Ilmiy tashkilotlarning reytingi tuziladi

“Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–6097, 29.10.2020 y.) qabul qilindi.

Farmon bilan Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari tasdiqlandi.

Konsepsiya doirasida, jumladan:

  • ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan milliy reyting tizimi joriy etiladi;
  • 2025 yilga qadar ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 6 baravarga, 2030 yilgacha esa 10 baravarga oshiriladi;
  • innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni moliyalashtirish maqsadida 2021 yilda 2 ta, 2025 yilda 10 ta venchur jamg‘armalari tashkil qilinadi;
  • 7 ta zamonaviy laboratoriya majmualari tashkil etilib, ular GLP va GMP jahon standartlariga mos uskunalar bilan jihozlanadi.

Farmonga muvofiq, 2021 yilda xalqaro mustaqil ekspert kompaniyalarini jalb etgan holda barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyati auditdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan “Akademik harakatchanlik” dasturi joriy qilinadi.

Dastur doirasida, jumladan, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish uchun Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grantlar ajratiladi.

2021 yil 1 yanvardan Ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi joriy qilinadi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.

Ulashing: