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish maqsadida 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi. Bu esa albatta, har bir yoshni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni, ularga keng koʻlamli imkoniyatlar yaratilishini ta’minlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar.

  1. Oʻzbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosatining tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida PF-6017-son. – : 2020
  2. Oʻzbekistonda Yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarori. – : 2021

 

Ulashing: