O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan protsessual kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ustida ishlanmoqda. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Aziz Obidov

Aziz Obidovning aytishicha, jamoatchilikda Baxtiyor Islomov oliy sud raisi sifatida ish boshlaganidan buyon nima qilinyapti, qanaqa ishlar olib borilyapti, degan savol tug‘ilmoqda.

“Aslida bir oy katta o‘zgarishlar qilinishi uchun oz muddat. Lekin bir oy ichida o‘zgarishlarni boshlash uchun vaqt yetarli va bu o‘zgarishlar boshlandi. Prezidentimiz tomonidan Oliy sud tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan. Vazifalardan kelib chiqqan holda inson qadri hamma narsadan ustun degan g‘oya asosida ko‘plab normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar, zamon talabiga, xalqimizga mos keladigan qonuniy adolat va odil sudlovni yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti”, – dedi Oliy sud vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qator protsessual kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

“Loyihalar tayyorlanyapti. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayoni ketyapti, ekspertlar ishlayapti, xorijiy tajriba o‘rganilyapti. Albatta qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritish qisqa vaqtda bo‘lmaydi. Uning o‘ziga yarasha muddati, vaqtlari bor. Bu, avvalambor, kelishiladi, manfaatdor idora va vazirliklar bilan hamfikr bo‘lib, fikr va mulohazalar jamlanib, keyin bu qonun loyihalari qonunchilik palatasiga kiritiladi”, – dedi Aziz Obidov.

 

Ulashing: