Fargʻona viloyat maʼmuriy sudining sudyasi – Matmusayev Iqrorjon Ibroximovichning «Maʼmuriy sudlarga yangi vakolatlar berilmoqda» mavzusidagi maqolasi

Maʼmuriy sudlarga yangi vakolatlar berilmoqda.

Mamlakatimizda oʻtgan davr mobaynida sud hokimiyati nufuzini oshirish, uni oʻtmishdagi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiluvchi mustaqil institutga aylantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish yangi bosqichga koʻtarildi.
Shu munosabat bilan, “Harakatlar strategiyasidan–Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida keyingi besh yillikda mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasining 2-bandida, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yoʻnalishida maqsadlarga erishishga qaratilgan 28 ta chora-tadbir belgilandi.
Ayniqsa, 2022-yil 29-yanvarda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirzmiyoyevning “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-107-sonli Qarori sud sohasini isloh qilishda tub burilish nuqtasini belgilab berdi.
Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida maʼmuriy sudlarning birinchi navbatdagi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini taʼminlash bilan bir qatorda ular huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanishi belgilandi.
Davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan quyidagi:
maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʻz tashabbusi bilan dalillarni yigʻish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yigʻishdi faqat oʻz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish;
huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni koʻrib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazish;
maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qoʻllash;
ommaviy-huquqiy munosabtlaridan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha taraflar oʻrtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish tartiblari belgilanmoqda.
Shuningdek, sudlar tomonidan daʼvo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli boʻlmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish boʻyicha ish yuritishni tugatish taqiqlanmoqda, bunda daʼvo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni koʻrib chiqishga vakolatli sudga oʻtkaziladi.
Maʼmuriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorida aniqlangan holatlar boshqa ishni koʻrayotgan fuqarolik ishlari boʻyicha sud uchun majburiy hisoblanishi belgilanadi.
Bir sud ishi doirasida baʼzilari maʼmuriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talabni birlashtirishni taqiqlanmoqda.
Yuqoridagilarga binoan, ikki oy muddatda sudlar tomonidan daʼvo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni uni koʻrib chiqishga vakolatli sudga oʻtkazish boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi;

uch oy muddatda ommaviy-huquqiy nizolarni hal etish boʻyicha ijobiy xalqaro tajribani inobatga olgan holda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida maʼmuriy sudlar tomonidan davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishi taʼminlanadi.

Fargʻona viloyat maʼmuriy sudining sudyasi – Matmusayev Iqrorjon Ibroximovich.

Ulashing: