Adliya vazirligi va USAID ko‘zi ojizlar uchun huquqiy to‘plam ishlab chiqdi

Adliya vazirligi va USAID ko‘zi ojizlar uchun huquqiy to‘plam ishlab chiqdi

2020 yil 10 dekabr kuni Adliya vazirligi va AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda yaratilgan “Ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ- huquqiy hujjatlar to‘plami” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 66 mingdan ziyod ko‘zi ojiz shaxslar va ular ta’lim olishi uchun mo‘ljallangan 14ta maktab-internati mavjud.

Adliya vazirligi AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko‘magida “Ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami”ni ishlab chiqdi. To‘plamda ushbu toifadagi shaxslarning qonunchilikda belgilangan shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy huquqlarini kafolatlaydigan normalar  qamrab olingan.

To‘plam 2 jilddan iborat bo‘lib, 2 ming adadda (jami 4 ming kitob) nashr etilgan hamda unda ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29ta qonun hujjatlaridagi normalar jamlangan. Unda ko‘z ojiz shaxslar uchun qo‘llaniladigan soliq imtiyozlari, qulay mehnat shartlari, ijtimoiy himoya masalalari, shu bilan birga ularning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari o‘z ifodasini topgan.

To‘plamning 1 000 nusxasi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tashkilot va muassasalariga, qolgan 1 000 nusxasi esa ta’lim muassasalari, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga yetkaziladi.

Mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Ularning huquqlari himoyasi borasida ko‘plab me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Imkoniyati cheklangan yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan huquqiy axborotlar bilan tanishishda biroz qiyinchilikka duch kelmoqda edi. Ilk bora yaratilgan mazkur to‘plamning Brayl alifbosida chop etilganligi nogironligi bo‘lgan, xususan ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslarga o‘z huquqlarini o‘rganishga bo‘lgan imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Ulashing: