Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Ummondan durlar” nomli g‘azalxonlik kechasi o‘tkazildi
2022-yil 9-fevral kuni Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining “Ijodkor yuristlar” to‘garagi tomonidan A.Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Ummondan durlar” nomli g‘azalxonlik kechasi o‘tkazildi.
Tadbir avvalida A.Navoiy ijodi yuzasidan texnikum ustozlari tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Kechada I-bosqich o‘quvchilari A.Navoiy qalamiga mansub g‘azal, ruboiy, tuyuqlarni yod aytdilar, shuningdek, shoirning hikmatli so‘zlarini o‘zbek va ingliz tillarida ifodali o‘qidilar.
Tadbir davomida shoirning “Ey sabo”, “Fido” g‘azallari bilan mumtoz qo‘shiqlar hamda milliy cholg‘u – dutorda mumtoz kuy ijro etildi.
G‘azalxonlik kechasida texnikumda tahsil olayotgan yosh qalamkashlar ham ishtirok etdilar. 13-21 guruh o‘quvchisi S.Ro‘zimuhammedov, 6-20 guruh o‘quvchisi O.Hakimjanovlar Navoiy ijodiga bag‘ishlab yozgan she’rlarini o‘qib berdilar.
Tadbir so‘ngida tomoshabinlar o‘rtasida A.Navoiy ijodi yuzasidan viktorina o‘tkazildi. Ishtirokchilar ulug‘ shoir ijodiga oid qiziqarli savollarga javob berdilar.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodi yuzasidan tashkil etilgan g‘azalxonlik kechasi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.