«Ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish bugugi kunning dolzarb vazifasi» mavzusidagi maqola!

Ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish bugugi kunning dolzarb vazifasi!

    Hozirgi kunda Respublikamizda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog’cha tarbiyalanuvchilari, o’quvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va ko’nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o’rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlash borasida ta’lim sohasida tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda 2020 yil 6 noyabr` kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-6108-son Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 martga qadar malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni shu jumladan, Finlyandiya davlatining malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda Milliy o’quv Dasturi ishlab chiqilishi, tayanch umumta’lim muassasalari belgilanib, 2021/2022 o’quv yilida ularning ta’lim jarayoniga Dastur tajriba-sinov tariqasida joriy qilinishi ko’zda tutildi.

Shu bilan birga, 2021 yil 1 martdan pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlariga xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish huquqi berilmoqda. 2021 yil 1 sentyabrdan maktabgacha, umumiy o’rta, o’rta maxsus, professional va maktabdan tashqari davlat ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarini attestatsiyadan o’tkazish va ularga malaka toifasini berish bo’yicha hujjatlarni qabul qilish Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining rasmiy web-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshirilishi, pedagog xodimlarga barcha malaka toifalarini berish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilib, bu bo’yicha navbatdagi attestatsiyadan o’tkazganlik uchun yig’im undirilmaydi, navbatdan tashqari attestatsiyadan o’tkazganlik uchun 223 ming so’m miqdorida yig’im undirilishi, umumiy o’rta, o’rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020 yil 1 oyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun qo’shimcha to’lovlar 1,5 baravarga oshirilishi belgilab qo’yildi.

Shuningdek, 2021/2022 o’quv yilidan umumta’lim muassasalarida ishlayotgan, oliy pedagogik ma’lumotga ega bo’lmagan o’qituvchilar uchun bakalavriatning sirtqi ta’lim shakli bo’yicha alohida maqsadli qabul parametrlari ajratilishi, 2021 yil 1 yanvardan olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlashga kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga BHMning 50 baravarida (11 mln 150 ming so’m) bir martalik boshlang’ich yordam puli va ijarada turganlik uchun BHMning 2 baravarida (446 ming so’m) har oylik pul kompensatsiyasi berilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari Farmonga ko’ra, 2022/2023 o’quv yiligacha barcha umumta’lim muassasalarida “Elektron kundalik” dasturi, 2021 yil 1 yanvardan har bir umumta’lim muassasasida Ijodiy-madaniy masalalar bo’yicha targ’ibotchi lavozimi, 2021/2022 o’quv yilidan professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim tizimin joriy etilishi, 2021 yil 1 sentyabrgacha har bir hududda nodavlat, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida kamida bittadan oliy ta’lim muassasasi tashkil etilishi belgilandi.

Yuqoridagi farmonning ijrosi yuzasidan qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-4884-son Qarorida esa, oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi test sinovlari mazmuni maktab dasturlariga moslashtirilishi ko’zda tutilgan.

Mazkur qarorda 2021 yil 1 avgustga qadar bolalarni boshlang’ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlash choralari ko’rilishi, tuman (shahar) xalq ta’limi bo’limlarida yuridik shaxs maqomisiz Bolalarni ijtimoiy-psixologik qo’llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishi, 2021/2022 o’quv yilida psixologiya sohasidagi ta’lim yo’nalishlari bo’yicha davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari esa 30 foizga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu huquqiy hujjatda 2021 yil 1 yanvardan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o’quv dasturlari asosida tuzilib, test sinovi materiallarining ma’no-mazmuni umumiy o’rta ta’lim tizimidagi fanlarning o’quv dasturlariga moslashtirilishi, tuman (shahar) xalq ta’limi bo’limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan Xalq ta’limi xodimlarini rag’batlantirish jamg’armalarini tashkil etilishi, shuningdek, “Pedagog xodimlarning maqomi to’g’risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimizda ta’lim sohasida bu kabi huquqiy hujjatlarni qabul qilinishi va sohada olib borilayotgan islohotlardan asosiy maqsad yoshlarni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog’lom etib tarbiyalash, ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Monitoring va ichki nazorat
bo’limi boshlig’i O.Djo’raev

Ulashing: